Ichki ishlar organlari xodimlari Markazda tarixni qayta kashf etmoqda
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ichki ishlar organlari tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun muhim ma’rifiy maydonga aylandi. Ushbu tashrif 16 apreldan buyon joriy etilgan o‘quv-seminar dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilar uchun nazariy bilimlarni boyitish bilan birga, tarix va ma’naviyatni chuqur anglash imkonini ham yaratdi.
Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasi ichki ishlar organlari xodimlari uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Miloddan avvalgi davrlardan to milodiy VIII asrgacha bo‘lgan jarayonlar izchillik bilan yoritilgan ushbu bo‘limda insonlarning turmush tarzi, ov manzaralari va devoriy tasvirlar orqali ifodalangan hayot tarzi jonli tasavvur uyg‘otdi. Qadimgi davlatchilik shakllari, ilk shahar madaniyati, savdo yo‘llari va pul muomalasiga oid topilmalar, jumladan qadimiy tangalar ekspozitsiyasi xodimlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda jamiyat taraqqiyotining ilk bosqichlari zamonaviy texnologiyalar orqali tushunarli va ta’sirchan shaklda namoyon etilgani alohida e’tirof etildi.
Farg‘ona, Baqtriya, Xorazm va Choch sivilizatsiyalari bo‘limlarida namoyish etilgan artefaktlar, xususan, qanotli otlar tasvirlari, noyob mato parchalari, qimmatbaho metall buyumlar va sopol haykalchalar orqali qadimgi madaniyatning yuksak darajasi yaqqol namoyon bo‘ldi. “Samoviy otlar” haqidagi tarixiy qarashlar, savdo aloqalari va hayot tarzi haqidagi ma’lumotlar ishtirokchilarning tasavvurini yanada boyitdi.
Birinchi Renessans bo‘limida ilm-fan va ma’rifatning yuksalish bosqichi keng yoritilgan. Saljuqiylar davriga oid nodir zargarlik buyumlari, hukmdorlik ramzlari va me’moriy inshootlar modellari orqali o‘sha davrning siyosiy va madaniy muhiti jonlantirildi. Ayniqsa, Buxorodagi Chashmayi Ayub majmuasining qurilish uslubi, muhandislik yechimlari va me’morlarning mahorati xodimlarda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda ilm va dinning uyg‘unligi, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni alohida his etildi.
G‘ulom Isamov, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi podpolkovnigi:
"Birinchi va Ikkinchi Renessans bo‘limlari menga alohida ta’sir qildi. Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fan, davlatchilik va ma’naviyat sohasida qanday yuksak darajaga chiqqanini ko‘rish mumkin. Bunday merosni ko‘rish insonga faxr tuyg‘usini bag‘ishlaydi".
“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida mamlakatning bugungi taraqqiyoti va kelajak strategiyasi yoritildi. Davlatchilik g‘oyasi, boshqaruv madaniyati va zamonaviy islohotlar bir butun konsepsiya sifatida taqdim etilgani xodimlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning yutuqlari va kelajakka qaratilgan strategik rejalar ichki ishlar organlari vakillari tomonidan yuqori baholandi.
Markazning yuragi — Qur’oni Karim zaliga tashrif buyurdi. 4 daqiqalik mepping-gologramma esa har bir ishtirokchida unutilmas hissiy taassurot qoldirdi.
Jumanazorova Shaxnoza, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi safdor:
"Qur’oni Karim zalidagi muhitni so‘z bilan ifodalash qiyin. Mepping-gologramma, muqaddas mushaf va zalning umumiy arxitekturasi inson qalbiga chuqur ta’sir qiladi. Bu yerda inson nafaqat ma’lumot oladi, balki ma’naviy jihatdan ham boyiydi".
Ichki ishlar organlari xodimlari Markaz kutubxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda jamlangan nodir manbalar, qo‘lyozmalar, ilmiy adabiyotlar va zamonaviy tadqiqotlar ichki ishlar xodimlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, tarix, din, davlatchilik va huquqiy madaniyatga oid manbalarning bir joyda jamlangani ular uchun muhim ilmiy baza sifatida baholandi.
Oybek Burxonov, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi katta leytenant:
"O‘quv-seminar doirasida bu yerga kelganimiz juda to‘g‘ri qaror bo‘lgan. Chunki bu yerda olgan bilimlarimiz xizmat faoliyatimizda ham qo‘l keladi. Inson ma’naviy jihatdan kuchli bo‘lsa, u o‘z vazifasini ham yuksak darajada bajaradi.”
Tashrif yakunida o‘quv-seminar ishtirokchilari uchun Markazning bunyod etilishi, uning g‘oyasi va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli filьm namoyish etildi. Ushbu filьm orqali ishtirokchilar Markazning yaratilish tarixi, uning ilmiy va ma’naviy ahamiyati haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘ldilar.
Delegatsiya a’zolari qayd etganidek , bu tashrif ular uchun nafaqat bilim manbai, balki xizmat faoliyatida muhim bo‘lgan ma’naviy tayanchni mustahkamlashga xizmat qildi. Markaz esa ular uchun tarixni anglash, milliy qadriyatlarni his qilish va kelajakka boshqacha nigoh bilan qarash imkonini beruvchi o‘ziga xos makon sifatida namoyon bo‘ldi.


