Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Fransiyalik olimani Temuriylar merosiga munosabat qattiq ta’sirlantirdi

Fransiyalik olima, Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish uyushmasining prezidenti va hammuassisi — Frederik Bressan xonim O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Fransiyalik olima Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni jahon ilm-fani va madaniy muhitiga integratsiya qilish, shuningdek, O‘zbekistonda bu boradagi salohiyatni kengaytirish maqsadida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida UNESCO, ICESCO, IRCICA, TURKSOY kabi xorijiy nufuzli tashkilotlar qatorida Temuriylar uyushmasi uchun tashkil etilgan maxsus ofis bilan tanishdi. Olima ushbu e’tibor va yaratilgan imkoniyat uchun minnatdorlik bildirgan holda, o‘zi rahbarlik qiladigan uyushma uchun tashkil etilgan alohida ofis Temuriylar merosini o‘rganish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga xizmat qiladigan muhim maydon bo‘lishini ta’kidladi.

Shuningdek, tashrif doirasida Frederik Bressan xonim Markaz ekspozitsiyalari bilan tanisharkan, Qur’oni Karim zalidagi nodir manbalar va ularning zamonaviy taqdim etilishi, shuningdek, Ikkinchi Renessans — Temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘limdagi boy tarixiy va madaniy meros olimada chuqur taassurot qoldirdi. Ekspozitsiyalarda Temuriylar sulolasining davlatchilik an’analari, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi zamonaviy mulьtimedia vositalari orqali ta’sirchan tarzda yoritilgan.

Frederik Bressan, Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish uyushmasi prezidenti:

–  Men juda hayratdaman, chunki bunday maxsus xonani ko‘raman, deb umuman kutmagan edim. Ayniqsa, Temuriylar jamiyati logotipini ko‘rib, juda faxrlandim. Bu jamiyat ko‘p yillardan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Men uchun eng ta’sirli jihat — ushbu jamiyatning kamtarona tashabbus sifatida boshlanib, bugun 37 yil davomida barqaror faoliyat yuritib kelayotganidir. Buning barchasi Amir Temur va Temuriylar merosi bilan bog‘liq. Ayniqsa, men Mirzo Ulug‘bekni juda qadrlayman. Biz Temuriylar merosini Fransiya, Yevropa va Amerikada keng targ‘ib qilib kelyapmiz. Shu maqsadda ko‘plab ilmiy anjumanlar, tadqiqotlar va madaniy tadbirlar amalga oshirildi. Bugun esa O‘zbekistonda shunday zamonaviy Markaz barpo etilganini ko‘rib, juda xursandman.

Markazdagi ekspozitsiya va taqdimot juda puxta va yuqori darajada tashkil etilgan. Bu joy ko‘plab insonlarni jalb etadi va ularda chuqur taassurot qoldiradi. Bu yerdagi noyob eksponatlar va boy meros haqiqatan ham yuksak bahoga loyiq. Ayni paytda uyushma tomonidan “Passion Ouzbékistan” — “O‘zbekistonga muhabbat” nomli kitob ustida izchil ish olib borilmoqda. Ushbu nashr so‘nggi o‘ttiz yil davomida amalga oshirilgan faoliyatni umumlashtirib, o‘zbek va fransuz xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yoritishga qaratilgan. Bugun bu boy merosni dunyoga namoyon etish uchun yaratilgan imkoniyatlar meni juda quvontiradi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.