Islom sivilizatsiyasi markazida gid-ekskursovodlar tayyorlashning yangi modeli doirasida psixologik seminar tashkil etildi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan gid-ekskursovodlar tayyorlashning mutlaqo yangi, tizimli modeli amaliyotga joriy etilmoqda. Ushbu yondashuv doirasida gidlarning nafaqat kasbiy bilimi, balki shaxsiy rivoji, psixologik tayyorgarligi va mehmonlar bilan muloqot madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur o‘quv jarayonlarining muhim bosqichlaridan biri sifatida gidlar uchun ikki haftalik mashg‘ulotlar yakunida maxsus psixologik seminar tashkil etildi. Unda psixolog Nargiz Sattarova ishtirok etib, o‘zining amaliy tajribasi va kasbiy bilimlari bilan o‘rtoqlashdi.
Nargiz Sattarova, psixolog:
“Gid — bu markaz va tashrif buyuruvchi o‘rtasidagi eng muhim bog‘lovchi bo‘g‘in. Aynan ularning professionalizmi orqali mehmonda butun markaz haqidagi taassurot shakllanadi. Shuning uchun asosiy tamoyil sifatida “esda qolish” g‘oyasi ilgari surildi — ya’ni har bir gid o‘z uslubi, bilim va muomalasi bilan mehmon xotirasida qolishi zarur.
Urashuv davomida qatnashgan yoshlardagi qiziqish va ishga bo‘lgan munosabat alohida e’tiborga loyiq. Ular uchun bu sohada faoliyat yuritish nafaqat sharaf, balki katta mas’uliyat ekani sezildi. Eng muhimi, ularda o‘z ustida ishlashga va bilimlarni chiroyli tarzda yetkazishga bo‘lgan kuchli intilish bor”.
Seminar davomida ishtirokchilarga mehmonlar bilan muloqot qilish madaniyati, turli auditoriya bilan ishlash, o‘zini erkin tutish hamda ishonch bilan chiqish qilish kabi muhim jihatlar atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, yangi faoliyat oldidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hayajon va qo‘rquvlarni yengish, stress va bosim holatlarini to‘g‘ri boshqarish, kutilmagan vaziyatlarda tez va to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Hilola Olimova, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining uchinchi bosqich talabasi:
“Hozirda biz mutaxassislar tomonidan o‘rgatilyotgan amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lyapmiz. Jumladan, Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov rahbarligida markaz ekspozitsiyalaridagi har bir eksponat, tarixiy shaxslar va madaniy meros haqida batafsil ma’lumotlar oldik. Shuningdek, diktor Dildora Umarova tomonidan notiqlik san’ati bo‘yicha darslar o‘tildi.
Bugun esa Nargiz Sattarova bilan psixologiyaga oid mashg‘ulotlarda ishtirok etdik. Bu darslar davomida mehmonlar bilan to‘g‘ri muloqot qilish, turli vaziyatlarga moslashish va emotsional barqarorlikni saqlash kabi muhim ko‘nikmalarni o‘zlashtirmoqdamiz”.
Trening interaktiv tarzda o‘tkazilib, ishtirokchilar turli mashqlar orqali o‘z ichki imkoniyatlarini kashf etish, muloqot ko‘nikmalarini mustahkamlash va mehmonlar oldida o‘zini munosib tutish bo‘yicha tajriba orttirdilar. Nargiz Sattarova tomonidan berilgan maslahatlar gidlarning kelgusidagi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Alohida qayd etilganidek, mazkur yondashuv gidlarni oddiy axborot yetkazuvchi emas, balki milliy madaniyat va ko‘p asrlik boy tariximizni yuksak madaniyat, mas’uliyat va ta’sirchanlik bilan namoyon etadigan haqiqiy madaniy elchilar sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, xususan, Uchinchi Renessans g‘oyalari bilan hamohang bo‘lib, mamlakatimizning boy madaniy merosini xalqaro maydonda munosib tarzda targ‘ib etishga qaratilgan muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.


