

Yangiliklar
Qadimgi Sug‘d kumush idishlaridagi qush tasvirining siri
Markaziy Osiyoning qadimgi tarixiga nazar tashlasak, ayrim san’at asarlari borki, ular orqali butun bir davrning dunyoqarashini anglash mumkin. Sug‘d madaniyatiga oid kumush idishlar — ayniqsa qush tasviri tushirilgan laganlar — ana shunday noyob yodgorliklar sirasiga kiradi. Bugungi kunda ushbu artefaktlar O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining islomdan avvalgi davr bo‘limida saqlanmoqda va o‘zining chuqur ramziy mazmuni bilan tadqiqotchilar e’tiborini tortadi.
Birinchi artefakt — VI–VII asrlarga oid kumush lagan. Uning baland oyoqchasi va markazidagi medalьon kompozitsiyasi darhol ko‘zga tashlanadi. Medalon ichida uzun dumli qush relef tarzida juda nozik ishlangan. Bu tasvirda ortiqcha bezak yo‘q, ammo shaklning o‘zi kuchli estetik ta’sir uyg‘otadi. Qushning tanasi yengil, silueti esa aniq — bu ustalarning yuksak mahoratini ko‘rsatadi.
Ikkinchi artefakt esa VI–VIII asrlarga oid zarhal kumush lagan bo‘lib, murakkab va tantanavor kompozitsiyaga ega. Markazda boshida nimb va diadema taqqan ulug‘vor qush tasvirlangan. Aynan shu detal — nimb — mazkur artefaktning eng muhim ramziy unsurlaridan biridir.
Xo‘sh, nimb nima? Nimb — bu bosh atrofida tasvirlanadigan nurli halqa bo‘lib, u qadimdan muqaddaslik va ilohiylik belgisi sifatida qo‘llanilgan. Turli madaniyatlarda u turlicha talqin qilingan, ammo asosiy ma’no deyarli bir xil: u oddiy mavjudotni ilohiy darajaga ko‘taradi. Sug‘d san’atida ham nimb aynan shu ma’noni anglatadi — ya’ni tasvirlangan obraz osmoniy kuch bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Demak, lagandagi qush oddiy jonzot emas, balki ilohiy baraka va yuksak maqom timsolidir.
Bundan tashqari, qush bo‘ynidagi diadema — ya’ni bezakli taqinchoq — hokimiyat va ulug‘lik ramzidir. Bu ikki unsur birlashganda, tasvir yanada chuqurlashadi: qush bir vaqtning o‘zida ham muqaddas, ham hukmron kuch timsoliga aylanadi. Uning tanasidagi bargsimon naqshlar tabiat va hayot bilan bog‘liqlikni ifodalasa, dum qismidagi egri chiziqlar harakat va davomiylikni bildiradi. Fonning o‘rama naqshlar bilan bezatilgani esa abadiy hayot va yangilanish g‘oyasini kuchaytiradi.
Dilorom Choriyeva, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi:
“Qadimgi Sug‘d san’atida qush obrazi bejiz tanlanmagan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, qush qadim zamonlardan beri osmon va yer o‘rtasidagi vositachi sifatida qaralgan. U erkinlik, ruhiy yuksalish va ilohiy nur timsolidir. Shu sababli marosimiy idishlarda aynan qush tasviri keng qo‘llangan. Bu idishlar oddiy maishiy buyum emas, balki saroy marosimlari va muhim tantanalarda ishlatilgan”.
Bu artefaktlar Sug‘d san’atida tasviriy obrazlar shunchaki bezak emas, balki murakkab ma’naviy va mafkuraviy tizimning muhim qismi bo‘lganini ko‘rsatadi. Qush timsoli orqali ilohiy nur, ruhiy yuksalish, hokimiyat va abadiylik g‘oyalari uyg‘unlashtirilgan. Bu esa qadimgi jamiyat dunyoqarashi faqat estetik emas, balki chuqur kosmologik va falsafiy asoslarga ega bo‘lganini anglatadi. Artefaktlar orqali inson, tabiat va ilohiy olam o‘rtasidagi bog‘liqlik yaqqol namoyon bo‘ladi.
Professor Aleksandr Naymark fikriga ko‘ra, bunday asarlar Sug‘d zargarlik san’atining eng mukammal namunalaridandir. Tadqiqotchi Julian Raby esa bu kabi buyumlar Markaziy Osiyo badiiy an’analarining uzluksizligini ko‘rsatishini ta’kidlaydi. Akademik Akbar Hakimov ham ushbu artefaktlar bevosita hozirgi O‘zbekiston hududi bilan bog‘liq bebaho meros ekanini qayd etadi.
Uslub jihatidan bu idishlar Britaniya muzeyi, Luvr muzeyi va Metropoliten muzeyi to‘plamlaridagi namunalarga yaqin. Ammo ularning eng katta afzalligi — juda yaxshi saqlangani va kompozitsiyaning sof holda bizgacha yetib kelganidir.
Bu ikki artefakt oddiy kumush idish emas. Ular orqali biz qadimgi Sug‘d jamiyatining e’tiqodi, san’atga munosabati va dunyoqarashini ko‘ramiz. Qush obrazi esa bu qarashlarning markazida turadi: u ilohiy nur, erkinlik va abadiylik timsolidir. Shu bois bu buyumlar nafaqat tarixiy yodgorlik, balki ajdodlarimizning ma’naviy merosining yorqin ifodasidir.
Laylo Abduqaxxarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.