
Yangiliklar
«Euronews» direktorlar kengashi raisi: “Bu so‘nggi o‘n yilliklarda yaratilgan eng yaxshi muzeylardan biri”
«Euronews» mediaxoldingi direktorlar kengashi raisi Pedro Vargas David O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, mamlakatning tarixiy, ilmiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida delegatsiya Markazning asosiy bo‘limlarini ko‘zdan kechirdi. Mehmonlarda, ayniqsa, saljuqiylar davriga oid oltin taqinchoqlar hamda Markaz ekspozitsiyasidan o‘rin olgan Ka’ba yopinchig‘i — Kisva katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, delegatsiya Islom sivilizatsiyasi markazining Anjumanlar zali bilan tanishdi. Ulug‘bek Mirzo rasadxonasi va buyuk astronomning ilmiy merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.
Tashrif doirasida, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va «Euronews» telekanali o‘rtasida kelgusidagi hamkorlik masalalari yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar madaniy-tarixiy merosni yoritish sohasida axborot hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning boy tarixini xalqaro media maydonida keng targ‘ib etish va global muloqotni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Pedro Vargas David, «Euronews» mediaxoldingi direktorlar kengashi raisi:
— Avvalo, ushbu Markazga ilk bor tashrif buyurayotganim men uchun katta sharaf va ulkan mamnuniyat ekanini ta’kidlamoqchiman. Bugun ko‘rganlarim chindan ham hayratlanarli taassurot qoldirdi. Hech ikkilanmasdan ayta olamanki, bu insoniyat tomonidan so‘nggi o‘n yilliklarda yaratilgan eng yaxshi muzeylardan biridir.
Bu maskan nafaqat Toshkent, O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo, balki butun insoniyat uchun ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan noyob joydir. Bu yerda nihoyatda boy merosga ega mamlakat tarixi o‘z aksini topgan. Eng muhimi esa, siz bu tarixning o‘tmishdan bugungi kungacha uzviy davom etayotganini his qilasiz. Mamlakat o‘z kelajagini aniq tasavvur qilayotgani va uni bugunning o‘zida barpo etayotganini anglaysiz.
Dunyo ahli hali O‘zbekiston haqida juda ko‘p yangi jihatlarni kashf etishi kerak. Buyuk ipak yo‘lining Sharq va G‘arb chorrahasida joylashgan ushbu yurt ko‘pchilik uchun go‘yo orzular mamlakatiday tuyuladi. Odamlar Samarqand va Buxoro haqida orzu qiladi, biroq ularni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish hamma uchun ham nasib etmagan.
Menimcha, ushbu Markaz insonni mamlakat tarixining turli davrlari bo‘ylab sayohat qildiradi va bularning barchasini yagona makonda ko‘rsatib beradi. Agar kimdir O‘zbekiston bilan ilk tanishayotgan bo‘lsa, sayohatini aynan shu yerdan boshlashi kerak. Agar Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda bo‘lib ulgurgan bo‘lsa, safarini aynan shu Markazda yakunlagani ma’qul. Chunki bu yerda mamlakat tarixining yaxlit manzarasi jamlangan.
Shuningdek, bu Markaz kelajak avlodlar uchun ham ilhom manbaiga aylanishiga ishonaman. Bu yerda ko‘plab bolalarni ko‘rdik va bu juda muhim. Hech bir davlat o‘z tarixini anglamasdan va hurmat qilmasdan kelajak qura olmaydi. Aynan shunday maskanlar insoniyatga o‘tmishdan saboq olib, kelajak uchun mustahkam poydevor yaratishga yordam beradi.
Tashrif yakunida Pedro Vargas David O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.


