Turkiya Respublikasi Savdo vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya Islom sivilizatsiyasi markazida

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi navbatdagi nufuzli xalqaro delegatsiyani qabul qildi. Turkiya Respublikasi Savdo vazirining o‘rinbosari Sezai Ucharmak boshchiligidagi delegatsiya Markaz faoliyati, uning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlari hamda zamonaviy ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlar Markazda yaratilgan boy mazmun, chuqur ilmiy yondashuv va tarixiy merosning innovatsion texnologiyalar orqali taqdim etilishiga yuqori baho berdilar. Ayniqsa, Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston — Yangi Renesans poydevori bo‘limlarini yorituvchi ekspozitsiyalar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Qayd etilganidek, mazkur Markaz nafaqat an’anaviy muzey, balki tashrif buyuruvchilarni tarix bilan interaktiv muloqotga chorlaydigan, ularni ilmiy va ma’naviy jihatdan boyitadigan zamonaviy makon sifatida shakllangan. Bu yerda eksponatlar nafaqat ko‘rsatiladi, balki multimedia, raqamli texnologiyalar va vizual yechimlar orqali jonli tarzda namoyon etiladi.
Sezay Ucharmak Markaz haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, uning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
“Men uchun eng katta qiziqish uyg‘otgan jihat — turkiy xalqlarning Islom bilan tanishgandan keyin qanday yutuqlarga erishganini aks ettiruvchi bo‘lim bo‘ldi. Xususan, zamonaviy davrgacha bo‘lgan ushbu bosqich juda ta’sirli. Bu kabi mazmun va yondashuvni boshqa joylarda uchratish qiyin.
Shu ma’noda, markazda mazkur jarayonlar keluvchilarga chuqur mazmun va tushunarli shaklda yetkazilayotgani alohida e’tirofga loyiq. Umuman olganda, bu markaz o‘zining o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, turklar Islom bilan tanishgandan so‘ng yangi ruh bilan dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasi, shuningdek, G‘arbdagi Renessans jarayonlariga muayyan darajada manba bo‘lganini bu yerda aniq va ta’sirchan tarzda ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, faqat mazkur markaz emas, balki umumiy hisobda O‘zbekistondagi o‘zgarishlar ham e’tiborga molik. Men bu yerga yilda bir-ikki marta kelib turaman va har safar turli sohalardagi sezilarli taraqqiyotga guvoh bo‘laman. Bu esa yuksak ahamiyatga ega madaniy tashabbuslar samarasi ekanini ko‘rsatadi. Ushbu ishlarga hissa qo‘shgan barchani tabriklash joiz.
Bugungi kunda nafaqat Markaz, balki O‘zbekiston va uning yirik shaharlari ham muhim turistik yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, Turkiyadan mamlakatning asosiy shaharlariga har kuni bir necha marotaba amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar soni ortib borayotgani bu jarayonning jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Insonlar bu yurtning tarixi va madaniyatini asta-sekin kashf etib bormoqda.”
Delegatsiya vakillari Markazda qo‘llanilgan zamonaviy texnologiyalar — multimedia tizimlari va raqamli vizualizatsiya imkoniyatlarining alohida e’tiborga loyiqligini ta’kidladilar. Shuningdek, ushbu makonda tashrif buyuruvchilar nafaqat kuzatuvchi, balki jarayon ishtirokchisi sifatida his etishi, ekspozitsiyalarni chuqur anglashi va tarixiy muhitga “sho‘ng‘ib ketgandek” taassurot olishlari qayd etildi.
Tashrif yakunida delegatsiya Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy, ma’naviy va madaniy ahamiyatini yuqori baholab, uning nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqadagi nufuzli ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi.


