

Yangiliklar
Euronews: "Buyuk Britaniya politsiyasi noqonuniy aylanmadan musodara qilingan qadimiy artefaktlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga qaytardi."
Dunyoning yetakchi Euronews telekanalida yoritilgan materialda Buyuk Britaniya politsiyasi tomonidan noqonuniy aylanmadan musodara qilingan qadimiy artefaktlarning O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar beriladi. Ta’kidlanishicha, II–VIII asrlarga mansub noyob topilmalar xalqaro hamkorlik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ishtirokida aniqlanib, endilikda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanib, o‘rganiladi. Mazkur jarayon madaniy merosni muhofaza qilish va uni tarixiy vatanga qaytarish borasidagi global sa’y-harakatlarning muhim namunasi sifatida baholanmoqda.
Artefaktlar muzeylar va san’at bozori bilan hamkorlik orqali madaniy boyliklarni aniqlash va qaytarishga qaratilgan doimiy sa’y-harakatlar doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanadi. Topshirish marosimi Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan xalqaro madaniy tadbir doirasida bo‘lib o‘tdi.
London shahridagi Metropolitan Police tomonidan aniqlangan II–VII asrlarga mansub to‘qqizta artefakt O‘zbekistonga qaytarilmoqda.
Ushbu buyumlar noqonuniy ravishda olib chiqilgan bo‘lib, 2025 yil noyabrida “Operation Inherent Vice” deb nomlangan tergov doirasida musodara qilingan.
O‘tkazilishidan oldin ular Londondagi O‘zbekiston elchixonasida namoyish etildi. Artefaktlar qatoriga II–V asrlarga oid gips va terrakotadan yasalgan haykal boshlari kiradi. Ular Kushon davri va qadimgi Termiz, jumladan Qoratepa, Fayoztepa va Dalverzintepa kabi buddaviy san’at markazlari bilan bog‘liq.
Shuningdek, topilmalar orasida VII–VIII asrlarga oid devoriy rasmlar parchalari ham bor. Ayrimlari sug‘d san’at an’analari yoki Janubiy O‘zbekistondagi ilk monumental maktablar bilan bog‘liq deb hisoblanmoqda.
Tergov jarayoni Yevropa bo‘ylab olimlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida olib borildi. Metropolitan Police ma’lumotiga ko‘ra, bu ish madaniy merosning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida amalga oshirilgan.
Londondagi Al-Furqan Islamic Heritage Foundation bosh direktori Sali Shahsivariy artefaktlarning qaytarilishi faqat moddiy qiymat emas, balki tarixiy xotira bilan bog‘liqligini ta’kidladi:
“Bu jarayon boshqa artefaktlarni ham o‘z yurtiga qaytarishga turtki bo‘lishi mumkin”.
Topshirish marosimi Londonda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tadbir doirasida bo‘lib o‘tdi. Unda olimlar, madaniy muassasalar va rasmiylar ishtirok etib, madaniy merosni muhofaza qilish va noqonuniy savdoni oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Organisation for Security and Co-operation in Europe hamda WOSCU tashkiloti ko‘magida olib borilgan ishlarda xalqaro va mahalliy olimlar ishtirok etgani qayd etildi.
Art Loss Register ham artefaktlarni qaytarish jarayonida muhim rolь o‘ynadi. Ushbu jarayon bir san’at savdogari buyumlardan birining kelib chiqishiga shubha bildirganidan keyin boshlangan.
Artefaktlar hozirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelinmoqda. U yerda ular saqlanadi, o‘rganiladi va ekspozitsiyaga qo‘yiladi.
Markaz direktori Firdavs Abduqalikov ta’kidlashicha, 2017-yildan buyon madaniy merosni qaytarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. U London jahon san’at bozorining muhim markazlaridan biri ekanini, shu bois u yerdagi muassasalar bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega ekanini aytdi.
“Bu noyob artefaktlarning qaytarilishi nafaqat Yangi O‘zbekiston uchun yutuq, balki xalqaro hamkorlikning kuchini namoyon etadi”, — dedi u.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlar madaniy merosni saqlashda kelib chiqishni o‘rganish va xalqaro hamkorlikning ahamiyatini yanada oshiradi.
Art Loss Register vakillari ham madaniy obyektlarni izlash va qaytarish ishlari milliy madaniyatni tiklashning muhim qismi ekanini qayd etdi.
Markaz vakillari muzeylar, galereyalar va auksion uylari bilan hamkorlikni davom ettirish orqali yana boshqa artefaktlarni topish va qaytarish rejalashtirilayotganini bildirdi.
Qayd etilishicha, qaytarilgan artefaktlar turli tarixiy davrlarga mansub bo‘lib, Markaziy Osiyodagi madaniy rivojlanishni o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.