IIV xodimlari Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish kompleksi xodimlari Toshkent shahrida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu maskan faoliyati, ekspozitsiyalari hamda ilmiy-ma’rifiy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur tashrif xodimlar uchun nafaqat oddiy ekskursiya, balki milliy qadriyatlarimiz va boy tarixiy merosimizni chuqurroq anglashga xizmat qilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘ldi.
Tashrif davomida ishtirokchilar markazda yaratilgan zamonaviy sharoitlar va ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etilgan ekspozitsiyalar bilan tanishdilar. Ayniqsa, sun’iy intellekt yordamida jonlantirilgan ko‘rgazmalar barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda har bir zal tashrif buyuruvchini go‘yo o‘tmishga olib kirib, tarixni nafaqat ko‘rish, balki his qilish imkonini beradi.
Shuningdek, mehmonlar Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessansga bag‘ishlangan bo‘limlar, “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi, Qur’oni Karim zali hamda kutubxona bilan tanishib, Temuriylar zamoni va buyuk allomalarimizning ilmiy merosi haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Qadimiy ilmiy asboblar — astronomik qurilmalar va vaqt o‘lchash vositalari orqali o‘tmish kashfiyotlarining bugungi taraqqiyotga zamin bo‘lganini yanada yaqqol angladilar.
Tashrif chog‘ida ishtirokchilar markazda namoyish etilgan noyob eksponatlar, qadimiy qo‘lyozmalar va ilmiy asarlarni ko‘rib, xalqimizning boy ma’naviy va ilmiy merosi haqida keng tasavvur hosil qildilar. Markaz mutaxassislari tomonidan berilgan tushuntirishlar esa ularning bilimlarini yanada mustahkamladi.
Madina Qahhorova, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish kompleksi Axborot xizmati boshlig‘i:
Bu markaz haqiqatan ham tarixni jonlantirib bergan noyob maskan ekan. Zamonaviy texnologiyalar va arxitektura uyg‘unligi insonni o‘ziga jalb qiladi. Ayniqsa, islom madaniyatiga oid qo‘lyozmalar va Qur’on nusxalari menda katta taassurot qoldirdi. Bu yer har bir insonda faxr va g‘urur tuyg‘usini uyg‘otadi.
Almardon Mo‘minov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish kompleksi guruh komandiri, katta serjant:
Markazdagi Renessans davrlari, ayniqsa Temuriylar davri haqidagi ma’lumotlar biz uchun juda qiziq bo‘ldi. Bu yerda tarixni faqat o‘qib emas, balki jonli ko‘rish mumkin. Interfaol kapsulalar va Mirzo Ulug‘bek zali katta taassurot qoldirdi. Bu yoshlar uchun juda muhim tarbiya va bilim manbai, deb o‘ylayman.
Nigora Nuriddinova, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish kompleksi katta inspektori:
Bu yerdagi ekspozitsiyalar nafaqat tarixni ko‘rsatadi, balki yoshlarni ilmga va ma’rifatga chorlaydi. Zamonaviy texnologiyalar orqali tarix jonli tarzda namoyish etilgan. Ayniqsa, katta kutubxona, noyob qo‘lyozmalar va turli davlatlardan yurtimizga tegishli bo‘lgan nodir eksponatlarning keltirilganligi meni juda hayratga soldi. Kelgusida farzandlarimni ham shu yerga olib kelishni rejalashtiryapman.
Sayohat so‘ngida mehmonlar markazning kelajak avlod uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Ularning fikricha, bu maskan yoshlarda tarixga, ilmga va o‘z ildizlarini anglashga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi.
Shu tariqa, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat o‘tmishni namoyon etuvchi, balki bugungi va kelajak avlodni ilhomlantiradigan muhim ma’rifiy markaz sifatida barchada chuqur taassurot qoldirdi.


