

Yangiliklar
Ma’rifatga yangi yondashuv qanday bo‘lishi kerak?
Ma’rifatga yangi yondashuv qanday bo‘lishi mumkin? Bu savolga javob topish uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish maqsadga muvofiq. Markazga tashrif buyurganlarning fikricha...
Nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifning ilk daqiqalaridanoq noyob muhitdan hayratlanishdi. Bunga sabab esa Markazning muhtasham me’moriy qiyofasi, 65 metrlik gumbazi va keng hududidir.
Ushbu yirik ilmiy-ma’rifiy majmua nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim madaniy va ma’naviy markaz sifatida e’tirof etildi. Qisqa vaqt ichida xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otgan Markazning Ramazon hayiti arafasida ochilgani ham alohida qayd etildi.
Delegatsiya sayohatni “Buyuk siymolar galereyasi”dan boshladi. Mikromozaika uslubida yaratilgan buyuk allomalar tasvirlari mehmonlarni go‘yo tarix bilan yuzma-yuz keltirgandek bo‘ldi.
Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasida qadimiy sivilizatsiyalar, ilk davlatchilik, savdo yo‘llari va kundalik turmush tarzi zamonaviy interaktiv usullarda namoyon etilgani, arxeologik topilmalar, yozma manbalar va Buyuk Ipak yo‘liga oid ma’lumotlar yuqori baholandi.
Birinchi Renessans bo‘limida islom ilm-fani rivoji, allomalar merosi va madaniy yuksalish jarayonlari keng yoritilgani ta’kidlandi. Ayniqsa, interaktiv taqdimotlar orqali “tarixni his qilish” imkoniyati yaratilgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Ikkinchi Renessans davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyada tarixiy muhitni yanada yaqin his qilish mumkinligini ta’kidladilar.
“Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” bo‘limida bugungi islohotlar va strategik yo‘nalishlar taqdim etilgani fuqarolik jamiyati institutlari uchun muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish instituti tinglovchilari — Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimlari va bosh otinoyilar ham ekspozitsiyalarni o‘rganish orqali nazariy bilimlarini mustahkamlab, tarixiy merosni zamonaviy usullarda targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Tashrif davomida Markaz kutubxonasida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar va ilmiy manbalar mutaxassislar uchun muhim ilmiy baza sifatida baholandi.
Marjona Nurmuhamedova, “Sen kuchlisan” NNT direktori:
– Sayohat davomida guvoh bo‘ldimki, Markaz nafaqat muzey, balki jamiyatni birlashtiradigan, ma’naviyatni yuksaltiruvchi muhim platforma. Bu yerdagi har bir bo‘lim insonni o‘z ildizlarini anglashga undaydi.
Gulbahor Sherniyozova, Xorazm viloyati bosh otinoyisi:
– Bu yerdagi manbalar va ulardan foydalanish imkoniyatlari juda keng. Bu biz uchun katta boylik.
Muhabbat Ravshanova, Qashqadaryo viloyati diniy soha vakili:
– Bu yerda tarix faqat ma’lumot emas, balki ruh va ma’no bilan taqdim etilgan. Bu insonni o‘ylashga undaydi.
Shuningdek, tashrif davomida ishtirokchilar uchun maxsus amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, zamonaviy ma’naviy targ‘ibot usullari va ta’limiy yondashuvlar muhokama qilindi.
Tashrif yakunida delegatsiya vakillari Markazning “yuragi” hisoblangan Qur’oni Karim zalida bo‘lib, bu yerdagi noyob Usmon mushafi va zamonaviy golografik taqdimot ularda chuqur ma’naviy taassurot qoldirdi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.