Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun jahon hamjamiyati e’tibor markazida
Markaz muzeyida namoyish etilayotgan noyob eksponatlar, tarixiy osori-atiqalar hamda xorijdan yurtimizga qaytarilgan qimmatli buyumlar ekspozitsiyalardan munosib o‘rin egallagan. Bu maskanga tashrif buyurgan har bir mehmon undan chuqur taassurotlar va yuksak e’tiroflar bilan chiqmoqda.
Markazga Rossiya Federatsiyasi Samara viloyati sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolari Markazning barcha ekspozitsiya zallari bilan batafsil tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Mehmonlar e’tiborini ayniqsa Maqomi Ibrohim kisvasi hamda mahmil tortdi. Ushbu noyob eksponatlar XIX asrda Usmoniylar davrida yaratilgan bo‘lib, ma’lumotlarga ko‘ra, kisva 1859-yilda turk sultoni Sulton Abdulmajid topshirig‘iga binoan tikilgan. Ushbu original ashyolar delegatsiyada katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida namoyish etilgan me’moriy obidalar maketlari ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi, Hindistondagi Tojmahal, Erondagi Gavharshodbegim masjidi, Afg‘onistondagi Moviy masjid, Shahrisabzdagi Oqsaroy va Dorussaodat majmualari Temuriylar davri me’morchiligining yuksak namunasi sifatida e’tirof etildi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Amir Temur va Temuriylar davriga oid obidalar jami 16 ta davlat hududida aniqlangan.
Bundan tashqari, mehmonlar Qur’oni Karim zaliga tashrif buyurib, zamonaviy 3D mepping shouni tomosha qildilar. Ushbu immersiv taqdimot delegatsiya a’zolarida chuqur taassurot qoldirib, ular o‘z hayratlarini alohida ta’kidladilar.
Galiullin Damir Fayazovich, Rossiya Federatsiyasi Samara viloyati Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari:
"Biz bu yondashuvdan nihoyatda hayratdamiz. Kreativlik hamda zamonaviy muzey texnologiyalarini qo‘llash orqali siz tarixni, sivilizatsiyalar taraqqiyotini va muhim tarixiy bosqichlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni juda aniq va ta’sirchan yetkazib bera olgansiz. Bizni umumiy turkiy ildizlar birlashtiradi. Shu bois taqdimot uslublari bo‘yicha tajriba almashish orqali Rossiya Federatsiyasining boshqa hududlarida ham shunga o‘xshash loyihalarni amalga oshirish, turkiy xalqlarning yaxlitligini va sivilizatsiyalar kesishuvini namoyish etish mumkin. Zero, biz tarixan bir butun bo‘lganmiz.
Zamonaviy yondashuv asosida yaratilgan bunday muzey va maskanlarning yosh avlod uchun ahamiyati beqiyos. Ular o‘z ildizlarini, boy tarixini anglaydi. Eng muhimi, yoshlar qadriyatlarni asrash va ularni yanada rivojlantirish an’analarini davom ettiradi. Bunday muzey majmualari nafaqat yoshlarni, balki turli mamlakatlardan kelgan sayyohlarni ham o‘ziga jalb etadi. Taqdimotning ko‘p millatli va ko‘p tilli shaklda yo‘lga qo‘yilgani esa ekskursovodlar faoliyati va turli tillarga tarjima qilingan ekspozitsiyalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Asosiy vazifa ushbu qadriyatlarni asrab-avaylash va ajdodlar boshlab bergan an’anani davom ettirishdir”.


