

Yangiliklar
Islom sivilizatsiyasi markazi qoshidagi Xattotlik maktabi: an’ana va ma’naviy meros qad rostlamoqda
“Bizda xattotlik maktabi yo‘q. Afsuski, bu maktablar yo‘q bo‘lib ketyapti… Bu maktablarni albatta tiklaymiz…”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Qadimiy san’at yana bir bor hayotga qaytmoqda. Tarixni o‘z qo‘lingiz bilan yozishga tayyormisiz?
O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va qayta tiklashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qoshida tashkil etilgan Xattotlik maktabi ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi sifatida e’tirof etilmoqda. Bugun ushbu maktab nafaqat milliy an’analarni tiklayotgan, balki jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgan ma’naviy-ma’rifiy maskanga aylandi. Mazkur maktab faoliyati, uning ahamiyati va bugungi kundagi o‘rni haqida xattot Habibullo Solih bilan suhbatlashdik.
— Prezidentimiz tashabbuslari bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi qoshida Xattotlik maktabi faoliyatini boshladi. Nima deb o‘ylaysiz, bugungi kunda ushbu maktab jamoatchilik va yoshlarni qay darajada qiziqtira oladi?
— Muhtaram yurtboshimizning tashabbuslari bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat mamlakatimiz, balki jahon jamoatchiligi diqqat markazida turgan ulkan megaloyiha hisoblanadi. Bu Markaz islom sivilizatsiyasi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyatni o‘rganish hamda targ‘ib qilishga qaratilgan noyob maskan sifatida e’tirof etilmoqda.
Shu markaz qoshida tashkil etilgan Xattotlik maktabi esa ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelgan muqaddas yozuv san’atini qayta tiklash, uni asrab-avaylash va yosh avlodga yetkazishga xizmat qilmoqda. Prezidentimiz bir necha bor ta’kidlaganlaridek, xattotlik san’ati yo‘qolib ketmasligi, balki rivojlanishi va keng ommaga o‘rgatilishi zarur. Ana shu ezgu g‘oya asosida ushbu maktab tashkil etildi.
Bugungi kunda maktabga bo‘lgan qiziqish juda katta. Rasman faoliyatini boshlaganiga endigina bir oy bo‘ldi. Ammo ro‘yxatdan o‘tganlar soni allaqachon ming nafardan oshib, ular orasida yoshlar, o‘rta yoshdagi fuqarolar, shuningdek, katta yoshdagilar ham bor. Bu esa xattotlik san’atiga bo‘lgan qiziqish jamiyatning turli qatlamlarini qamrab olganini ko‘rsatadi.
— Ushbu qadimiy san’atga asoslangan maktabning tashkil etilishi qanday tarixiy meros va ma’naviy qadriyatlarga tayanadi?
— Ma’lumki, yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk xattotlar va allomalar jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Ular yaratgan qo‘lyozmalar va yozuv namunalari bugun ham o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda.
Shu nuqtai nazardan, xattotlik san’atini qayta tiklash — bu faqatgina madaniy tashabbus emas, balki tarixiy xotira va milliy o‘zlikni anglash bilan bog‘liq muhim jarayondir. Mazkur maktab aynan shu boy merosni qayta jonlantirish va uni tizimli ravishda avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.
— Xattotlik maktabida tashkil etilgan ta’lim jarayoni qanday mazmun va uslublarga asoslanadi? Uning o‘quvchilar hayotiga ta’siri haqida nimalarni aytish mumkin?
— Albatta, maktabdagi ta’lim jarayoni an’anaviy va zamonaviy yondashuvlar uyg‘unligi asosida tashkil etilgan. Bu yerda nafaqat xat yozish texnikasi, balki husnixat madaniyati, estetik did va sabr-toqat kabi fazilatlar ham shakllantiriladi.
Ta’limning bepul asosda tashkil etilgani keng jamoatchilik uchun katta imkoniyat yaratmoqda. Turli kasb egalari, ayniqsa, ilgari bu san’atni o‘rganish imkoniga ega bo‘lmagan insonlar bugun ushbu darslarda faol ishtirok etmoqda.
Ayrim holatlar esa maktabning chuqur ma’naviy ta’sirini yaqqol namoyon etadi. Masalan, nuroniylardan biri uzoq yillik orzusini amalga oshirish maqsadida maktabga kelib, katta hayajon bilan ta’lim jarayoniga qo‘shildi. Bu kabi misollar xattotlik maktabining inson hayotida ruhiy uyg‘onish va ma’naviy qanoat manbai bo‘layotganini ko‘rsatadi.
— Ushbu maktabning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi haqida qanday fikr bildirasiz?
— Bugungi kunda maktab faoliyati xalqaro miqyosda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. U “Xalqaro xattotlik maktabi” sifatida e’tirof etilib, ta’lim jarayonlari xorijiy mutaxassislar tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Ayniqsa, mazkur tashabbusning xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi uning ahamiyatini yanada oshirmoqda. Bu esa O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va uni dunyo miqyosida targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini ko‘rsatadi.
Maktabning ochilish marosimida ishtirok etgan xalqaro ekspertlar ham davlatimiz rahbarining tashabbuslarini yuqori baholadi. Jumladan, Islom tarixi, madaniyati va san’ati tadqiqotlari markazi – IRCICA direktori Mahmud Erol Qilich islom xattotligining jahon madaniyatidagi o‘rni, uning yuksak estetik va ma’naviy qimmatini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Turkiya qo‘lyozmalar boshqarmasi direktori Joshqun Yilmaz Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalar haqida ma’lumot berib, ularning katta qismi O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq ekanini qayd etdi. Buyuk Britaniyadagi “Al-Furqon” Islom merosi jamg‘armasi direktori Sali Shahsuvoriy esa Temuriylar davrini haqiqiy intellektual va madaniy uyg‘onish davri sifatida baholadi.
— Maktab faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qanday istiqbolli rejalar ko‘zda tutilgan?
— Kelgusida maktab faoliyatini yanada kengaytirish, zamonaviy va innovatsion ta’lim dasturlarini joriy etish rejalashtirilgan. Xususan, onlayn ta’lim platformalarini ishga tushirish orqali xorijiy o‘quvchilarni ham jalb etish maqsad qilingan.
Bu orqali xattotlik san’atini nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish imkoniyati yanada oshadi.
— Yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?
— Imom Buxoriy hazratlarining “Amallar niyatga bog‘liq” degan hadisida chuqur ma’no mujassam: insonning kelajagi uning niyati, kamoli esa amallari bilan belgilanadi. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, ma’naviy uyg‘onish va taraqqiyot jarayonlari ham ana shunday ezgu niyatlar samarasi ekanini anglash qiyin emas.
Ajdodlarimiz, aziz avliyolar qoldirgan boy ma’naviy meros, ularning orzu-intilishlari va mehnatlari bugungi farovon hayotimizga mustahkam zamin yaratdi. Shu bois har birimiz o‘z sohamizda sidqidildan mehnat qilib, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishimiz zarur.
Mana shunday farovon, obod, ozod yurtda emin-erkin yashab orzularga erishishimizni Alloh o‘z xazinai rahmatidan ato aylasin.
Durdona Rasulova suhbatlashdi
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.