Italiyalik deputatlar hayratda: “Toshkentdagi bu maskan — tarix va kelajakni birlashtirgan noyob markaz”
Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida rasman e’tirof etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Guinness World Recordsning nufuzli unvoniga loyiq ko‘rildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu ulkan majmua bugun nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo jamoatchiligining e’tibor markazida bo‘lib turibdi.
Ana shunday nufuzli mehmonlar safini bu gal Italiya Respublikasi Parlamenti deputatlar palatasi deputati, “Italiya — O‘zbekiston” do‘stlik guruhi rahbari Fabritsio Bensoni boshchiligidagi delegatsiya davom ettirdi. Delegatsiya tarkibida Italiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining o‘rinbosari Anna Amari ham ishtirok etdi.
Mehmonlar Markaz hududiga kirib kelgan dastlabki daqiqalardanoq uning ulkan me’moriy yechimi, mahobati va mukammal loyihasiga yuqori baho berdilar. Xususan, Markazning to‘rtta kirish eshigi va ularning har biri o‘ziga xos ramziy ma’noni anglatishi delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi. Ular asosiy kirish qismi — Ulug‘bek portali orqali kirib, eshik yuqori qismida bitilgan “Alaq” surasi oyatlariga alohida e’tibor qaratdilar.
Sayohat “Buyuk siymolar galereyasi”dan boshlandi. Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarining buyuk allomalari 110 xil rangdagi mikromozaykalar orqali yaratilgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Qo‘l mehnati bilan terilgan ushbu san’at asarlari nafaqat tarixiy, balki estetik jihatdan ham yuqori baholandi.
Islomdan avvalgi davrga bag‘ishlangan bo‘limda esa delegatsiya vakillari insoniyatning ilk sivilizatsion bosqichlari bilan tanishdi. Ayniqsa, tosh davri insonlarining turmush tarzi, ov manzaralari va hayvonlar tasvirining toshlarga tushirilgani ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Baqtriya, Xorazm, Farg‘ona va Choch sivilizatsiyalariga oid bo‘limlar eng ta’sirli qismlar sifatida qayd etildi. Xorazmdagi ilk sug‘orish tizimlarining zamonaviy texnologiyalar orqali tushunarli shaklda taqdim etilgani esa mehmonlarga o‘sha davr muhitini jonli his qilish imkonini berdi.
Fabritsio Bensoni, Italiya Respublikasi Parlamenti deputatlar palatasi deputati, “Italiya — O‘zbekiston” do‘stlik guruhi rahbari:
“Markazning eng ta’sirli jihatlaridan biri — uning me’moriy yechimida qadimiylik ruhi bilan zamonaviylikning uyg‘unlashganidir. Bu yerda interfaol va ko‘p formatli yondashuv qo‘llanilgani tufayli u turli yoshdagi tashrif buyuruvchilarni madaniyat, din va tarix bilan samarali tanishtirish imkonini beradi. Ayniqsa, aynan shu interfaollik va ko‘p yo‘nalishli taqdimot muzeyning eng katta ustunligi sifatida namoyon bo‘ladi.
Markazning Guinness World Records ro‘yxatiga kiritilishi to‘liq asosli va o‘rinli qaror. U o‘z hajmi, ulkanligi va mazmunan boyligi bilan dunyodagi eng yirik va salobatli muzeylardan biri sifatida baholandi. Bu e’tirof mazkur loyihaning ko‘lami va ahamiyatini yanada mustahkamlaydi”.
Birinchi Renessans bo‘limida Saljuqiylar davriga oid tilla buyumlar, ayniqsa hukmdorlik tug‘rosi delegatsiyaning alohida e’tiborini tortdi. Ushbu eksponatlar orqali islom sivilizatsiyasining davlatchilik va madaniyat sohasidagi yuksak darajasi namoyon etilgani ta’kidlandi.
Ikkinchi Renessans bo‘limida esa Amir Temur davri tarixi va madaniyati keng yoritilgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan Qur’oni Karim nusxasi, shuningdek, interaktiv texnologiyalar orqali Amir Temur va uning avlodlari bilan “muloqot qilish” imkoniyati delegatsiya vakillarini hayratga soldi. Ayniqsa, Amir Temur davlatidagi boshqaruv tizimi va diplomatik munosabatlar haqidagi ma’lumotlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi. 22 kilogrammlik Bibixonim libosi esa, ayniqsa, Anna Amarida alohida taassurot qoldirdi.
Anna Amari, Italiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining o‘rinbosari:
“Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zbek xalqining yuksak estetik didini yaqqol namoyon etadigan noyob maskan sifatida katta taassurot qoldiradi. Islom madaniyati jonlilik, rang-baranglik va samimiylik uyg‘unlashgani bilan ajralib turadi. Bu jihat bilan u nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham o‘rnak bo‘la oladi.
Markazning Guinness World Records ro‘yxatiga kiritilishi uning naqadar ulkan va yuksak saviyada amalga oshirilgan loyiha ekanini tasdiqlaydi. Bu e’tirof o‘zbek xalqining katta maqsadlarni amalga oshirishdagi matonati va imkoniyatlarini namoyon etadi”.
“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida taqdim etilgan 2050-yilgacha bo‘lgan taraqqiyot strategiyasi delegatsiya a’zolari tomonidan yuqori baholandi. Ular bu yerda tarix va kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yaqqol his qilganliklarini ta’kidladilar.
Ekskursiya yakunida mehmonlar Markazning eng ta’sirli nuqtalaridan biri — Qur’oni Karim zali bilan tanishdilar. Zal markazida joylashgan VII asrga tegishli Usmon Mushafi, uning atrofida joylashtirilgan 114 ta Qur’on nusxasi va 4 daqiqalik mepping gologramma delegatsiya a’zolarida chuqur hissiy taassurot uyg‘otdi. Ayniqsa, gologramma yakunida 45 tonnalik qandilda O‘zbekiston bayrog‘ining aks etishi mehmonlarda katta qiziqish va hayrat uyg‘otdi.
Tashrif yakunida Italiya delegatsiyasi Markaz faoliyatini yuksak baholab, uni nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun muhim ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida e’tirof etdi. Shuningdek, bunday maskanlar xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladilar.


