Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Tarix, ma’rifat va vatanparvarlik uyg‘unlashgan dars

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridan kelgan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi o‘quvchilari uchun o‘quv-ma’rifat soati tashkil etildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, davlatchilik tarixi va ma’naviy merosi haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Tashrif davomida o‘quvchilar Markazda tarix va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligi asosida yaratilgan muhitga alohida qiziqish bildirdilar. Interaktiv taqdimotlar, mikromozaika san’ati, sun’iy intellekt asosida namoyish etilgan ekspozitsiyalar hamda tarixiy artefaktlar ularda katta taassurot qoldirdi. Yoshlar Markazda o‘tmish voqealari faqat namoyish etilmasdan, balki zamonaviy yondashuvlar orqali “jonlantirilgani”ni alohida ta’kidladilar.

Shuningdek, tadbir doirasida ma’rifiy muloqot ham tashkil etildi. Unda yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, kasbiy mas’uliyat, ta’lim va amaliyot uyg‘unligi, shuningdek Uchinchi Renessans g‘oyasida yoshlarning o‘rni kabi muhim masalalar muhokama qilindi.

Podpolkovnik Djoldasova Saxipjamal, Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmati boshlig‘i:

“Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey, balki ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy va madaniy merosni yoshlarga yetkazuvchi muhim ma’rifiy maskandir. Bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali yoshlar xalqimiz dunyo tamadduniga qo‘shgan hissasini anglab, o‘zlarining kimning avlodi ekanini yanada chuqur his qiladi. Ayniqsa, bu kabi tashriflar yoshlarda vatanparvarlik, intellektual salohiyat va ma’naviy immunitetni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, markazning o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda Islom sivilizatsiyasi nafaqat diniy, balki ilm-fan, tarix, adabiyot va davlatchilik taraqqiyoti bilan bog‘liq holda namoyon etilgan. Xususan, Amir Temurga bag‘ishlangan ekspozitsiya yoshlarda katta qiziqish uyg‘otgani alohida ta’kidlandi”.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Markaz nafaqat muzey, balki yoshlarning fikrlashi, tarixga munosabati va kelajak haqidagi qarashlarini shakllantiruvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy makon ekanini alohida e’tirof etdilar.

Bekzod Majidov, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar akademiyasi litseyi 2-bosqich o‘quvchisi:

“Amir Temurga bag‘ishlangan ekspozitsiya meni qiziqtirdi. Zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt orqali sohibqiron bilan gaplashib uning davlat boshqaruvi va harbiy san’ati haqida ma’lumot olish imkoniyati juda ta’sirli bo‘ldi.

Men shaxmatga qiziqaman va shu vaqtgacha uning vatani Hindiston deb bilardim. Ammo markazdagi ekspozitsiyalar orqali ilk shaxmat donalari O‘zbekiston hududidan topilganini bildim. Ayniqsa, bu topilmalarning Surxondaryo bilan bog‘liq ekani men uchun alohida faxr uyg‘otdi.

Shuningdek, Uchinchi Renessans bo‘limida O‘zbekistonning lider yoshlari haqidagi ekspozitsiyalar ham menda katta ilhom uyg‘otdi. Bu yerda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va mamlakat kelajagiga bo‘lgan ishonch yaqqol aks etgan”.

Joziba Shuhratova, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar akademiyasi litseyi o‘quvchisi: 

“Ekspozitsiyalardagi har bir detalga katta e’tibor qaratilgani yoshlarda tarixga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.

Tashrif doirasida “Yoshlar va rahbar” uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Unda bizga Ichki ishlar vaziri imzosi tushirilgan tabriknoma topshirildi. Unda Vatanga sadoqat, mas’uliyat va xizmat haqidagi fikrlar biz uchun katta motivatsiya bo‘ldi.

Men ham kelajakda yurtimga, xalqimga va Prezidentimizga munosib bo‘lgan ichki ishlar xodimi sifatida xizmat qilishni maqsad qilganman”.

Guljahon Baxtiyorova, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar akademiyasi litseyi o‘quvchisi:

“Zahiriddin Muhammad Bobur va temuriylar davriga oid ekspozitsiyalarda ayollarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni alohida yoritilgani e’tiborimni tortdi. Amir Temur davriga oid eksponatlar, xususan, Qur’on nusxalarining ko‘chirilishi, Bibixonimga oid tarixiy ma’lumotlar va nafis liboslar bizning boy madaniyatimiz hamda yuksak didimizni yaqqol namoyon etadi.

Birinchi Renessans zalidagi Beruniyga bag‘ishlangan kapsula ham men uchun juda qiziqarli bo‘ldi. U yerda allomaning ilm-fanga qo‘shgan hissasi, ayniqsa, Yer va globus haqidagi qarashlari zamonaviy usulda namoyish etilgan.

“Yangi O‘zbekiston -Yangi Renessans” bo‘limida esa yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, erishilayotgan yutuqlar va “Biz Yangi O‘zbekistonni birga quramiz” g‘oyasi menda katta motivatsiya uyg‘otdi. Kapsulalarda namoyish etilgan yoshlar yutuqlarini ko‘rib, kelajakda men ham Vatanimiz ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga intilishim kerakligini his qildim”.

 

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.