“Bu yerga yana kelishni istaysan”: Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov boshchiligidagi delegatsiya

“Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida rasman e’tirof etilib, Guinness World Records ning nufuzli unvoniga loyiq ko‘rilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun yana bir yirik xalqaro delegatsiyani qabul qildi. Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov boshchiligidagi delegatsiya Markaz faoliyati va ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi.
Markaz so‘nggi vaqtlarda mahalliy va xorijiy mehmonlar oqimi ortib borayotgan, yanada gavjum va jozibador maskanga aylangani alohida qayd etildi. Radiy Xabirov uchun mazkur tashrif ilk emas. U Markazga avval, rasmiy ochilish marosimiga qadar ham tashrif buyurganini, shuningdek, ochilishdan keyin yana bir bor kelganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har safar bu maskan unda ilk tashrifdagidek kuchli va yorqin taassurot qoldirmoqda.
Shuningdek, u rafiqasi Karine Xabirova bilan birgalikda Markazda yaratilgan muhit, mazmun va taqdimot darajasi har gal yangi qirralarini ochib borayotganini alohida e’tirof etdi.
Tashrif davomida delegatsiyani Markaz rahbaryati ularning qayta tashrifidan mamnunligini bildirdi. Radiy Xabirov esa Markazning Guinness World Records ga kiritilgani munosabati bilan rahbariyatni alohida tabriklab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu loyiha haqiqatan ham xalqaro e’tirofga munosib ekanini ta’kidladi.
Delegatsiya Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishuvni Islomdan avvalgi davr bo‘limidan boshladi. Bu yerda Qo‘yqirilgan qal’a maketi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Milodiy II–VI asrlarga mansub ushbu yodgorlik o‘z davrida nafaqat aholi manzilgohi, balki observatoriya vazifasini ham bajargani bilan alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Birinchi Renessans davri bo‘limida Samarqand qog‘ozi, 1988-yilga oid Ka’ba yopinchig‘i hamda XII–XIV asrlarda Misrda Mamluklar davrida yaratilgan Ka’ba kalitlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu nodir eksponatlar islom sivilizatsiyasining yuksak madaniy va ma’naviy darajasini yorqin namoyon etuvchi namuna sifatida baholandi.
Radiy Xabirov, Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi rahbari:
“– Bu nihoyatda hayratlanarli majmua, haqiqatan ham betakror. Biroq uning eng muhim jihati faqat tashqi ko‘rinishida emas. Muhtaram Prezident Shavkat Miromonovichning bu markaz haqidagi fikrlari bilan tanishganimda, ular qalbimga chuqur ta’sir qildi. Chunki majmuaning asosiy maqsadi — Islom dinining haqiqiy, ma’rifatparvar va gumanistik mohiyatini keng jamoatchilikka namoyon etishdan iborat. Zero, Islom aslida insonparvarlik, ezgulik, ilm-ma’rifat va taraqqiyotga chorlovchi buyuk dindir. Men bu fikrni O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuv chog‘ida ham alohida ta’kidlaganman. Barcha ishlar aynan shu g‘oyaga asoslanib amalga oshirilayotgani ayniqsa ahamiyatlidir.
Men bu qadar go‘zal va mukammal inshootni ilgari ko‘rmaganman. Bu yerga uchinchi bor tashrif buyurishim ham bejiz emas. Hatto qurilish jarayonida ham ikki marotaba kelib, jarayon bilan yaqindan tanishganman. Bu maskan qalbimga yaqin bo‘lib qolgan va u yerga yana qayta kelish istagini uyg‘otadi.
Ayniqsa, bu yerda Islom olamining eng ulug‘ muqaddas yodgorliklaridan biri — Usmon Qur’oni saqlanayotgani nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Bu nafaqat musulmonlar, balki barcha ziyoli insonlar uchun katta ma’naviy va ilmiy qadriyatdir. Biz ham Qur’onning zamonaviy nusxasini tayyorlaganmiz va uni Ufa shahridagi muzeyimizda ehtiyotlab saqlaymiz. Shu bois bu maskanga nafaqat musulmonlar, balki turli sohalar vakillari ham qayta-qayta tashrif buyurishlari tabiiy.
Muzey ekspozitsiyasi juda puxta va zamonaviy talablar asosida tashkil etilgan. Bu yerda an’anaviy san’at namunalari — mozaika, yog‘och o‘ymakorligi kabi yo‘nalishlar zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan holda namoyon etilgan. Bunday yondashuv yosh avlodga o‘z tarixi va sivilizatsiyasini zamonaviy, ta’sirchan shaklda yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, markazning me’moriy yechimi, har bir jihatining puxta o‘ylangani va mazmunan boyligi alohida e’tirofga loyiq. Ma’lumki, markaz yaqinda — mart oyida faoliyatini boshladi. Tabiiyki, vaqt o‘tishi bilan u yangi eksponatlar va artefaktlar bilan yanada boyib boradi. Demak, bu maskan doimiy rivojlanish jarayonida bo‘ladi. Masalan, bugun men guvoh bo‘lgan mepping-shou avval mavjud emas edi. Shu bois, har bir tashrif davomida yangi jihatlarni kashf etish imkoniyati paydo bo‘ladi, deb hisoblayman.
“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida taqdim etilgan 2050-yilgacha bo‘lgan taraqqiyot strategiyasi delegatsiya a’zolari tomonidan yuqori baholandi. Ular bu yerda tarix va kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yaqqol his qilganliklarini ta’kidladilar.
Tashrif davomida delegatsiya Markazning har bir jihatida davlat rahbarining tashabbusi va bevosita e’tibori mujassam ekanini alohida e’tirof etdi. Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z fikr-mulohazalarini yozib qoldirib, Markazning ilmiy, ma’naviy va madaniy ahamiyatini yuksak baholadilar.


