Islom sivilitsiyasi markazi Norvegiya elchisini tarix va zamonaviylik uyg‘unligi bilan maftun etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Norvegiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Xelen Sand Andresen tashrif buyurib, Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonga muzeyning barcha ekspozitsiya zallari bo‘ylab batafsil ma’lumot berildi. Elchida alohida taassurot qoldirgan jihatlardan biri Markazning markaziy kompozitsion elementi hisoblangan, uzunligi qariyb 250 metrga cho‘zilgan “Vaqt devori” bo‘ldi. Ushbu noyob ekspozitsiyada xalqimizning uch ming yillik davlatchilik tarixi bareleflar, miniatyura namunalari hamda mahobatli rang tasvir asarlari orqali yaxlit badiiy konsepsiya asosida aks ettirilgan.
“Vaqt devori” bo‘ylab joylashtirilgan turli davrlarga oid eksponatlar, numizmatika namunalar, tarixiy xaritalar, videoroliklar va interaktiv o‘yinlar esa tarixni zamonaviy talqinda anglash imkonini yaratadi. Ayniqsa, yuqori mahorat bilan ishlangan barelef kompozitsiyalari elchi e’tiborini o‘ziga tortdi.
Tashrif davomida elchi “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans poydevori” bo‘limi bilan ham tanishdi. Ushbu ekspozitsiyada mamlakatning boy turistik salohiyati, hududlardagi tarixiy-me’moriy obidalar, milliy hunarmandchilik namunalari hamda o‘zbek milliy cholg‘u asboblari keng namoyish etilgan. Mazkur bo‘lim mehmonlarda O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti va madaniy merosiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Shuningdek, xalqimizning kundalik turmush tarzi, urf-odatlari va zamonaviy hayotini aks ettiruvchi videomateriallar hamda boshqa interaktiv ma’lumotlar bilan ham tanishdi.
Xelen Sand Andresen, Norvegiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
“O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi menda juda katta taassurot qoldirdi. Rostini aytsam, u kutganimdan ham ancha yuqori darajada ekan. Majmua yuksak did va puxta o‘ylangan yondashuv asosida barpo etilgani yaqqol sezilib turadi. Eng muhimi, bu maskan barcha yosh toifalarini — bolalardan tortib keksa avlod vakillarigacha — o‘ziga jalb qila oladi. Bu yerda har kim o‘zi uchun qiziqarli va mazmunli jihat topadi. Ayniqsa, interaktiv yondashuv tashrif buyuruvchini faol o‘rganishga undaydi.
Men ilgari ushbu mintaqada bir necha yil yashaganman va Markaziy Osiyo tarixi haqida yetarlicha tasavvurga egaman, deb o‘ylardim. Biroq bugungi tashrif davomida juda ko‘p yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Shu jihatdan, mazkur markaz tarixiy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy shaklda kelajak avlodlarga yetkazishning yorqin namunasidir.
Meningcha, bu maskan muhim bir haqiqatni yaqqol namoyon etadi: taraqqiyot, ilm-fan va bilim tinchliksiz mavjud bo‘la olmaydi. Jamiyatda barqarorlik va insonlar uchun munosib sharoit yaratilgan bo‘lishi zarur — oddiy mehnatkashlardan tortib olimlargacha.
Aynan shunday muhitda insoniyat taraqqiy etadi: hamkorlik orqali, o‘tmishni unutmasdan, tarixni asrab, birgalikda oldinga intilish orqali.
Ma’lumki, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida bu mintaqa ilm-fan va madaniyat markazi sifatida dunyoda yetakchi o‘rinni egallagan.
Qiziq jihati shundaki, mening yurtim tarixida aynan o‘sha davrlar Vikinglar davriga to‘g‘ri keladi va u ko‘proq harbiy yurishlar bilan esda qolgan. Shu ma’noda, bu yerda namoyon etilayotgan yuksak taraqqiyot biz uchun ham muhim saboqdir — jamiyat qanday rivojlanishi, qo‘shnilar bilan qanday munosabat o‘rnatilishi, qonun ustuvorligi va xalqaro tartib-qoidalarga hurmat bilan yondashish zarurligini anglatadi.
Aynan shu qadriyatlar asosida biz tinchlik va barqaror taraqqiyot sari birgalikda intilishimiz mumkin.”


