O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Polsha Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari tashrif buyurdi
Yuqori martabali mehmonlar Markaz faoliyati, ekspozitsiyalar mazmuni hamda zamonaviy taqdimot usullari bilan yaqindan tanishdi.
Sakkiz yuzdan ortiq ilmiy loyiha asosida shakllangan ushbu noyob maskan bugungi kunda O‘zbekistonning qariyb 3000 yillik tarixini yagona konsepsiya asosida namoyish etmoqda. Tarixiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan Markaz nafaqat muzey, balki ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida ham e’tirof etilmoqda.
Ta’kidlash joizki, delegatsiya a’zolarida eng katta taassurot qoldirgan bo‘limlardan biri Islomdan avvalgi davrga bag‘ishlangan ekspozitsiya bo‘ldi. Ayniqsa, Buyuk ipak yo‘lining interaktiv xaritasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Miloddan avvalgi II asrda shakllangan va qariyb 18 asr davomida Sharq hamda G‘arbni bog‘lab turgan ushbu savdo yo‘li Markazda zamonaviy vizual texnologiyalar orqali jonli tarzda aks ettirilgan.
Shuningdek, Dalvarzintepa hududidan topilgan noyob shaxmat donalari ham delegatsiya e’tibor markazida bo‘ldi. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, mazkur topilmalar Hindistonda aniqlangan shaxmat donalaridan to‘rt asr oldin yaratilgan bo‘lib, bu holat O‘zbekiston hududi shaxmatning eng qadimiy markazlaridan biri bo‘lganini tasdiqlaydi.
Mehmonlar, shuningdek, Birinchi Renessans davriga bag‘ishlangan bo‘limda Markaziy Osiyo ilm-fani tarixining yirik namoyandalari merosi bilan tanishdilar. Ular orasida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy va Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar alohida o‘rin egallaydi. Ayniqsa, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining XIV asrga oid ibroniy tilidagi tarjimasi (faksimile nashri) hamda “Kitob ash-shifo”ning 1494-yilda Hirotda ko‘chirilgan noyob nusxasiga katta qiziqish bildirildi.
Kshishtof Gavkovskiy, Polsha Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari:
“O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi madaniyat va tarix uyg‘unlashgan noyob maskan. Ushbu majmua butun insoniyatning boy tarixiy merosiga xizmat qilmoqda.
Markaz tashrif buyuruvchilarni ta’lim, tarix va interaktiv tajribalar orqali ilhomlantiradi. Bu yerda inson faqat eksponatlarni tomosha qilib qolmaydi ularni chuqur his etadi, madaniyatni bevosita boshdan kechiradi.
Eng e’tiborlisi shundaki, tashrif buyuruvchilar artefaktlarni oddiy kuzatuvchi sifatida emas, balki zamonaviy texnologiyalar yordamida ularni o‘rganadigan va hatto ayrimlarini bevosita his qiladigan faol ishtirokchiga aylanadi.
Bu maskan o‘zining betakrorligi va go‘zalligi bilan dunyoda alohida o‘rin tutadi. Tarixga qiziqqan har bir inson O‘zbekistonga, ayniqsa Toshkentga kelib, ushbu markazda Islom sivilizatsiyasining yuragini his etishi lozim.
Bu haqiqatan ham o‘ziga xos va noyob maskan - u o‘z nuri bilan butun dunyoni yoritadi. Bilim, madaniyat va tarixni chuqur anglashga intilgan har bir inson bu yerga kelib, haqiqiy tarixni his etadi. Bu maskanda Islom sivilizatsiyasining ruhi har bir nuqtada sezilib turadi. Men, albatta, bu yerga yana qaytaman.”
O‘zbekiston o‘zining boy tarixiy merosi va zamonaviy taraqqiyotini uyg‘unlashtirgan holda xalqaro miqyosda tobora katta e’tibor qozonib bormoqda. Shu ma’noda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qurilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning ilmiy-ma’rifiy salohiyatini namoyon etuvchi eng muhim markazlardan biri hisoblanadi.


