Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — o‘zbek xalqining 3 ming yillik tarixini aks ettiruvchi noyob majmua

Turkiyaning nufuzli axborot makoniga kiruvchi Anadolu Agency hamda Ensondakika va Etikhaber nashrlarida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida materiallar e’lon qilinib, unda mazkur majmua o‘zbek xalqining 3 ming yillik tarixini zamonaviy texnologiyalar orqali jonli va yaxlit tarzda namoyon etuvchi noyob ilmiy-madaniy makon sifatida baholanadi. Maqolalarda markazning nafaqat muzey, balki ilmiy-tadqiqot, ta’lim va xalqaro muloqot platformasi sifatidagi ahamiyati, shuningdek, uning “Yangi O‘zbekiston”dagi ma’rifiy taraqqiyot va Renessans g‘oyalarini ifoda etuvchi strategik loyiha ekaniga alohida urg‘u beriladi.

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 3 ming yildan ortiq tarixga ega hudud o‘tmishini ilmiy va madaniy meros bilan uyg‘un holda, zamonaviy texnologiyalar vositasida tashrif buyuruvchilarga taqdim etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tgan oy faoliyat boshlagan mazkur markaz islomning ilm, tinchlik va bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan konsepsiyasi bilan ajralib turadi.

Markazda miloddan avvalgi davrdan boshlab ushbu zaminda shakllangan davlatlar, buyuk shaxsiyatlar, tarixiy ashyo va topilmalar, muhim tarixiy jarayonlar, shuningdek, hududda yuz bergan ikki Renessans va mamlakatdagi so‘nggi islohotlar hamda o‘zgarishlar yaxlit holda namoyon etilgan.

2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Toshkentning eski shahar qismida qurilishi boshlangan ushbu majmua sakkiz yildan ortiq davom etgan ishlardan so‘ng 17-mart kuni foydalanishga topshirildi.

10 gektar maydonda barpo etilgan majmua 161×118 metr o‘lchamlari va 65 metr balandlikdagi muhtasham gumbazi bilan e’tiborni tortadi. Uch qavatli binoning umumiy foydalanish maydoni 40 ming kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi.

Markaz fondida 50 mingdan ortiq tarixiy ashyolar, noyob qo‘lyozmalar va arxeologik topilmalar jamlangan bo‘lib, u nafaqat muzey, balki ilmiy-tadqiqot instituti, kutubxona va xalqaro hamkorlik platformasi sifatida ham faoliyat yuritmoqda.

To‘rt davr — yagona makonda

Markaz ekspozitsiyasi “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” va “Yangi O‘zbekiston-Yangi Renessans poydevori” bo‘limlaridan iborat. Ushbu bo‘limlar O‘zbekiston hududining ming yillik tarixini xronologik va mavzuviy jihatdan uyg‘un tarzda namoyon etadi.

Ekspozitsiyalar ovoz, yorug‘lik va raqamli texnologiyalar bilan boyitilgan bo‘lib, tashrif buyuruvchilarga oddiy ma’lumot emas, balki “tirik tarix” tajribasini taqdim etadi.

“Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” bo‘limida Sug‘d, Baqtriya, Choch, Farg‘ona va Xorazm sivilizatsiyalariga oid arxeologik topilmalar namoyish etilgan.

“Birinchi Renessans” (IX–XII asrlar) bo‘limida Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi buyuk allomalarning qo‘lyozmalari, astronomik asboblar, matematik ishlanmalar va tibbiy manbalar o‘rin olgan.

“Ikkinchi Renessans” bo‘limida esa Amir Temur va Temuriylar davri madaniyatiga oid miniatyuralar, me’moriy bezaklar, koshin namunalari, shuningdek Mirzo Ulug‘bekning astronomik tadqiqotlarini aks ettiruvchi eksponatlar namoyish etilgan.

“Yangi O‘zbekiston-Yangi Renessans poydevori” bo‘limida mustaqillikdan keyin amalga oshirilgan islohotlar sun’iy intellekt asosidagi zamonaviy taqdimotlar orqali ko‘rsatiladi.

Qur’on zali — markazning eng ta’sirli qismi

Markazning eng diqqatga sazovor bo‘limlaridan biri Qur’oni Karim zali hisoblanadi. Bu yerda Usmon mushafi hamda 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi saqlanmoqda.

Maxsus yorug‘lik va vizual effektlar yordamida har 40 daqiqada Qur’on oyatlari go‘yo osmondan nozil bo‘layotgandek namoyish etiladi. Gumbaz ostidagi golografik tizim orqali yulduzlar xaritasi aks ettirilib, tashrif buyuruvchilarga o‘ziga xos vizual tajriba taqdim etiladi.

“Buyuk siymolar galereyasi” zalida esa ushbu zaminda yuz bergan muhim tarixiy voqealar, kashfiyotlar va buyuk shaxslarni aks ettiruvchi 14 ta yirik ravoq joylashgan. Ular orasida Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ulug‘bek Mirzo, Abu Rayhon Beruniy va Muhammad Xorazmiy kabi buyuk siymolar tasvirlangan.

Jahon miqyosidagi e’tirof

Markaz o‘zining ulkan hajmi, boy kolleksiyasi va ko‘p funksiyali tuzilmasi bilan Guinness World Records tomonidan 13-aprel kuni “dunyoning eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida rasman ro‘yxatga olindi.

Asosiy maqsad — milliy tarixni dunyoga tanitish

Markaz matbuot kotibi O‘ktam Usmonovning ta’kidlashicha, muassasa kuniga 5 mingga yaqin tashrif buyuruvchini qabul qilmoqda.

— Markaz nafaqat muzey, balki ilmiy platforma sifatida ham faoliyat yuritadi. Uning asosiy maqsadi O‘zbekistonning 3 ming yillik boy va chuqur tarixini butun dunyoga namoyon etishdan iborat, — dedi u.

Ilmiy kotib Rustam Jabbarovning ma’lum qilishicha, markaz qurilishi 2025-yil dekabrida yakunlangan bo‘lib, 2026-yil boshidan ekspozitsiyalarni shakllantirish ishlari amalga oshirilgan.

Uning aytishicha, 20 dan ortiq davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, O‘zbekistonga oid tarixiy ashyolarning nusxalari jamlangan va natijada 3 mingdan ortiq eksponat to‘plangan.

Markaz kutubxonasida 50 mingga yaqin qo‘lyozma asarlar hamda 500 mingdan ortiq raqamli manbalar mavjud.

Shuningdek, markaz tarkibida bolalar uchun maxsus ta’limiy va o‘yin dasturlarini o‘z ichiga olgan platforma faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, TURKSOY, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari uchun ham alohida joy ajratilgan.

 

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.