

Yangiliklar
Avesta.tj : "O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi"
Avesta.tj — Tojikistonga tegishli axborot nashrida e’lon qilingan materialda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etilgani haqida xabar beriladi. Ta’kidlanishicha, Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy anjuman doirasida ilgari surilgan mazkur tashabbus temuriylar davri xattotlik an’analarini davom ettirish, qo‘lyozma merosni asrash va uni ilmiy asosda o‘rganishga qaratilgan muhim ma’rifiy va ilmiy platforma sifatida baholanmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Xattotlik maktabi tashkil etilgani e’lon qilindi. Ushbu muhim ilmiy-ma’rifiy loyiha Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Temuriylar davri xattotlik merosi — an’analar davomiyligi” mavzusidagi anjumanda e’lon qilindi.
Mazkur konferensiya islom san’ati, tarix va filologiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislarni birlashtirib, xattotlik san’atining ma’naviy va madaniy ahamiyatini har tomonlama muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.
Qayd etilishicha, Islom sivilitsiyasi markazi huzurida Xattotlik maktabini tashkil etish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 29-yanvar kuni ilgari surilgan. Oradan bir yil o‘tib, mazkur tashabbus xalqaro tashkilotlar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, Temuriylar sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan konferensiya doirasida rasman ishga tushirildi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida ushbu tashabbusning ahamiyatiga to‘xtalib, Xattotlik maktabining tashkil etilishi mamlakatimiz madaniy merosini asrash va ommalashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Temuriylar davrida Xattotlik san’ati yuksak taraqqiyot bosqichiga chiqqan va madaniy yuksalish ramziga aylangan. Amir Temur markazlashgan davlat barpo etgach, poytaxtga turli hududlardan eng mohir xattotlarni jamlagan. Shu davrda suls, nasta’liq va kufiy yozuv uslublari ravnaq topib, nodir qo‘lyozmalar yaratilgan. Jumladan, mashhur “Boysung‘ur Qur’oni” ana shu davrning yuksak namunasi sifatida e’tirof etiladi.
Xalqaro ekspertlar ham mazkur tashabbusni yuqori baholadi. Jumladan, Mahmud Erol Qilich islom xattotlikning jahon madaniyatidagi o‘rni, uning yuksak estetik va ma’naviy qimmatini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Joshqun Yilmaz Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar haqida ma’lumot berib, ularning katta qismi Markaziy Osiyo tarixi bilan bog‘liq ekanini qayd etdi. Sali Shahsuvoriy esa Temuriylar davrini haqiqiy intellektual va madaniy uyg‘onish davri sifatida baholadi.
Ma’lum qilinishicha, Xattotlik maktabi nafaqat ta’lim muassasasi, balki ilmiy-tadqiqot va madaniy markaz sifatida ham faoliyat yuritadi. Uning doirasida mutaxassislar tayyorlash, qo‘lyozma merosni saqlash va restavratsiya qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.