Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom ilmi yangi bosqichda: O‘zbekiston–Malayziya hamkorligi nimaga qaratilgan?

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun yana bir yirik xalqaro ilmiy muloqot maydoniga aylandi. Bu yerda Malayziya bilan hamkorlikda “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, imkoniyatlar va dolzarb masalalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Malayziya qirolichasi Raja Zarit Sofiya hazrati oliyalari ishtirokida tashkil etilgan mazkur konferensiya ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yanada boyitish, buyuk ajdodlarimiz yaratib qoldirgan ma’naviy merosni hamkorlikda tadqiq qilish va ommalashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Unda 300 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan, davlat idoralari vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, yetakchi olim, tadqiqotchi, ekspert, ma’naviy-ma’rifiy doira vakillari, shuningdek, turli mamlakatlardan yosh mutaxassislar va talabalar qatnashdi.

Ushbu muhim ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ikki davlat o‘rtasidagi hamkorliklarga to‘xtalarkan, Markaz o‘z faoliyatini boshlagan dastlabki davrdanoq Malayziyadagi qator idora va tashkilotlar bilan turli xalqaro anjumanlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar o‘tkazib kelayotganini qayd etdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Malayziya Oliy hukmdori Sulton Ibrohim Ismoil  rahnamoligida ikki do‘st davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. 

Shu paytga qadar Markaz  tomonidan Malayziyada O‘zbekistonning tarixi va bugungi hayoti haqida ikki marotaba yirik fotoko‘rgazma o‘tkazildi. O‘zbekistondagi islom sivilizatsisi vakillari ushbu do‘st mamlakatga o‘n marotabadan ortiq xizmat safarlarida bo‘lib qaytishdi. Malayziyalik hamkorlar yurtimizda o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlarda muntazam ishtirok etib kelishadi. 

2025 yil fevral oyida hurmatli Prezidentimizning Malayziyaga davlat tashrifi doirasida Markaz tomonidan Kuala-Lumpurda xalqaro konferensiya, qator uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, davra va suhbatlari va taqdimotlar o‘tkazildi.  Malayziyadagi qator ilmiy-ma’rifiy muassasalar bilan  memorandumlar imzolandi.

Malayziyadagi islom san’ati muzeyi Markazning doimiy hamkorlaridan biri sanaladi. O‘tgan yili Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zboshisi bilan “O‘zbekiston madaniy merosi” loyihasi doirasida mazkur muzeyda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid artefaktlar haqida maxsus kitob-alьbom chop etildi. Markazda Malayziya bilan hamkorlikda bugun o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy muloqotlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga, mushtarak madaniyatimiz va tariximizni  teranroq  anglashga, turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Prezidentimizning shaxsiy g‘oya va tashabbuslari bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat yurtimizda, balki butun mintaqada islom sivilizatsiyasi va Sharq madaniy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan yirik ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida shakllanmoqda. 

Malayziya qirolichasi Raja Zarit Sofiya konferensiya ochilish marosimida nutq so‘zlab, O‘zbekistondagi islom sivilzatsisi markazi bugungi kunda islom madaniyati, tarixi, merosini jahon miqyosidaa o‘rganishda katta ahamiyat kasb etishiga to‘xtalib, bugungi kunda islomiy merosni o‘rganish, uning jahon sivilizatsiyadagi o‘rnini belgilash nihoyatda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. 

– O‘zbekiston buyuk allomalar yurti, bu zamindan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Abu Mansur Moturidiy, Imom Termiziy singari allomalar merosi bugungi kunda ham islom olamida o‘qib o‘rganilmoqda. Ularning asarlarini, ilmiy qarashlarini  keyingi avlodlarga ham yetkazish, ularning asralarida ilgari surilgan umuminsony g‘oyalarni hayotimizda keng targ‘ib etishga katta e’tibor qaratishimiz kerak. Bu borada ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik kutilgan samaralarni berishiga ishonaman, – dedi Malayziya qirolichasi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Administratsiyasi departament boshlig‘i Muzaffar Komilov, Malayziya oliy ta’lim vaziri Datuk Seri Diradja Zambri Abdulqodir, O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Alparslan Achikgench va boshqalar O‘zbekiston va Malayziya hamkorligining istiqbollari, islom sivilizatsiyasi merosini tadqiq etishdagi muhim masalalar, ilmiy-ma’rifiy aloqalarni  rivojlantirish bo‘yicha to‘xtalib o‘tishdi. 

Shuningdek, konferensiya kun tartibi doirasida ikki mamlakat ilm ahli “Ilm va uning ta’riflari, an’anasi”, “Musulmon dunyosida ilm-fan ta’limi, “Zamonaviy da’vatlar va ilmiy paradigmalar” singari mavzulardagi sho‘’ba yig‘ilishlarida o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Malayziya va O‘zbekistondagi qator ilmiy-ma’rifiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida memorandumlar imzolandi. 

Konferensiya doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosida o‘tkazilgan ekskursiyalar, markaz muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishuv mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Alparslan Achikgench Markazning Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilganini nihoyatda quvonarli hodisa sifatida e’tirof etdi.

– Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarida ilm olish har bir muslim va muslima uchun farz ekanligi aytib o‘tilgan. Bu hadisi sharifni O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga kirish darvozasi peshtoqida o‘qib benihoya xursand bo‘ldim. Bu markaz islom olamidagi eng katta islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani ham nihoyatda quvonarli hodisa bo‘ldi. O‘zbekistonda ana shunday Markazning yaratilgani bu  mamlakatda ilm-fan va madaniy  merosga, islomiy qadriyatlarga e’tibor qanchalik yuksak ekanini ko‘rsatadi, – dedi u.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.