

Yangiliklar
Buxoriy va Termiziy merosi jonlangan maskan: jahonni hayratga solayotgan markaz
Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilganiga hali ko‘p vaqt o‘tmay turib, xalqaro jamoatchilik e’tiborini o‘ziga tortdi.
Markazga tashrif buyurgan mehmonlarni avvalo mikromozaika usulida ishlangan 14 ravoqdan iborat “Buyuk siymolar galereyasi” qarshi oladi. Ushbu galereyaning to‘rtinchi asari bugungi O‘zbekiston hududidan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar - Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy hayoti hamda ilmiy merosiga bag‘ishlangan.
Ta’kidlash joizki, hadisshunoslik - hadislarni jamlash, saralash, tasniflash va sharhlash ilmi islom ilmlarining eng qadimiy va fundamental yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, keyinchalik shakllangan ko‘plab diniy fanlar aynan shu zamin asosida rivoj topgan.
Tarixiy manbalar Movarounnahr hududining hadis ilmi taraqqiyotida alohida o‘rin tutganini tasdiqlaydi. Xususan, IX–XII asrlarda bu mintaqa yirik ilmiy markazga aylangan bo‘lib, bu yerda 3000 dan ortiq muhaddis faoliyat yuritgan. Ular Samarqand, Buxoro, Qarshi (Nasaf), Shahrisabz (Kesh), Termiz, Xiva hamda Toshkent (Shosh) kabi shaharlarda, shuningdek, Ustrushona va Farg‘ona vodiysi hududlarida samarali ilmiy faoliyat olib borgan.
Mazkur makonlarda shakllangan ilmiy muhit hadis ilmining tizimlashuvi va yuksalishida muhim omil bo‘lib xizmat qilgan.
Imom al-Buxoriyning “Al-Jome as-sahih” asari islom olamida eng ishonchli hadis to‘plamlaridan biri sifatida tan olingan. Unda hadislarni saralashda qat’iy ilmiy mezonlarga amal qilingan bo‘lib, rivoyatchilar zanjiri chuqur tahlil etilgan va faqat sahih hadislar jamlangan. Ushbu asar asrlar davomida islom ilmlari rivojida muhim manba bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Imom at-Termiziy esa “Al-Jome as-sunan” asari orqali hadislarni ularning darajasi va amaliy ahamiyatiga ko‘ra tizimlashtirgan. Ushbu to‘plamda hadislar “sahih”, “hasan” va “zaif” kabi toifalarga ajratilib, ilmiy asosda bayon qilingan. Bu yondashuv hadis ilmining yanada rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
Bu ikki alloma tomonidan tuzilgan hadis to‘plamlari "Al-kutub as-sitta" ("olti kitob"), ya’ni Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bilan bog‘liq hadislarning eng ishonchli oltita to‘plami qatoriga kiradi. An’anaga ko‘ra, ushbu to‘plamlarning sanog‘i Imom Buxoriyning "al-Jomas-sahih" (“Ishonchli to‘plam”)idan boshlanadi. Qolgan to‘plamlar mualliflari – Imom Muslim (821-875), Imom Abu Doud (817-889), Imom Ibn Moja (824-886), Imom Nasoiy (v. 915) va Imom Termiziy ham bu tartibni ma’qullab, "al-Jome as-sahih"ni eng a’lo to‘plam sifatida e’tirof etishgan. Binobarin, bu asar islomning Qur’oni karimdan keyingi o‘ringa qo‘yiladigan birlamchi yozma manbasi hisoblanadi. Imom Buxoriyni o‘zining ustozi deb bilgan Imom Termiziy qalamiga mansub "Sunan at-Termiziy" to‘plami ham “olti kitob”dan biridir.
Asarga kiritilgan asosiy syujetlar quyidagi yo‘nalishlarda tasniflanadi: o‘rta asr musulmon olimlarining koinot haqidagi tasavvurlarini ifodalovchi galaktika manzarasi, islomning ilm-ma’rifat dini ekanini ta’kidlovchi va markazida “Alloh samolar va Yerning nuri” mazmunidagi oyat bitilgan Quyosh obrazi.
Shuningdek, asarda bosh qahramonlar tomonidan yaratilgan hadis to‘plamlarining arabcha nomlari, ularning qadimiy qo‘lyozmalaridan ko‘chirilgan sahifalar hamda tarixiy voqealarni aks ettiruvchi o‘rta asr miniatyuralari o‘rin olgan. Jumladan, Bag‘dod ulamolari tomonidan Imom al-Buxoriyning sinovdan o‘tkazilishi hamda Imom at-Termiziyning xalq tomonidan e’tirof etilishi tasvirlangan sahnalar kiritilgan.
Bundan tashqari, IX–X asrlarga xos epigrafik yozuvlar, rang-barang koshin bezaklari (mayolika) hamda boshqa tasviriy unsurlar asarning umumiy badiiy kompozitsiyasini boyitgan holda uyg‘unlashtirilgan.
Zohidulla Munavvarov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi:
“Asarning o‘rta qismida ikki muhaddis obrazlari ustoz va shogird ilmiy mubohasasi ko‘rinishida gavdalantirilgan. Ularning atrofida ikki buyuk muhaddisning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq yirik ilm markazlari – Makka, Madina, Bag‘dod, Qohira, Xuroson shaharlari ko‘rinishlari jonlantirilgan. Shuningdek, qahramonlar dunyoga kelgan joylarga ramziy ishora sifatida Buxorodagi Minorai Kalon va Jarqo‘rg‘ondagi tarixiy minora tasvirlangan.”
Asarning umumiy g‘oyasini mujassam etgan “Ilm – bu dunyoda izzat, oxiratda sharafdir” hadisi quyi yarusning (pastki ekspozitsiya qismi) yuqori qismida joylashtirilgan bo‘lib, u o‘rta asrlarda faoliyat yuritgan hadisshunoslik markazlari vakillariga bag‘ishlangan kompozitsiyaning muhim ma’naviy o‘zagini tashkil etadi.
Ushbu qatlamda turli hududlar va xalqlarga mansub olimlar tasviri berilib, ular musulmon dunyosida shakllangan hadisshunoslik an’analarining davomchilari sifatida ramziy ifodalangan. Mazkur ilmiy maktablar Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy kabi buyuk muhaddislar asos solgan ilmiy merosning davomiyligini aks ettiradi.
Asarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va rahbarligi ostida Samarqand viloyati Chelak tumanida bunyod etilgan Imom Buxoriy ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi ham o‘z ifodasini topgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘limida Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziyga bag‘ishlangan alohida kapsulalar tashkil etilgan. Ushbu ekspozitsiyalar allomalarning hayot yo‘li, ilmiy safarlari va boy merosini zamonaviy muzey yondashuvlari asosida yoritib beradi.
Imom Buxoriy kapsulasida noyob qo‘lyozmalar, safar yo‘nalishlarini aks ettiruvchi xaritalar, ilmiy manbalar hamda turli artefaktlar jamlangan. Xususan, islom olamida eng ishonchli hadis to‘plamlaridan biri sifatida e’tirof etilgan “Al-Jome as-sahih” va “Sulosiyot al-Buxoriy” qo‘lyozmalari ekspozitsiyaning markaziy o‘rnini egallaydi. Ushbu bo‘lim orqali hadis ilmining yuksak darajasi hamda allomaning jahon sivilizatsiyasidagi beqiyos o‘rni yaqqol namoyon bo‘ladi.
Alohida kapsula Imom at-Termiziyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda allomaning mashhur “Sunani Termiziy” asari (mulyaj) hamda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning fazilatlariga oid “Ash-shamoil al-muhammadiyya” asari muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, ekspozitsiyada Hakim Termiziyning Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan “Fotiha va Baqara suralari tafsiri” hamda hadis ilmini sharhlovchi “Navodir al-usul” asarlarining qo‘lyozmalari ham namoyish etilgan.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.