Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Sergey Kiriyenko : O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutilgandan ancha ulkan!

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Mehmonlarni markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi.

Tashrif avvalida delegatsiya a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan markazning bosh g‘oyasi, uning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishi va ekspozitsiya mazmuni haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ekskursiya markazning Buyuk siymolar galereyasidan boshlanib, tarixiy bosqichlar izchillikda namoyish etildi. Delegatsiya a’zolari ekspozitsiyalarni katta qiziqish va e’tibor bilan ko‘zdan kechirib, markazda nafaqat islom madaniyati va san’ati, balki ilm-fan, ta’lim va ilohiyot masalalariga ham keng o‘rin berilganini alohida ta’kidladilar.

Delegatsiya a’zolari ekspozitsiyalarda aks etgan turli davrlar, xususan, islomgacha bo‘lgan madaniyat namunalari, Baqtriya va Xorazm sivilizatsiyasi, Buyuk Ipak yo‘li tarixi hamda ularning o‘zaro bog‘liqligi va integratsiyalashgan taraqqiyotidan katta taassurot oldilar. Shuningdek, Birinchi Renessans davridagi ilm-fan taraqqiyoti, jumladan, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xorazmiy kabi buyuk allomalar merosi alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Ekspozitsiyada namoyish etilgan Sug‘d davriga oid metall buyumlar, jumladan, qanotli tuya tasviri tushirilgan kumush idish nusxasi ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu asarning asl nusxasi Davlat Ermitaji kolleksiyasida saqlanishi qayd etildi.

Shuningdek, delegatsiya Imom Buxoriyga bag‘ishlangan bo‘lim bilan tanishdi. Mehmonlar Samarqand yaqinida barpo etilgan zamonaviy memorial majmua va uning keng ko‘lamli tarzda rivojlantirilganini yuqori baholadilar.

Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasi ham alohida qiziqish uyg‘otib, uning o‘ziga xos jihatlari va davlatchilik, madaniyat hamda me’morchilikdagi yuksak yutuqlari ta’kidlandi.

Ekskursiya yakunida Sergey Kiriyenko markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z qaydlarini qoldirib, ushbu maskan haqida chuqur taassurotlarini izhor etdi.

U o‘z so‘zida markazning noyobligi va ahamiyatini alohida ta’kidlab, quyidagilarni qayd etdi:

“Ushbu noyob Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish imkoniyati yaratilgani uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Bu markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yaratilgan. Bu yerda ma’naviy meros va boy tarix yaqqol namoyon etilgan hamda zamonaviy texnologiyalar yordamida to‘liq namoyish qilingan. Islom sivilizatsiyasi markazi islom olamining boy merosini o‘rganish va targ‘ib etishda muhim o‘rin tutadi. Markazga kelgusida yanada rivoj, muvaffaqiyat tilayman. Hurmat bilan, S. Kiriyenko.”

Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov martabali mehmonga 1510-yilda Hirotda ko‘chirilgan Husayn Boyqaro devonining faksimilь nusxasini markaz nomidan sovg‘a qildi. Kitobdan buyuk temuriy hukmdor Husayn Boyqaroning turkiy tildagi g‘azallari, shuningdek Kamoliddin Behzod tomonidan ishlangan 4 ta nodir miniatyura o‘rin olgan.

Delegatsiya a’zolari markaz faoliyatini yuksak baholab, uni noyob ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida e’tirof etdilar hamda kelgusida yana tashrif buyurish istagini bildirdilar.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.