Ipakka ko‘chgan tarix — Boburiylar nafasi jonlangan panno

Hindistonning Boburiylar davriga oid, taxminan 1800-yillarga mansub ipak kashtali panno Sharq bezak san’atining yuksak bosqichini namoyon etuvchi noyob asarlardan biridir. Bugungi kunda ushbu artefakt O‘zbekiston hududiga olib kelingan bo‘lib, Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi renessans bo‘limi — Boburiylar sektorida saqlanmoqda. Buyuk Britaniyaning mashhur auksionida xarid qilingan mazkur panno nafaqat estetik jihatdan, balki tarixiy va madaniy aloqalar nuqtayi nazaridan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Kashtachilik san’ati insoniyat tarixida juda qadimiy ildizlarga ega. Tadqiqotlarga ko‘ra, ilk kashtachilik elementlari miloddan avvalgi davrlardayoq Sharq va Xitoy hududlarida paydo bo‘lgan. Keyinchalik bu san’at Buyuk ipak yo‘li orqali Markaziy Osiyo, Eron va Hindistonga keng tarqalgan. Ayniqsa, islom tarqalgan davrda kashtachilik nafaqat maishiy buyumlarni bezash vositasi, balki estetik va ramziy ifoda shakliga aylangan. Har bir naqsh, har bir gul yoki hayvon tasviri muayyan ma’no yuklagan.
Boburiylar davrida kashtachilik san’ati o‘zining eng yuqori cho‘qqilaridan biriga yetdi. Bu davrda saroy ustaxonalarida yaratilgan asarlar murakkab kompozitsiyasi, ranglar uyg‘unligi va nozik ishlovi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, gullar, daraxtlar, qushlar va hayvonlar tasviri keng qo‘llanilgan. Bu motivlar tasodifiy emas edi — ular jannat bog‘i, abadiy hayot va ilohiy go‘zallik timsoli sifatida talqin qilingan.
Mazkur pannoda ham aynan shu g‘oyalar mujassam. Kompozitsiya markazida tovus tasvirlangan medalyon joylashgan. Tovus Sharq madaniyatida go‘zallik, abadiylik va jannat ramzi sifatida qaraladi. Uning atrofida papugaylar joylashtirilgan bo‘lib, ular quvonch, hayotiylik va tabiat uyg‘unligini ifodalaydi. Bularning barchasi gullab turgan novdalar bilan o‘ralgan. Bu esa “gullagan bog‘” konsepsiyasini yaratadi — ya’ni inson orzu qilgan mukammal, uyg‘un va abadiy makon tasviri.
Pannoda sher va bug‘u tasvirlarining ham mavjudligi kompozitsiyani yanada boyitadi. Sher — kuch va hokimiyat timsoli, bug‘u esa nafislik va ruhiy poklik belgisi sifatida talqin qilinadi. Bu hayvonlar o‘zaro uyg‘unlikda tasvirlanib, tabiatdagi muvozanat g‘oyasini ifodalaydi. Demak, asar faqat bezak emas, balki murakkab falsafiy mazmunni o‘zida mujassam etgan vizual tizimdir.
Ushbu pannoni yanada qiziqarli qiladigan jihat — uning Markaziy Osiyo kashtachilik an’analari bilan yaqinligidir. Xususan, Shahrisabz, Toshkent va Piskent hududlarida yaratilgan suzanalar bilan o‘xshashlik yaqqol seziladi. Bu o‘xshashlik bezak ritmi, kompozitsion markazlashuv va “hayot daraxti”ga yaqin motivlarda namoyon bo‘ladi. Bu esa Boburiylar san’ati va Markaziy Osiyo an’analari o‘rtasida mustahkam madaniy aloqalar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Akademik Akbar Hakimov bu borada shunday fikr bildiradi:
“Bunday asarlar o‘zbek xonliklari kashtachilik an’analari bilan Boburiylar davrining so‘nggi bosqichi o‘rtasidagi yaqinlikni yaqqol ko‘rsatadi. Bu yerda ornament oddiy bezak emas — u madaniyatlararo muloqotning o‘ziga xos tiliga aylanadi. Har bir naqsh va timsol o‘zaro ta’sir, ilhom va tarixiy xotirani aks ettiradi.”
Asarning texnik jihati ham alohida e’tiborga loyiq. Paxta asosida ipak iplar bilan bajarilgan kashtachilik nihoyatda nozik va puxta ishlangan. O‘lchamining kattaligi — uning saroy yoki tantanali muhit uchun yaratilganini ko‘rsatadi. Bunday pannolar odatda devor bezagi sifatida ishlatilgan va u orqali muhitga tantanavorlik hamda estetik mukammallik baxsh etilgan.
Mazkur artefaktning noyobligi bir nechta omillar bilan belgilanadi. Birinchidan, u Boburiylar davrining so‘nggi bosqichiga oid kam uchraydigan namunadir. Ikkinchidan, uning saqlanish darajasi nihoyatda yaxshi. Uchinchidan, u ikki yirik madaniy hudud — Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi badiiy aloqalarni jonli tarzda aks ettiradi.
Ushbu ipak kashtali panno oddiy bezak buyumi emas. U o‘zida tarix, san’at va falsafani mujassam etgan murakkab madaniy qatlamdir. Undagi har bir naqsh, har bir timsol o‘tmishdan kelayotgan ma’no va qadriyatlarni ifodalaydi.
Shu bois bu asar nafaqat muzey eksponati, balki butun bir davrning estetik tafakkurini anglash imkonini beruvchi bebaho manba hisoblanadi.
Laylo Abduqaxxarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


