Markazda tashrif buyuruvchilar uchun yana bir qulaylik – Face ID tizimi joriy qilindi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida yuqori texnologiyalar joriy etilgan zamonaviy infratuzilma sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
Yaratilayotgan qulayliklar izchil ravishda kengayib borayotgan bir paytda, Face ID tizimining joriy etilishi bu yo‘nalishdagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Yangi tizimning asosiy afzalligi — inson omilini kamaytirgan holda tezkor va aniq identifikatsiyani ta’minlashida. Ilgari kirish jarayonida vaqt talab qiladigan ayrim tekshiruv bosqichlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda yuzni aniqlash texnologiyasi orqali bu jarayon deyarli bir necha soniyada amalga oshiriladi. Bu esa tashrif buyuruvchilar oqimini samarali boshqarish imkonini berib, ayniqsa, yuqori tashrif kunlarida tirbandlikning oldini oladi.
Tizimning yana bir muhim jihati — mahalliy fuqarolar va xorijiy mehmonlarni avtomatik tarzda ajratib, har biri uchun mos kirish tizimini qo‘llaydi. Bu esa xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bilan birga, xalqaro mehmonlar uchun ham qulay va tushunarli muhit yaratadi. Shu bilan birga, qo‘shimcha hujjatlar talab etilmasligi tashrif jarayonini yanada yengillashtiradi.
Face ID texnologiyasini joriy etish faqat tezlik emas, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir. Kirish jarayonlari raqamlashtirilgan holda doimiy monitoring ostida bo‘lishi tartib-intizomni mustahkamlaydi. Bu esa madaniy meros obyektlari saqlanayotgan makonda alohida ahamiyat kasb etadi.
Oxunjon Ahmadaliyev, kompьyuter va axborot texnologiyalari bo‘limi bosh mutaxassisi:
“Tizim yuzni aniqlash orqali tashrif buyuruvchini tanib, uning chiptasiga mosligini avtomatik ravishda tekshiradi va inson aralashuvini deyarli talab qilmaydi.
Yangi yechim natijasida navbatlar qisqaradi, vaqt tejaladi va kirish jarayoni ancha tartibli ko‘rinish oladi. Shu bilan birga, qalbaki chiptalar yoki noqonuniy qayta sotish holatlarining oldi olinib, tashrif buyuruvchilarning huquqlari himoya qilinadi. Kirish hududida mahalliy va xorijiy mehmonlar uchun alohida yo‘laklar tashkil etilgani esa xizmat ko‘rsatish samaradorligini yanada oshiradi.
Muhim jihatlardan yana biri — identifikatsiya jarayonida qo‘shimcha hujjatlar talab etilmasligidir. Agar chipta ma’lumotlari to‘g‘ri bo‘lsa, tizim avtomatik tarzda kirishga ruxsat beradi. Bu esa tashrifni yanada qulay va tushunarli qiladi. Ayni paytda, tizim sinov bosqichida bo‘lgani sababli, ayrim texnik masalalar bo‘yicha mehmonlarga oddiy ko‘rsatmalar berib borilmoqda.
Umuman olganda, mazkur texnologiya Markazda yaratilgan mavjud qulayliklarni yanada boyitib, xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu esa zamonaviy infratuzilma, xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda”.
Markazdagi bu yangilikni kengroq qamrovda baholaydigan bo‘lsak, u tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan umumiy qulayliklar tizimining mantiqiy davomidir. Bu yerda interaktiv ekspozitsiyalar, mulьtimedia vositalari, qulay navigatsiya, gid xizmatlari va infratuzilma yechimlari allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Yangi Face ID tizimi esa ushbu qulayliklar qatoriga qo‘shilib, tashrif tajribasini yanada zamonaviy bosqichga olib chiqmoqda.
Shu ma’noda, mazkur texnologiyani joriy etishni oddiy texnik yangilik sifatida emas, balki Markazning umumiy rivojlanish strategiyasining bir qismi sifatida baholash mumkin. U tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyatini yangi bosqichga olib chiqish, xavfsizlikni kuchaytirish va xalqaro standartlarga mos infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi.
Face ID tizimi joriy etilishi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi mavjud qulayliklarni to‘ldirgan holda, uni yanada innovatsion va tashrif buyuruvchilarga yo‘naltirilgan makon sifatida mustahkamlamoqda. Bu esa Markazning nafaqat tarixiy merosni namoyon etish, balki zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘un rivojlanishga intilayotganini ko‘rsatadi.


