Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Tarixni anglagan yosh — kelajakni quradi: IIV ta’lim muassasasi o‘quvchilari Islom sivilizatsiyasi markazida

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi o‘quvchilari bilan mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Ichki ishlar vaziri tashabbusi hamda Markaz rahbariyati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir yosh avlodni milliy meros, zamonaviy bilim va kasbiy mas’uliyat ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuvda Ichki ishlar vazirligi vakili, polkovnik Saxipjamal Djoldasova so‘zga chiqib, vazirning samimiy tabrigini o‘quvchilarga yetkazdi. Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan suhbat davomida yoshlarning kelajak kasbiy yo‘li, mas’uliyati va jamiyatdagi o‘rni haqida muhim fikrlar bildirildi.

Tadbir doirasida o‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kitobi hamda Ichki ishlar vaziri tomonidan yo‘llangan tabrik so‘zlari topshirildi. Ta’kidlanganidek, bunday e’tibor va rag‘bat yoshlarning ertaga zamonaviy, fidoyi va Vatanga sadoqatli ichki ishlar organlari xodimlari sifatida shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

“Qadrli izdoshim! Siz bugun Ichki ishlar vazirligining ta’lim muassasasida tahsil olar ekansiz, har bir daqiqangizni zamonaviy bilimlarni egallashga, kasbiy mahoratingizni oshirishga yo‘naltirishingiz lozim”, - degan mazmundagi murojaat uchrashuvning asosiy ruhini ifoda etdi.

Uchrashuvdan so‘ng o‘quvchilar Markaz muzeyining boy ekspozitsiyasi bilan tanishib, ajdodlarimizning beqiyos ilmiy va madaniy merosini yaqindan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar. Ular o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, bunday tashriflar nafaqat bilim, balki ma’naviy ruhiyatni boyitishini alohida ta’kidladilar.

Mazkur uchrashuv va tashrif yoshlarni yuksak ma’naviyat, vatanparvarlik va kasbiy sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Ichki ishlar vazirligi akademik litseyi o‘quvchilari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi. Mazkur tashabbus Ichki ishlar vaziri hamda Markaz rahbariyati hamkorligida amalga oshirildi.

Saxipjamal Djoldasova, IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari – Ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmati boshlig‘i, Podpolkovnik:

“Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarni dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning boy ilmiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.

Ekskursiya davomida o‘quvchilar asrlar qa’ridan so‘zlovchi noyob eksponatlar, tarixiy ashyolar va zamonaviy ko‘rgazmalar bilan tanishib, o‘z bilimlarini yanada boyitdilar, ma’naviy dunyoqarashlarini kengaytirdilar.

Bunday tashriflar yoshlarning kelajakda tanlayotgan kasbiga mas’uliyat bilan yondashishi, Vatanga sadoqat ruhida xizmat qilishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois bu kabi uchrashuv va tashriflarni muntazam ravishda tashkil etish rejalashtirilgan.

Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyatiga samimiy minnatdorchilik bildiramiz va mazkur hamkorlik kelgusida ham izchil davom etishiga ishonch bildiramiz”.

Shohjahon Farhodov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Navoiy akademik litseyi birinchi bosqich o‘quvchisi:

“Bugun bizga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tabrigi o‘qib eshittirildi. Bu bizga katta ruhiy kuch, ishonch va ayni paytda ulkan mas’uliyat yukladi.

Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib turibmiz. Bu yerda ajdodlarimizning boy ilmiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishib, juda katta taassurotlar oldim. 

Men har bir yoshga o‘z xalqining buyuk tarixini o‘rganishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Chunki o‘z tarixini bilgan avlodgina kelajakni ishonch bilan qura oladi.

Ishonamanki, biz — yoshlar Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessans davri bunyodkorlari sifatida yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shamiz va Prezidentimiz bildirgan yuksak ishonchni oqlaymiz”.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.