Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Serbiya vaziri Toshkentda: “Bu maskanda sivilizatsiyaning ildizlarini his qilish mumkin”

Qadimiy qoyatosh suratlaridan tortib, algoritmga asos solgan ilmiy merosgacha bo‘lgan tarixiy taraqqiyot davrlarini o‘zida jamlagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Jurich oddiy muzey sayriga emas, balki sivilizatsiyani qayta anglash maskaniga guvoh bo‘ldi.

Serbiya Tashqi ishlar vaziri Marko Jurich O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining barcha ekspozitsiyalari bilan batafsil tanishib chiqdi. Dastlab u “Buyuk siymolar galereyasi”da bo‘lib, 14 ta pannoda aks ettirilgan yurtimizning boy tarixi, buyuk allomalar va tarixiy shaxslar merosini ko‘zdan kechirdi. Mikromozaika uslubida, 110 dan ortiq rangdagi mayda toshlar yordamida qo‘l mehnati bilan yaratilgan ushbu asarlar mehmonda katta taassurot qoldirdi. Galereyada Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek hamda Alisher Navoiy kabi ulug‘ siymolar tasviri o‘rin olgan.

Vazir, ayniqsa, Muhammad Xorazmiy merosiga alohida e’tibor qaratdi. Uning “Al-jabr val-muqobala” asari orqali algebra faniga asos solgani, o‘nlik sanoq tizimini keng yoygani hamda algoritm tushunchasining shakllanishiga zamin yaratgani haqidagi ma’lumotlar mehmonni hayratga soldi.

Tashrif davomida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bo‘ylab virtual sayohat qilish imkonini beruvchi interaktiv ekranlar ham alohida qiziqish uyg‘otdi. Zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan ushbu platforma orqali Samarqand, Buxoro va boshqa qadimiy maskanlarga virtual tarzda tashrif buyurish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu real sayohatlarga ham ilhom bag‘ishlashi ta’kidlandi.

“Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” bo‘limida namoyish etilgan qadimiy yodgorliklar, xususan Sarmishsoy qoyatosh suratlari martabali mehmon e’tiborini tortdi. Ming yillik tarixga ega ushbu tasvirlar ibtidoiy san’atning noyob namunasi sifatida yuqori baholandi. 

Buyuk Ipak yo‘li davriga oid hunarmandchilik namunalari, xususan gilamdo‘zlik san’ati mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Vazir ushbu an’ananing O‘zbekiston va Serbiya hududlarida o‘xshash jihatlari mavjudligini qayd etib, tarixiy savdo aloqalari orqali madaniy yaqinlik shakllangan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Arxitektura merosi namunalaridan Somoniylar maqbarasi hamda Mag‘oki Attori masjidi alohida e’tirof etildi. Ushbu obidalarning asrlar davomida saqlanib kelayotgani, o‘ziga xos me’moriy yechimlari va tarixiy ahamiyati mehmon tomonidan yuqori baholandi.

Ikkinchi Renessans davri bo‘limida Amir Temur shaxsiga oid Yevropa manbalari, xususan lotin tilidagi asarlar namoyishi katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, Amir Temurning 1402-yilda Karl VI ga yo‘llagan maktubi va Fransiya qirolining javob xati tarixiy diplomatik aloqalarning yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.

Xonliklar davriga oid eksponatlar orasida XIX asrga mansub Qo‘qon xonining qilichi ham mehmon e’tiborini tortdi.

Bundan tashqari, vazir Yangi O‘zbekiston bo‘limidagi zamonaviy ekspozitsiyalar bilan tanishib, markazda bir necha ming yillik tarixdan tortib bugungi taraqqiyot va kelajak istiqbollarigacha bo‘lgan jarayon yagona makonda mujassam etilganini alohida ta’kidladi. 

Marko Jurich, Serbiya tashqi ishlar vaziri:

–  Dunyoning ko‘plab muzeylarida bo‘lganman, biroq bu maskan o‘ziga xosligi va betakrorligi bilan alohida ajralib turadi. Bu yerda sivilizatsiyaning ildizlarini his qilish mumkin.

Bu tashrif men uchun nihoyatda o‘rgatuvchi va ilhomlantiruvchi bo‘ldi. Aytishim kerakki, dunyoning turli burchaklaridan ko‘plab insonlar bu maskanga kelib, uning boy merosini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari zarur. Zero, O‘zbekiston ilmiy, ma’naviy, diniy, madaniy va sivilizatsion qadriyatlarning muhim manbalaridan biri hisoblanadi va bu haqda yanada chuqurroq bilishimiz kerak.

Shuningdek, muzeyshunoslik nuqtai nazaridan ham sizlarni alohida tabriklayman. Bu - haqiqatan ham yuqori daraja, yangi bosqichdir. Bunday imkoniyatga ega bo‘lganimdan benihoya mamnunman. 

Tashrif so‘ngida Marko Jurich Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z dastxatini yozib qoldirdi.

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3
carousel image 4

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.