Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif: ilm, tarix va yangi qarashlar uyg‘unligi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida amalga oshirilayotgan ilmiy-ma’rifiy tadbirlar doirasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari, magistrantlari va talabalari Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu tashrif “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusidagi qo‘shma dasturning malaka oshirish o‘quvlari doirasida tashkil etildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bu safar O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari, magistrantlari va talabalari uchun nafaqat tanishuv maskani, balki fikr va qarashlar yangilanadigan muhitga aylandi. Ekspozitsiyalar bo‘ylab harakatlanar ekan, ishtirokchilar tarixni shunchaki kuzatish bilan cheklanib qolmadi — uni his qildi, anglashga harakat qildi va o‘z ilmiy hamda shaxsiy qarashlarini yangi nuqtai nazardan ko‘rib chiqdi. Tashrif davomida yangragan bir fikr esa bu jarayonning mazmunini aniq ifodaladi: bugungi yoshlar shunchaki kuzatuvchi emas, balki yangi davrni yaratuvchi avloddir.
Husniyabonu Jonibekova — O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi magistranti, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi
“Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Ibn Sino, Xorazmiylarning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi meni hayratga soldi. Eng katta taassurot qoldirgan joy "Yangi Renessans – yangi Renessans poydevori" zali bo‘ldi. Shu yerda bir haqiqatni angladim: bugungi yoshlar shunchaki tomoshabin emas, balki yangi uyg‘onish davrining yaratuvchilaridir. Bu fikr menda katta mas’uliyat hissini uyg‘otdi”.
Hamidullo Lutfullayev — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tarixiy manbashunoslik bo‘limi mudiri, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi IRCICA kafedrasi dotsenti
“Bu maskanga har safar tashrif buyurganimda yangi fikrlar tug‘iladi. Bu yerda tarix, ziyo va tafakkur uyg‘unlashgan. Qur’oni Karim zali insonni ma’naviy jihatdan boyitsa, kutubxona ilmiy izlanishlar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Kutubxonadagi sharoitlar alohida e’tiborga loyiq. Ilgari bunday imkoniyatlarni chet davlatlarda ko‘rgan bo‘lsak, bugun o‘zimizda ham shunday darajadagi ilmiy muhit yaratilgani quvonarli. Bu maskan har qanday yosh va kasb egasi uchun ochiq bilim maydoni hisoblanadi. Eng muhim jihati — bu markaz insonda o‘zlikni anglash hissini uyg‘otadi. O‘tmishdan bugungi kungacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘lini ko‘rgan inson o‘z imkoniyatlarini chuqurroq anglaydi. Yoshlar uchun esa bu — komillikka undovchi muhim manba”.
Abdulla Oxunov — O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi magistranti
“Markaz bo‘ylab tanishuv davomida renessans davrlari haqida ancha keng tasavvurga ega bo‘ldik. Qur’on zali alohida e’tiborimizni tortdi, biroq kutubxona eng katta taassurot qoldirdi. Bu yerda yaratilgan ilmiy muhit, kitoblar boyligi va zamonaviy texnologiyalar ilm bilan shug‘ullanayotgan yoshlar uchun katta imkoniyat. Ayniqsa, "Sonic Chair" qurilmalari orqali audio kitoblarni boshqalarga xalaqit bermasdan tinglash imkoniyati juda qulay. Bu yerda mavjud manbalar asosida magistrlik va doktorlik darajasidagi ilmiy ishlarni samarali olib borish mumkinligini his qildim”.
Muhammadyoqub Ahmadjonov — O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi magistranti
“Ustozlarimiz va kursdoshlarimiz bilan birgalikda Markaz ekspozitsiyalarini to‘liq ko‘zdan kechirdik. Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid bo‘limlar tarixiy jarayonlarni yaxlit holda tushunishga yordam berdi. Tashrif yakunida kutubxonaga bordik va aynan shu joy meni eng ko‘p qiziqtirdi. Zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangani va chet eldan keltirilgan ilmiy adabiyotlar biz kabi ilmiy izlanish olib borayotgan yoshlar uchun katta imkoniyat yaratadi. Bu yerda o‘ziga kerakli manbalarni topib, bemalol foydalanish mumkin. Shu sababli bu maskan yosh tadqiqotchilar uchun muhim bilim manbai hisoblanadi”.
Bu tashrif ishtirokchilar uchun muhim ilmiy va ma’naviy tajribaga aylandi. Ular bu yerda nafaqat tarix bilan tanishdi, balki o‘z qarashlarini boyitdi, kelajak faoliyatiga yangi ma’no berdi. Islom sivilizatsiyasi markazi esa o‘tmish merosini bugungi tafakkur bilan uyg‘unlashtirgan holda, ilm-fan va ma’naviyat chorrahasida shakllangan muhim maskan sifatida o‘z ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.


