

Yangiliklar
Toshkentda global ilm-fanning yangi yo‘nalishi muhokama qilindi
Sun’iy intellekt insondan ustun kelishi mumkinmi? Yoki insoniyat allaqachon bu savolga javob topganmi? Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, imkoniyatlar va dolzarb masalalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada aynan shu masala atrofida malayziyalik va mahalliy olimlarning muhokama yig‘ilishlari o‘tkazildi. Bu yerda olimlar faqat texnologiyalar haqida emas, balki insonning o‘zi — uning aqli, ruhi va bilish chegaralari haqida so‘z yuritdi.
2026-yil 5-may kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish, ilm-fanni global taraqqiyotning asosiy omili sifatida qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada 300 nafardan ortiq ishtirokchi — davlat idoralari vakillari, yetakchi olimlar, ekspertlar, tadqiqotchilar va talabalar qatnashdi. Tadbir doirasida sho‘ba yig‘ilishlari tashkil etildi. Ularda islom sivilizatsiyasi ilmiy merosini zamonaviy sharoitda qayta talqin qilish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida sho‘ba yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda ilmiy merosni zamonaviy talqin qilish, uning dolzarb muammolari va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, birinchi sho‘bada ilm tushunchasining tarixiy shakllanishi, tasnifi va bugungi davrdagi ahamiyati yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.
Jumladan, Malayziya texnologiya universiteti vitse-kansleri Mohd Shafri Mohd Rahim sun’iy intellekt asrida axloq va odob masalasi ilm-fan rivojida hal qiluvchi o‘rin tutishini qayd etdi.
Turkiyalik professor Bilal Kuspinar esa islom ilmiy merosini zamonaviy dunyo bilan uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidlab, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Ahmad Yassaviy va Abu Rayhon Beruniy kabi allomalarning g‘oyalari bugungi global muammolarni anglashda muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi.
Bilal Kuspinar Toshko‘prizoda, Najmiddin Erbakan universiteti professori:
– Avvalo, O‘zbekiston hukumati va ushbu Markazni barpo etishda hissa qo‘shgan barcha insonlarni tabriklayman. Bu maskan kelajakda global ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Markazda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy amaliy konferensiya doirasida o‘tkazilgan muloqot yig‘ilishimizda ikki muhim masala muhokama qilindi: birinchisi — ilm-fanning mohiyati, uning ta’rifi va zamonaviy dunyo muammolari qarshisida musulmonlarning o‘rni; ikkinchisi — boy ilmiy merosni bugungi dunyo bilan uyg‘unlashtirish masalasi.
Muhokamalarda Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Ahmad Yassaviy va Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar merosiga tayanildi. Ularning ilmni inson mavjudligi va haqiqatni anglash bilan bog‘lagan qarashlari tahlil qilindi.
Shuningdek, sun’iy intellekt masalasi axloqiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqilib, zamonaviy texnologiyalarni ma’naviyat bilan uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Umuman olganda, uchrashuv mazmunli va samarali bo‘ldi. Bu kabi anjumanlar ushbu markazning nufuzli ilmiy va falsafiy maydonga aylanishiga xizmat qiladi, – dedi professor.
Sho‘ba muhokamalari markazida shuningdek, islomshunoslik, falsafa, tarix va zamonaviy ilm-fan kesishmasidagi dolzarb masalalar turdi. Ayniqsa, an’anaviy diniy bilimlar bilan zamonaviy ilmiy qarashlar o‘rtasidagi uyg‘unlik imkoniyatlari keng muhokama qilindi.
Yig‘ilish xorijlik professor Djorj Sanikidzening Gruziyada islom tadqiqotlari rivojiga bag‘ishlangan ma’ruzasi bilan ochildi. U tarixiy silsilalarda diniy ilmlar qanday o‘zgarganini qiyosiy tahlil qildi.
Shundan so‘ng professor Shovosil Ziyodov Imom Buxoriy merosining ahamiyatiga to‘xtalib, uni nafaqat islom dini, balki butun insoniyat ma’naviy taraqqiyoti uchun muhim ilmiy manba sifatida baholadi.
Konferensiyadagi eng muhokamali chiqishlardan biri malayziyalik tadqiqotchi Dayang Nurxaziyeka Hamzani tomonidan taqdim etildi. U zamonaviy ong tadqiqotlarida “ruh” tushunchasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.
Uning fikricha, islom tafakkurida “aql”, “qalb”, “nafs” va “ruh” tushunchalari allaqachon chuqur tahlil qilingan bo‘lib, bu meros sun’iy intellekt davrida inson tabiatini yanada to‘liq anglash imkonini beradi.
— Islom ilmiy an’anasi hali to‘liq o‘rganilmagan katta salohiyatga ega. Bugungi kunda sun’iy intellekt haqida bahslar davom etar ekan, “intellekt nima?” degan savol ochiq qolmoqda. Islom tafakkurida esa bu tushuncha “aql”, “nafs”, “qalb” va “ruh” uyg‘unligida allaqachon izohlangan.Shu bois, bu meros zamonaviy ilm-fanni boyitish, inson tabiatini chuqurroq anglash va ilm bilan ruhiyat o‘rtasidagi muvozanatni saqlashda muhim ahamiyatga ega. Bu bilimlarni keng targ‘ib etishda ilmiy-ma’rifiy markazlar, xususan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim rol o‘ynaydi va boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘la oladi. Biroq faqat namoyish yetarli emas — allomalar merosini chuqur anglash, o‘tmish tillarini o‘rganish va yoshlarni bu yo‘lga jalb etish zarur, – dedi u.
Zamonaviy texnologiyalar bu jarayonni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo eng muhim omil — yoshlarning ushbu merosga bo‘lgan qiziqishi va hurmatini shakllantirishdir. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professori Ilhomjon Bekmirzayev “XII–XIII asrlarda asrlarda Buxoroda faoliyat yuritgan Oli Moza oilasi va ularning huquqiy madaniyat rivojiga ko‘shgan hissasi” deb nomlangan ma’ruzasida Oli Moza oilasining huquqiy madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasini tarixiy manbalar asosida tahlil qildi. Ushbu ma’ruzada mazkur oilaning fiqhiy bilimlarni rivojlantirish, huquqiy an’analarni shakllantirish va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi o‘rni yoritildi.
Malayziya texnologiya universiteti Raja Zarit Sofiya nomidagi Islom, fan va sivilizatsiya bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi, doktor Muhammad Ixvan Azlanning fikricha esa, o‘tmish ilmiy merosini qayta o‘rganish va anglash muhimdir.
— Bugungi konferensiya islom ilmiy an’anasi haqida ochiq va ilmiy asosda fikr yuritilayotgani bilan ahamiyatlidir. Zamonaviy ilm-fan hayotimizga chuqur kirib kelgan bo‘lsa-da, uning ortidagi g‘oyalarni to‘liq anglash dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, biz boy ilmiy merosga egamiz va ayniqsa O‘zbekiston bu merosning muhim markazlaridan biridir. Endi asosiy vazifa — uni saqlash bilan cheklanmay, chuqur talqin qilish va bugungi davrga mos qo‘llashdir. Fundamental ilmiy g‘oyalar asrlar davomida o‘zgarmaganini Aristotel, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xorazmiy va Ibn Sino asarlarida ko‘rish mumkin. Ularning mantiq, matematika va bilish haqidagi qarashlari bugun, sun’iy intellekt davrida ham dolzarbligicha qolmoqda. Shu bois, o‘tmish ilmiy merosini qayta o‘rganish va anglash muhimdir. Bu borada ilmiy-ma’rifiy markazlar muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi, – deydi u.
“Musulmon dunyosida ilm-fan va ta’lim” mavzusidagi sho‘’ba yig‘ilishida esa islom sivilizatsiyasida ilm-fan va ta’limning o‘rni, ilmiy merosning zamonaviy talqini hamda bilimlar tizimining nazariy asoslari atroflicha muhokama qilindi.
Malayziya texnologiya universiteti Raja Zarit Sofiya nomidagi Islom, fan va sivilizatsiya bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar markazi direktori Doktor Mohd Hilmi Ramli muhokama muloqotida quyidagilarni ta’kidladi:
–Islomda bilim muayyan manbalarga tayanadi. Inson bilimni, avvalo, sezgi a’zolari orqali qabul qiladi, keyin esa aql-idrok orqali uni anglaydi va ishonchli manbalar orqali mustahkamlaydi. Bu yondashuv Imom Motrudiy va Imom Taftazoniy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosida o‘z ifodasini topgan. Bunday konferensiyalar Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va yangi tadqiqot yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, tarixiy manbalarni o‘rganish va ularni zamonaviy intellektual jarayonlarga tatbiq etishda hamkorlik katta imkoniyatlar ochadi.
Sho‘ba yig‘ilishida, shuningdek, Tatyana Denisova, Gulchehra Rixsiyeva hamda Homidjon Ishmatbekov kabi nufuzli olimlar ishtirok etib, o‘z ma’ruzalarida islom sivilizatsiyasida ilm-fanga munosabat, sharqshunoslikning tarixi va istiqbollari hamda Markaziy Osiyo allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini yoritib berdilar.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar o‘rtasida muhokama va savol-javoblar o‘tkazilib, ilmiy mulohazalar almashildi. Tadbir qatnashchilari bu ilmiy-amaliy muhokamalar islom sivilizatsiyasida ilm-fan va ta’lim masalalarini chuqur o‘rganish, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lganini ta’kidladilar.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi anjumanlar Markaziy Osiyoning ilmiy merosini qayta kashf etish va uni global intellektual makonga integratsiya qilishda muhim bosqich hisoblanadi.
ESLATIB O‘TAMIZ: Joriy yilning 5 may kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Malayziya Qirolichasi ishtirokida “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, dolzarb masalalar va salohiyat» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.