Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish: «Men bunday muzeylarni ko‘rmaganman. Bu juda kuchli taassurot qoldiradi»

“Islom sivilizatsiyasidagi eng katta muzey” sifatida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan, shuningdek, TURKSOY tomonidan turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey deya baholangan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yana bir nufuzli tashrifga mezbonlik qildi. Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish boshchiligidagi delegatsiya Markaz faoliyati va uning noyob ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishdi.

Tashrif davomida mehmonlar Markazning ulkan arxitekturasi, 65 metrlik muhtasham gumbazi va keng hududda barpo etilgan murakkab kompozitsion yechimlarini alohida e’tirof etdilar. Delegatsiya Markazga kirishdanoq uning nafaqat muzey, balki ilmiy-ma’rifiy makon sifatida shakllanganini qayd etdi.

Sayohat “Buyuk siymolar galereyasi” zalidan boshlandi. Bu yerda 110 xil rangdagi mikromozaika toshlar yordamida yaratilgan buyuk allomalar va tarixiy shaxslar siymosi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari interaktiv texnologiyalar orqali ushbu allomalar bilan “jonli muloqot” qilish imkoniyatini ham sinab ko‘rishdi. Bu esa tarixiy shaxslarning hayoti va ilmiy merosini yanada chuqurroq anglash imkonini berib, mehmonlarda o‘ziga xos hayrat va qiziqish uyg‘otdi. Delegatsiya a’zolari bu yerda tarix va san’atning uyg‘unligi zamonaviy texnologiyalar bilan uyqash holda o‘ziga xos badiiy tilda namoyon etilganini alohida ta’kidladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniy merosni asrab avaylashga qaratilgan e’tibori Chexiya Bosh vaziri  juda yuqori baholadi. U bu g‘oyani nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlovchi muhim qadam, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda o‘zaro ishonch va sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim siyosiy tashabbus sifatida e’tirof etdi. 

Islomdan avvalgi davr ekspozisiyasida esa qadimgi sivilizatsiyalar tarixi, insonning ilk turmush tarzi va madaniy shakllanish jarayonlari interaktiv va vizual shaklda namoyish etilgani delegatsiya a’zolarining ta’rifiga sabab bo‘ldi. Qadimgi ov manzaralari, devorlarga tushirilgan tasvirlar, ilk pul tizimiga oid tangalar va Buyuk ipak yo‘li tarixi haqidagi ma’lumotlar delegatsiya a’zolariga o‘sha davr muhitini jonli his etish imkonini berdi.

Ikkinchi Renessans bo‘limi delegatsiya uchun ayniqsa qiziqarli bo‘ldi. Amir Temur davriga oid davlatchilik an’analari, saroy madaniyati va ilmiy muhit interaktiv usullar orqali namoyish etilgani yuqori baholandi. Xususan, Bosh vazir Andrey Babish interaktiv texnologiyalar yordamida Amir Temur siymosi bilan “jonli muloqot” qilib ko‘rdi. Bu tajriba mehmonda katta taassurot qoldirib, tarixni zamonaviy yondashuv orqali yanada chuqur his etish imkonini bergani ta’kidlandi. 

“Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans” bo‘limida esa mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, strategik rivojlanish yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlik masalalari aks ettirilgani delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, bu yerda kelajakka qaratilgan aniq maqsadlar va inson kapitaliga e’tibor markaziy o‘rin tutayotgani alohida qayd etildi.

Markazning yuragi — Qur’oni Karim zali bilan tanishdi. VII asrga mansub Usmon mus’hafi, uning atrofida joylashgan nodir qo‘lyozmalar va zamonaviy mepping gologramma namoyishi mehmonlarda kuchli hissiy taassurot uyg‘otdi. 

Tashrif yakunida Andrey Babish Markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z iliq fikr va taassurotlarini yozib qoldirdi. 

Andrey Babish, Chexiya Respublikasi Bosh vaziri:

“Bu muzeyni ta’riflashga so‘z topish qiyin — chinakamiga hayratlanarli. Afsuski, vaqtimiz juda cheklangan, albatta yana bir kun qaytib kelishim kerak bo‘ladi. Biz O‘zbekistonda endigina bor-yo‘g‘i bir necha soat bo‘ldik, ammo mamlakatingiz menda juda katta taassurot qoldirdi.

Bu buyuk mamlakat — boy tarixga, ajoyib insonlarga, ayniqsa, salohiyatli yosh avlodga ega. Bugun sizning Bosh vaziringiz bilan uchrashdik, ertaga esa — Prezidentingiz bilan uchrashishni intiqlik bilan kutyapman. Bu men uchun bu juda noyob imkoniyat.

Afsuski, faqat bir kunlik tashrif bilan keldik, lekin chex kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar borligini ko‘rdim. Bu yerda taxminan 50 ga yaqin Chexiya kompaniyalari faoliyat yuritmoqda va biznes forum juda yuqori darajada o‘tdi. Men bundan nihoyatda mamnunman.

Sizning mamlakatingiz Markaziy Osiyoda juda muhim o‘rin tutadi. Albatta, biz ko‘plab imkoniyatlarni ko‘ryapmiz. Bosh vaziringizning nutqi juda aniq va mazmunli bo‘ldi, biz bu tavsiyalarni albatta inobatga olamiz. Shuningdek, mamlakatingizdan ayrim kompaniyalar bizning yurtimizda ham faoliyat yuritayotgani quvonarli, albatta.

Hammasi juda ajoyib. Umrimda bunday muzeyni hali ko‘rmaganman. Rostdan ham nihoyatda ta’sirli. Tabriklayman”.

Delegatsiya a’zolari Markazda yaratilgan sharoitlar, ekspozitsiyalarning ilmiy asoslangani va zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilganini yuqori baholab, bu maskan nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon uchun muhim madaniy va ma’rifiy markazga aylanganini ta’kidladilar.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.