Ginnes rekordiga kirgan majmua: AQSh elchixonasi xodimlari Islom sivilizatsiyasi markaziga yuqori baho berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga Amerika Qo‘shma Shtatlari elchixonasi xodimlaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar Markazga kirib kelgan ilk daqiqalardanoq uning tashqi ko‘rinishi, ulkanligi va mahobatidan katta taassurot olganliklarini ta’kidladilar. Xususan, 10 gektar maydonda joylashgani, 65 metrlik ulkan gumbazining Toshkent shahri markazidan ham yaqqol ko‘rinib turishi ularni hayratga solgani alohida qayd etildi. Shuningdek, Markazning aynan hajmi va ko‘lami jihatidan Guinness World Recordsga kiritilgani haqiqatan ham asosli ekani e’tirof etildi.
Sayohat “Buyuk siymolar galereyasi”dan boshlandi. Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrining buyuk allomalari tasvirlangani delegatsiya vakillarini hayratga soldi. Qo‘l mehnati bilan yaratilgan ushbu kompozitsiyalar san’at va tarix uyg‘unligining noyob namunasi sifatida e’tirof etildi.
Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida mehmonlar miloddan avvalgi davrlardan to milodiy VIII asrgacha bo‘lgan tarixiy bosqichlar bilan tanishdilar. Ayniqsa, Yunon-Baqtriya davridagi ilk pul tizimini aks ettiruvchi Aleksandr III va Kushon podsholigiga mansub tangalar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Farg‘ona sivilizatsiyasi bo‘limida namoyish etilgan VII–IX asrlarga tegishli qanotli otlar tasviri tushirilgan mato parchalari, kumush va oltin laganlar hamda sopol chavandoz haykalchalari delegatsiyada “samoviy otlar” haqidagi tasavvurlarni yanada boyitdi. Shuningdek, o‘sha davrdagi savdo-sotiq va hayot tarzining zamonaviy texnologiyalar orqali yoritilishi mehmonlarda jonli taassurot qoldirdi.
Lora Braun, AQSh elchisining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi:
“Islom sivilizatsiyasi markazining Guinness World Recordsga kiritilishi to‘laqonli va munosib e’tirofdir. Bu nihoyatda ulug‘vor va mazmunan boy maskan bo‘lib, o‘zbek sivilizatsiyasi nafaqat ushbu mintaqa, balki butun insoniyat uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bu O‘zbekiston uchun katta yutuq, shuningdek Prezident Shavkat Mirziyoyevning muvaffaqiyatli tashabbusidir.
Bu muzeyning yana bir o‘ziga xos jihati — uning interaktivligida. Bu yerda tarix go‘yo jonlanadi: turli zamonaviy usullar orqali qadimgi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hayoti, hatto bugungi kungacha bo‘lgan jarayonlar aniq va ta’sirchan tarzda namoyon etiladi. Taqdim etilgan ma’lumotlarning kengligi, chuqurligi va ularning jonli shaklda yetkazilishi haqiqatan ham insonni hayratga soladi”.
Ikkinchi Renessans bo‘limida esa saroy kutubxonasi ekspozitsiyasi va Amir Temur davridagi bunyodkorlik va ilm-fanga bo‘lgan e’tiborning namoyon etilishi delegatsiyada chuqur taassurot qoldirdi. Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan Qur’oni Karim nusxasi, shuningdek, interaktiv texnologiyalar orqali Amir Temur va uning avlodlari bilan “muloqot qilish” imkoniyati mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, Amir Temur davlatidagi boshqaruv va davlatchilik tamoyillari ular tomonidan yuqori baholandi.
Anna Balog, AQShning Toshkentdagi elchixonasi madaniyat bo‘limi xodimi:
“Men turli muzeylarda bo‘lganman, ammo bu markazga o‘xshash joyni eslay olmayman. U men ilgari ko‘rgan hech bir maskanga o‘xshamaydi — keng ko‘lamli, salobatli va nihoyatda go‘zal.
Amerikalik tashrif buyuruvchilar uchun bu markaz katta ma’rifiy ahamiyatga ega, deb o‘ylayman. Ular bu yerga kelib, O‘zbekiston tarixi va Islom sivilizatsiyasi haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo‘lishadi. Shu orqali bugungi madaniyat aynan shu boy tarixiy ildizlarga tayanib shakllanganini yanada yaxshiroq anglaydilar.
Menimcha, bu markazning eng jozibali jihati — uning har bir qismida mujassam. Bu juda ulkan majmua bo‘lib, qurilishda ishlatilgan marmar, qadimiy oltin buyumlar, turli maketlar, zamonaviy kompьyuter texnologiyalari asosida yaratilgan videomateriallar va interaktiv ekspozitsiyalar — bularning barchasi o‘ziga xos va ta’sirchan. Har bir element tashrif buyuruvchini hayratga soladi va bu maskanni unutilmas tajribaga aylantiradi”.
“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida nafaqat mamlakatning bugungi hayoti va kelajagi, balki xalqaro munosabatlardagi o‘rni ham keng yoritilganini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, AQSh Prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli tomonidan taqdim etilgan kitobning Markazda namoyish etilishi mehmonlarda katta hurmat va qiziqish uyg‘otdi.
Ekskursiya yakunida delegatsiya Markazning eng ta’sirli qismi — Qur’oni Karim zali bilan tanishdi.
Tashrif yakunida Amerika elchixonasi xodimlari Markazni nafaqat muzey, balki tarix, ma’rifat va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unlashgan noyob maskan sifatida yuqori baholadilar. Ular ushbu majmua har bir tashrif buyuruvchi uchun unutilmas taassurot qoldirishini alohida ta’kidladilar.


