“Har bir inson ko‘rishi kerak”: imom-xatiblar Islom sivilitsiyasi markazi haqida
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti rahbariyati hamda respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusidagi qo‘shma dasturining malaka oshirish o‘quvlari doirasida o‘tkazildi.
Shuningdek, tashrif ishtirokchilari uchun maxsus ekskursiyalar tashkil etilib, Markazning ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida tushunchalar taqdim etildi. Mutaxassislar tomonidan o‘quv mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil etish, zamonaviy ta’lim usullarini joriy etish va diniy-ma’rifiy sohada kadrlar salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tashrif davomida mehmonlar markazning keng va mazmunan boy ekspozitsiya zallarini aylanib chiqib, islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlariga oid noyob tarixiy manbalar, arxeologik topilmalar, qo‘lyozmalar va madaniy meros namunalari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, markazda joriy etilgan zamonaviy interaktiv texnologiyalar, xususan sun’iy intellekt asosida yaratilgan vizual yechimlar, allomalar siymosining qayta tiklanishi va tarixiy jarayonlarning mulьtimediyaviy namoyishi ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif davomida imom-xatiblar markazda namoyish etilgan noyob eksponatlar — qadimiy tangalar, kulolchilik va hunarmandchilik buyumlari, tarixiy yodgorliklarga oid maketlar hamda islomiy merosga oid qimmatli ashyolar bilan tanishib, ular orqali xalqimizning boy va serqirra tarixi haqida yanada chuqur tasavvurga ega bo‘ldilar.
Institutning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Bilol Isomiddinov tashrif taassurotlari haqida shunday dedi:
“Bu markaz nafaqat tarixiy merosni jamlagan maskan, balki uni zamonaviy usullarda namoyish etish orqali insonni chuqur o‘yga chorlaydigan, ma’naviy kamolotga yetaklaydigan muhitdir. Bu yerdagi har bir eksponat, har bir zal o‘ziga xos ma’no va mazmunga ega. Ayniqsa, qo‘llanilgan texnologiyalar orqali tarixni jonli tarzda his qilish imkoniyati yaratilgani juda katta ahamiyatga ega. Bunday maskanlar insonda o‘z ildizlariga, ajdodlar merosiga nisbatan yanada chuqur hurmat va qiziqish uyg‘otadi”.
Tashrif ishtirokchilari ham markazdagi muhit ularda unutilmas taassurot qoldirganini ta’kidlashdi. Jumladan, Toshkent shahar Fayzobod jome masjidi imom-xatibi Asroruddin Xushnazarov o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etdi:
“Bugungi tashrifimiz juda mazmunli va ta’sirli bo‘ldi. Bu yerda namoyish etilgan ekspozitsiyalar orqali ajdodlarimizning qanday buyuk ilm-fan va madaniyat egalari bo‘lganini yana bir bor angladik. Har bir eksponat insonni o‘ylantiradi, o‘tmishga nazar tashlashga undaydi. Ayniqsa, Birinchi Renessans davrlariga oid merosni ko‘rish insonda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Bu markaz har bir inson kelib ko‘rishi kerak bo‘lgan maskan, deb hisoblayman”.
Shuningdek, Toshkent viloyati Ohangaron tumani “O‘zar” jome masjidi imom-xatibi ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, shunday dedi:
“Bu yerdagi ekspozitsiyalar xalqimizning qadimdan yuksak madaniyat va ijodkorlik salohiyatiga ega bo‘lganini yaqqol ko‘rsatadi. Qiyin sharoitlarda ham shunday noyob asarlar va buyumlar yarata olgani xalqimizning naqadar iste’dodli ekanini namoyon etadi. Buni ko‘rish va anglash insonda katta ma’naviy o‘zgarish uyg‘otadi”.
Tashrif yakunida imom-xatiblar markaz kutubxonasi faoliyati bilan ham tanishib, u yerda saqlanayotgan boy ma’naviy meros, qo‘lyozmalar va ilmiy manbalar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Mazkur tashrif imom-xatiblarning yurtimiz tarixi va ma’naviy merosiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning ma’rifiy salohiyatini boyitishga xizmat qildi.


