Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Malayziya Qirolichasi ishtirokida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 5-may kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, imkoniyatlar va dolzarb masalalar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ushbu anjuman O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan.

Kutilayotgan anjuman fan, ta’lim, madaniyat va sivilizatsiyalar muloqoti sohalarida yilning eng muhim xalqaro tadbirlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, tinchlik va o‘zaro anglashuv madaniyatini rivojlantirish, shuningdek, barqaror taraqqiyotning asosi sifatida ilm-fan va ma’rifatni ilgari surishga qaratilgan tashabbuslariga hamohangdir. Shu bilan birga, tadbir Malayziyaning ilmiy diplomatiya va xalqaro gumanitar hamkorlik sohasidagi izchil siyosatini ham aks ettiradi.

Konferensiyada davlat idoralari vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, yetakchi olim, tadqiqotchi, ekspert, ma’naviy-ma’rifiy doira vakillari, shuningdek, turli mamlakatlardan yosh mutaxassislar va talabalar ishtirok etadi. 300 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Dasturning alohida qismi sifatida Malayziya Qirolichasi Oliy Hazratlari Radja Zarit Sofiyaning ishtirok etishi va rasmiy murojaati rejalashtirilgan.

Dasturdan yalpi majlislar, mavzuli ilmiy ma’ruzalar, uchta seksiya yig‘ilishi, ekspertlar uchrashuvi hamda ikki tomonlama muzokaralar o‘rin olgan.

Konferensiya doirasida Malayziya texnologiya universiteti bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining qator yetakchi ilmiy-ta’lim va tadqiqot muassasalari — O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Malayziya tomoni “Nasyrul Qur’an” markazida nashr etilgan 20 000 nusxa Qur’oni karimni O‘zbekiston Respublikasining “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hadya qilish tashabbusini ilgari surdi.

Konferensiyaning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi alohida ramziy ahamiyatga ega. Ushbu noyob ilmiy-ma’rifiy majmua asrlar davomida shakllangan boy ilmiy merosni dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Bu zaminda matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa va boshqa fanlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yetishib chiqqan.

Tadbir doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Oliy Hazratlari Radja Zarit Sofiyaga O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda tayyorlangan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “Malayziya Islom san’ati muzeyi to‘plami” kitob-alьbomi hadya qilinadi.

Konferensiya davomida islom ilmiy merosini o‘rganishning zamonaviy yondashuvlari, shuningdek, musulmon olimlarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini xolis baholash masalalari muhokama qilinadi.

Anjuman yetakchi mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari e’tiborini jalb etadi. Tadbirni “Dunyo” axborot agentligi, Bernama TV, Radio Televisyen Malaysia va boshqa OAVlar yoritishi rejalashtirilgan.

Xorijiy mehmonlar va ishtirokchilar uchun Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishuv tashkil etiladi. Shuningdek, Samarqand va Buxoro shaharlariga — jahon sivilizatsiyasining durdonalari hisoblangan tarixiy maskanlarga madaniy-ilmiy safarlar uyushtiriladi.

Mazkur tadbir ilm-fan, ma’naviyat va millatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat birligining ramziga aylanishi, shuningdek, bilim, tinchlik va bunyodkor taraqqiyot kabi umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.