

Yangiliklar
Türkiye Today: "Dunyoning eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi O‘zbekiston poytaxtida ochildi"
Türkiye Today — Turkiyaga tegishli axborot nashrida e’lon qilingan maqolada Toshkentda dunyoning eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilgani haqida xabar beriladi. Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur majmua 3 ming yillik tarixni zamonaviy texnologiyalar asosida namoyon etuvchi noyob ilmiy-madaniy platforma bo‘lib, nafaqat muzey, balki xalqaro ilmiy hamkorlik va ma’rifiy taraqqiyot markazi sifatida ham yuksak ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston rasman mamlakatning zamonaviy tarixidagi eng yirik madaniy-tarixiy loyihalardan biri — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ochdi. Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan amalga oshirilgan va sakkiz yildan ortiq vaqt davomida barpo etilgan mazkur markazning ochilish marosimi 2026-yil 17-mart kuni bo‘lib o‘tdi.
Toshkentning tarixiy qismida joylashgan ushbu ulkan majmua 10 gektar hududni egallaydi hamda umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrdan ziyod bo‘lgan uch qavatli binodan iborat. Uning diqqatga sazovor me’moriy qiyofasi 65 metr balandlikdagi gumbazi bilan ajralib turadi va Markaziy Osiyodagi eng nufuzli madaniy obyektlardan biri hisoblanadi.
3 ming yillik tarix bo‘ylab sayohat
Markazda hududning 3 ming yildan ortiq tarixi — qadimiy sivilizatsiyalardan tortib bugungi O‘zbekistongacha bo‘lgan davr ilmiy tadqiqotlar, madaniy meros va ilg‘or raqamli texnologiyalar uyg‘unligida namoyon etilgan.
Ekspozitsiyalar to‘rtta asosiy bo‘limga ajratilgan: islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston. Har bir bo‘lim muayyan tarixiy bosqichlar, yirik ilmiy yutuqlar va mintaqaning intellektual merosini shakllantirgan buyuk shaxslarni yoritib beradi.
Qur’on zali — markazning eng diqqatga sazovor qismlaridan biri bo‘lib, unda islom olamidagi eng qadimiy Qur’on nusxalaridan biri hisoblangan Usmon mushafi namoyish etilgan. Shuningdek, bu yerda Qur’onning 114 ta noyob qo‘lyozma nusxalari ham saqlanadi.
Sug‘d, Baqtriya va Xorazm kabi qadimiy sivilizatsiyalar merosiga oid ashyolar, shuningdek, Xorazmiy, Beruniy va Ibn Sino kabi buyuk allomalarga tegishli qo‘lyozmalar va ilmiy asboblar ham ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Temuriylar davri esa Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq me’moriy modellar, miniatyuralar va astronomik asarlar orqali aks ettirilgan.
“Yangi O‘zbekiston” bo‘limida esa so‘nggi islohotlar va modernizatsiya jarayonlari sun’iy intellekt yordamida yaratilgan interaktiv ko‘rgazmalar orqali namoyon qilingan.
Ilm, madaniyat va ma’naviyat uyg‘unligi
Majmuaning eng muhim qismlaridan biri bo‘lgan Qur’on zalida Usmon mus’hafi bilan bir qatorda 114 ta noyob qo‘lyozma nusxalar namoyish etilgan. Shuningdek, zalda Qur’on oyatlarini vizual tarzda jonlantiruvchi golografik tizim o‘rnatilgan bo‘lib, u ilohiy vahiy tuyg‘usini his qilish imkonini yaratadi.
Markazda yana “Buyuk siymolar galereyasi” ham mavjud bo‘lib, unda Amir Temur, Bobur, Ulug‘bek, Beruniy va Xorazmiy kabi tarixiy shaxslarga bag‘ishlangan yirik pannolar joylashtirilgan.
Ginness rekordlari e’tirofi
O‘zining ulkan hajmi, boy kolleksiyasi va ko‘p funksiyali dizayni tufayli markaz 2026-yil 13-aprel kuni rasman “Dunyoning eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida Ginness rekordlari kitobiga kiritildi. Baholash jarayonida uning keng ko‘rgazma maydoni, 65 metrli gumbazi, 50 mingdan ortiq tarixiy eksponatlari hamda muzey, ilmiy-tadqiqot instituti va ta’lim markazi sifatidagi uyg‘un faoliyati inobatga olindi.
Rasmiylar ta’kidlashicha, mazkur markaz nafaqat muzey, balki ilmiy va ta’limiy platforma ham hisoblanadi. Unda ilmiy tadqiqot infratuzilmasi, o‘n minglab qo‘lyozmalarni o‘z ichiga olgan kutubxona hamda 500 mingdan ziyod manbani qamrab olgan raqamli arxiv mavjud.
Markaz, shuningdek, Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TURKSOY) va Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) kabi xalqaro tashkilotlarga ham mezbonlik qilmoqda. Bu esa uning madaniy hamkorlik markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi. Hozirning o‘zidayoq kunlik tashrif buyuruvchilar soni 5 ming nafarga yaqinlashgani unga bo‘lgan yuqori qiziqishdan dalolat beradi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.