

Yangiliklar
Malayziya qirolichasi O‘zbekiston bilan hamkorlikning muhim jihatlarini ochiqladi
Malayziya qirolichasi Raja Zarit Sofiya hazrati oliyalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Malayziya bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’ana: manbalar, imkoniyatlar va dolzarb masalalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada faxriy mehmon sifatida ishtirok etgani haqida xabar qilgandik.
Qirolicha ushbu xalqaro ilmiy muloqotda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanini ta’kidlab, Buyuk Ipak yo‘li asrlar davomida ikki mintaqani bog‘lab kelganini qayd etdi. Anjumanda shuningdek, Imom Buxoriy, Moturidiy, Beruniy, Ibn Sino kabi buyuk allomalar merosi Malayziya hududiga ilgari kirib borgani va ta’lim muassasalarida o‘rganib kelinayotganini alohida e’tirof etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim kelishuvlar va memorandumlar imzolandi. Ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari va madaniy tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, ilmiy merosni o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha yangi istiqbolli rejalar belgilab olindi.
Raja Zarit Sofiya, Malayziya qirolichasi:
– Islom sivilizatsiyasida ilmiy an’analarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyasida sizlar bilan birga bo‘lish men uchun katta sharafdir.
O‘zbekiston musulmon ilm-fani tarixidagi muhim markazlardan biridir. Bu hudud bilan bog‘liq nomlar bugungi kunda ham butun musulmon olamida katta ehtirom bilan tilga olinadi. Samarqand va Buxoro nafaqat go‘zalligi, balki ularda shakllangan ilmiy an’analari bilan ham mashhurdir. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Beruniy kabi allomalarni yodga olganimizda, bu zamin ilm va sharaf ustuvor bo‘lgan sivilizatsiyaning markazida turganini anglaymiz.
Bugungi asosiy vazifa — buyuk merosni faqat maqtash emas, balki uni qayta jonlantirishdir. Bunday anjumanlar shuning uchun muhim: ular nafaqat olimlarni birlashtiradi, balki avlodlar o‘rtasidagi uzluksizlikni ta’minlaydi. Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik bilim, meros va taraqqiyotga bo‘lgan umumiy intilishni ko‘rsatadi.
Geografiya jihatidan uzoq bo‘lsak-da, biz ilm va sivilizatsiya orqali bog‘langanmiz. Islom sivilizatsiyasi hech qachon bir xalqqa tegishli bo‘lmagan — u umumiy merosdir. Biroq merosni qabul qilishning o‘zi yetarli emas. Unga munosib bo‘lish kerak. Bu esa haqiqatni izlash, kamtarlik, adolat va odob orqali amalga oshadi.
Keling, o‘tmishni nishonlash bilan cheklanmay, kelajak uchun mas’uliyatni ham o‘z zimmamizga olaylik.
Ilmni kamtarlik bilan izlaylik, hamkorlikni samimiyat bilan quraylik.
Konferensiya kun tartibi doirasida Malayziya qirolichasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi.
Birinchi Renessans davri bo‘limida IX–XII asrlardagi ilmiy yuksalish, Movarounnahr va Xurosonda shakllangan ilm-fan maktablari va buyuk allomalar faoliyati yoritilganiga alohida qiziqish bildirdi.
Muzey bo‘ylab ekskursiya davomida muqaddas Ka’bapo‘sh — Kisvaning 1988 va 2023 yillarga oid asl namunasi mehmonda katta taassurot qoldirdi. Martabali mehmon, shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning dunyo hukmdorlariga yo‘llagan maktublari, Baytul hikma ilmiy muhiti va usturlob kabi noyob ilmiy asboblarni ham katta qiziqish bilan kuzatdi.
Shuningdek, Saljuqiylarning ikki boshli burgut tasviri tushirilgan davlat ramzi, qimmatbaho taqinchoqlar va amaliy san’at namunalari, Buxorodagi Mag‘oki Attor masjidi tarixi haqidagi ma’lumotlar ham mehmon e’tiborini tortdi.
Markazning Qur’oni karim zaliga tashrif chog‘ida esa noyob ipak gilamlar, 65 metrli gumbaz ostida joylashgan muqaddas Usmon mushafi Qirolichaning chuqur hayajoniga sabab bo‘ldi.
Tashrif yakunida qirolicha Raja Zarit Sofiya hazrati oliyalari Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z fikr-mulohazalarini yozib qoldirdi. U markazning ilmiy salohiyati, zamonaviy yondashuvlari va noyob ekspozitsiyalarini yuksak baholab, bunday maskanlar xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Mazkur tashrif va konferensiya doirasidagi muloqotlar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, mushtarak tarix va madaniy merosni chuqur o‘rganish hamda uni keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.