Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish

Islom sivilizatsiyasi markazi

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Markaz haqida

  • Yangiliklar
  • Tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumot
  • Umumiy ma'lumot

Veb-sayt

  • Multimedia
  • Mavzuli galereyalar

Ijtimoiy tarmoqlar

Biz bilan bog‘lanish

  • Telefon raqami: +998 55 511 23 06
  • Elektron pochta: info@cisc.uz
  • E-XAT: uz.ism@exat.uz
  • Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Karasaroy 47

© 2026 Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Ishlab chiquvchi Neovex

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziIslom sivilizatsiyasi markazi
Chipta sotib olish
  • Loyiha muallifi
  • Mehmonlarga
  • Qoʻllanma
  1. Bosh sahifa
  2. /
  3. Yangiliklar

Yangiliklar

Maqolaning to‘liq matni, illyustratsiyalar va Markazning boshqa yangiliklari to‘plami.

Audio texnologiyalar muzey tajribasini o‘zgartirmoqda

29.04.2026, 12:331061
Audio texnologiyalar muzey tajribasini o‘zgartirmoqda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarix qulog‘ingizga so‘zlaydi.

Markazda ekspozitsiyalarni zamonaviy, interaktiv va ta’sirchan tarzda taqdim etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar tashrif buyuruvchilarga tarixiy merosni nafaqat ko‘rish, balki uni chuqur anglash va his qilish imkonini beradi.

Markazning eng yirik va mazmunan boy ekspozitsiyalaridan biri — “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da joriy etilgan individual audio texnologiyalar bu borada alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tizim orqali mehmonlar turli video kontentlarni boshqalarga xalaqit bermagan holda, mustaqil ravishda tinglash imkoniga ega bo‘lishmoqda. Bu esa ekspozitsiya hududida ortiqcha shovqinsiz, tinch va intellektual muhitni ta’minlaydi.

Ekspozitsiya Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans bosqichlarini qamrab olgan bo‘lib, har bir bo‘limda namoyish etilayotgan videolar individual audio qurilmalar orqali taqdim etilmoqda. Xususan, Birinchi Renessans bo‘limida 11 ta, Ikkinchi Renessans bo‘limida esa 7 ta maxsus eshitish moslamasi o‘rnatilgan. Bu har bir tashrif buyuruvchiga o‘zi qiziqqan mavzudagi lavhani tanlash va uning mazmuniga chuqur kirib borish imkonini beradi.

Ekspozitsiyadagi videolar mazmunan boy bo‘lib, ular orqali Markaziy Osiyo va Temuriylar davrining ilmiy hamda madaniy merosi jonli tarzda yoritiladi. Jumladan, Muhammad Xorazmiyning ilm-fan taraqqiyotidagi o‘rni, algebra va algoritmga asos solgani hamda “Bayt al-hikma”dagi faoliyati qisqa va tushunarli shaklda taqdim etiladi.

Ahmad Farg‘oniyning astronomiya va geografiya sohasidagi kashfiyotlari, Yer radiusini aniqlashdagi ilmiy yutuqlari hamda nilometr asbobini takomillashtirishdagi hissasi alohida yoritilgan. Shu bilan birga, Imom Buxoriy va Imom Termiziyning hadis ilmidagi ulkan xizmatlari, islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi ham videolar mazmunidan o‘rin olgan.

Ekspozitsiyada Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi qomusiy olimlarning ilmiy merosi, Jaloliddin Manguberdining jasorati, Xorazm Ma’mun akademiyasi faoliyati va o‘rta asrlar me’morchiligiga oid ma’lumotlar ham jamlangan.

Temuriylar davriga bag‘ishlangan lavhalarda Bibixonim masjidi qurilishi, Shohrux Mirzo, Ibrohim Sulton va Boysung‘ur Mirzoning davlat boshqaruvi va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi yoritiladi. Mirzo Ulug‘bekning ilmiy faoliyati, rasadxonasi va yulduzlar jadvali, shuningdek, Samarqanddagi Ulug‘bek akademiyasining jahon ilm-fanidagi o‘rni ham qisqa va mazmunli tarzda taqdim etilgan.

Shuningdek, Ulug‘bek madrasasining qurilishi, Temuriylar davridagi yog‘och o‘ymakorligi va miniatyura san’ati, jumladan, Firdavsiy, Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy va Alisher Navoiy asarlariga ishlangan miniatyuralar orqali o‘sha davrning badiiy va ma’naviy muhiti yoritib beriladi.

Ekranlarning vertikal va gorizontal formatlarda joylashtirilgani, ularning har biri alohida audio nuqtalar bilan uyg‘unlashtirilgani vizual va eshitish tajribasini yagona tizimga aylantiradi. Bir vaqtning o‘zida turli mavzudagi videolar namoyish etilishiga qaramay, audio oqimlar o‘zaro aralashmaydi.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” bo‘limida ham audio imkoniyatlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu yerda mehmonlar milliy musiqiy cholg‘u asboblari sadolarini tinglash orqali madaniy merosni yanada yaqindan his qiladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Obid Tangirov bu haqda shunday deydi:

Quloqchinlar tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida o‘rnatilgan. Barcha ekranlardan bir vaqtning o‘zida ovoz yangrashi audio oqimlarning aralashib ketishiga olib kelishi mumkin. Mazkur tizim esa har bir videoni alohida va sifatli tinglash imkonini beradi. Dastlab bu texnologiyani 3300 yillik tarixga ega qadimiy nay ovozining gologramma ifodasida sinab ko‘rdik. Natijalar ijobiy bo‘lgach, uni boshqa ekspozitsiyalarga ham joriy etishga qaror qilindi.

Mutaxassislarning fikricha, bunday innovatsion yechimlar ekspozitsiyalarni yanada jonlantirib, tashrif buyuruvchilarga tarixiy jarayonlarni chuqurroq anglash imkonini yaratadi.

Kelgusida Markazda audio-vizual texnologiyalarni yanada takomillashtirish, yangi interaktiv kontentlar ishlab chiqish va tashrif buyuruvchilar uchun yanada qulay muhit yaratish ishlari izchil davom ettiriladi.

Go‘zal Beknazarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Shuningdek o‘qing

26.09.2025·14827
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
29.10.2025·12221
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
27.09.2025·9949
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
30.09.2025·7979
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
Barcha yangiliklar