“Alfraganus”: Sharqdan Yevropaga yo‘l olgan ilm nuri bugun yana ham yorqin porlamoqda

Bundan qariyb to‘qqiz yil avval, 2018-yilning yozida, Toshkentning markazida qo‘yilgan ramziy tamal toshi ortida katta g‘oya mujassam edi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishining o‘sha ilk tarixiy voqealari jarayonida “Bu markazni qurishdan maqsad islom ma’rifatini o‘rganish va bobolarimizning buyuk merosini butun dunyoga yetkazishdir” degan. Bugun esa bu g‘oya reallikka aylangan.
Markazdagi “Buyuk siymolar galereyasi”ga kirganingizda, go‘yo tarixiy shaxslar bilan yuzma-yuz kelasiz. Ular shunchaki portret emas — ular butun bir sivilizatsiyaning jonli guvohlari.
Sharqdagi ilk Uyg‘onish davrida bugungi O‘zbekiston hududidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar jahon ilm-fani, madaniyati hamda islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan. Ularning ilmiy merosi bugun ham jahon ilmiy hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Buyuk siymolar galereyasi”da o‘rin olgan uchinchi rangtasvir asari ana shunday allomalardan biri Ahmad Farg‘oniy hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan.
Bag‘doddagi Bayt ul-hikma akademiyasida faoliyat yuritgan, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olim va mohir muhandis - Ahmad Farg‘oniy (798–861), Yevropada “Alfraganus” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Ushbu asarda Farg‘oniyning jahon ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi, uning muhim ilmiy kashfiyotlari va amaliy muhandislik tajribalari badiiy talqinda o‘z ifodasini topgan.
Alloma Yerning sharsimon shaklga egaligini ilmiy asoslab bergan, Quyosh yuzasida dog‘lar mavjudligini aniqlagan hamda 832-yilda sodir bo‘lgan Quyosh tutilishini oldindan ilmiy asosda bashorat qilgan.
Pannoning yuqori qismida olim tomonidan ilmiy asosda izohlangan Quyoshning Oy tomonidan to‘silishi – Quyosh tutilishi hodisasi vizual tarzda aks ettirilgan. Uning atrofida esa Ahmad Farg‘oniy tomonidan matematik hisob-kitoblar asosida aniqlangan yilning eng uzun kuni – 22-iyun va eng uzun tuni – 22-dekabr sanalari keltirilgan.
Shuningdek, rangtasvir asarining yuqori qismida allomaning falakiyot ilmida erishgan yutuqlari xalqaro miqyosda e’tirof etilganining yorqin dalili sifatida Oy sathidagi Alfraganus krateri tasviri ham o‘rin olgan.
Asarda Ahmad Farg‘oniyning amaliyotchi muhandis sifatidagi eng yirik loyihasi – Nilometr qurilmasining kesimi hamda olimga tegishli chizmalar tasvirlangan. Mazkur inshoot 1971-yilgacha, ya’ni Misrdagi Asvon to‘g‘oni ishga tushirilguniga qadar amalda bo‘lgan. Undan Nil daryosidagi suv sathiga qarab dehqonlardan olinadigan soliqlarni adolatli belgilash, shuningdek, aholini suv toshqinlari xavfidan oldindan ogohlantirish kabi muhim maqsadlarda foydalanilgan.
828-yilda Bag‘doddagi Bayt ul-hikma akademiyasida faoliyat yuritgan Ahmad Farg‘oniy boshchiligidagi bir guruh olimlar tomonidan Suriya va Iroq chegarasidagi Sinjor sahrosida Yer meridianining 1 daraja uzunligi o‘lchangan. Olimning qayd etishicha, ushbu tadqiqot natijasida 1 daraja uzunligi 110 kilometr deb aniqlangan bo‘lib, bu o‘sha davr ilm-fani uchun nihoyatda aniq ko‘rsatkich hisoblangan. Ushbu muhim kashfiyot ham rangtasvir asarida alohida syujet sifatida o‘z aksini topgan.
Zohidulla Munavvarov, Markaz bosh ilmiy xodimi:
Ahmad Farg‘oniy yirik falakiyotchi olim bo‘lgan. Uning “Astronomiya asoslari” asari XII asrda lotin tiliga tarjima qilinib, keyinchalik Yevropada keng tarqaldi. XVI asrda ushbu asar to‘rt marotaba qayta nashr etilgan, XVII asrgacha esa Yevropa ta’lim muassasalarida astronomiya bo‘yicha asosiy darslik sifatida qo‘llanilgan. Asar ko‘plab buyuk olimlar va adiblar tomonidan yuksak qadrlangan.
Xususan, XIII asr mashhur shoiri Dante Aligeri o‘zining “Ziyofat” asarida Farg‘oniy kosmografiyasidan foydalangan bo‘lsa, Yevropa Renessansining yirik namoyandasi Regiomontan XV asr o‘rtalarida Paduya universitetida uning asarlari asosida ma’ruzalar o‘qigan.
Olimning ilmiy merosi va asarlari nomlari markazdan turli yo‘nalishlarga tarqaluvchi “o‘qlar” shaklidagi arabcha xattotlik uslubida ifodalangan. Kompozitsiyaning o‘ng qismida esa Farg‘oniyning xalqaro miqyosdagi e’tirofini tasdiqlovchi, turli xorijiy tillarda nashr etilgan asarlaridan namunalar joylashtirilgan.
Asarning markaziy qismida Ahmad Farg‘oniy siymosi tasvirlangan. Uning obrazi olim tomonidan qo‘llangan muhandislik uskunalari hamda astronomik asboblar, jumladan astrolyabiya, shuningdek, naqsh va gullar bilan boyitilgan badiiy kompozitsiya orqali ifodalangan. Shu joyning o‘zida allomaning G‘arb ilmiy muhitida keng tarqalgan lotincha nomi –“Alfraganus” ham aks ettirilgan.
Pannoda Ahmad Farg‘oniy ilhom olgan ilmiy manbalarga ishora sifatida lavr o‘simligi va yunoncha naqshlar tasvirlangan. Ushbu mavzuning davomida asarning quyi qismida antik davr olimlari guruhi aks ettirilgan bo‘lib, ular chapdan o‘ngga qarab arab, yunon, osuriy va fors olimlari sifatida talqin etiladi.
Ularning ortida esa o‘sha davrga xos eng muhim kashfiyotlar ramzlari hamda ilmiy-amaliy maqsadlarda qo‘llangan asbob-uskunalar joylashtirilgan. Ahmad Farg‘oniyga bag‘ishlangan ushbu kompozitsiya antik davr xaritasi tasviri bilan yakunlanadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, muzeyning Birinchi Renessans ekspozitsiyasida Ahmad Farg‘oniy merosiga alohida e’tibor qaratilgan. Bayt ul-hikma kapsulasida Nilometr maketi hamda Farg‘oniy ilmiy merosiga oid boshqa noyob eksponatlar namoyish etilib, tashrif buyuruvchilarga allomaning ilm-fan rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida keng va chuqur tasavvur beradi.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin


