
Yangiliklar
El Mundo Financiero:"Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Madridda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi"
Ispaniyaning El Mundo Financiero nashrida Madridda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro konferensiya haqida maqola e’lon qilindi. Unda Amir Temur merosiga bag‘ishlangan anjuman Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tarixiy muloqotning muhim maydoni sifatida baholanib, forumda O‘zbekistonning madaniy merosni asrash va temuriylar sivilizatsiyasini xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlari alohida e’tirof etildi.
Madrid shahridagi nufuzli madaniy markaz — Casa Árabe majmuasida buyuk davlat arbobi, zabardast sarkarda, qudratli davlat asoschisi va jahon tarixining eng yorqin siymolaridan biri bo‘lgan Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Farrux Tursunov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi va O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati kengashi raisi Firdavs Abduxoliqov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev, ispaniyalik yozuvchi Xesus Sanches Adalid, Ispaniya Sharqshunoslar uyushmasi bosh kotibi va Madrid Avtonom universiteti Osiyo tadqiqotlari markazi professori Xesus Gil Fuensanta, “La Temurid” uyushmasi prezidenti Frederik Bressand, “Mueller & Schindler” nashriyoti prezidenti Sharlotta Kramer, mazkur nashriyot vitse-prezidenti Aleksandr Vilьgelьm va boshqalar ishtirok etdi.
Ilmiy-ma’rifiy forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan keng ko‘lamli yubiley tadbirlarining muhim davomiga aylandi. Amir Temur tavalludining 690 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risidagi qarorga muvofiq, ushbu sana O‘zbekistonda davlat va xalqaro darajada keng nishonlanmoqda hamda aprelь oyi “Amir Temur oyi” deb e’lon qilingan.
Yubiley tadbirlari O‘zbekistonda boshlanib, 2026-yil 8–12 aprel kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tgan edi.
Tadbir aynan Ispaniyada o‘tkazilgani unga alohida tarixiy mazmun bag‘ishladi. Chunki Ispaniya — Samarqandga tashrif buyurgan mashhur elchi va solnomachi Ruy Gonsales de Klavixo vatani hisoblanadi. Uning Amir Temur davlati haqida qoldirgan yozma merosi Temuriylar tarixi bo‘yicha eng muhim manbalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Shu bois forum Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘p asrlik muloqotning ramziy davomiga aylandi.
Forumda Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasi davlatlaridan kelgan 70 dan ortiq olimlar, tadqiqotchilar, madaniyat arboblari, diplomatlar va ekspertlar ishtirok etdi. Bu esa Amir Temur shaxsi va temuriylar merosiga bo‘lgan xalqaro qiziqish yuksak ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov so‘zga chiqib, o‘zbek-ispan munosabatlari jadal rivojlanayotgani va gumanitar hamkorlik mustahkamlanayotganini ta’kidladi.
Asosiy ma’ruza bilan chiqqan Xayriddin Sultonov bugungi geosiyosiy sharoitda davlatlar o‘rtasida ishonch va muloqotni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ochiq va tinchlikparvar tashqi siyosat yuritmoqda hamda madaniy-gumanitar hamkorlik xalqaro munosabatlarning muhim ustuniga aylanmoqda.
Forum doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida videorolik namoyish etildi. Unda milliy merosni o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yoritildi.
Firdavs Abduxoliqov Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaz faoliyati haqida so‘z yuritib, ayniqsa temuriylar merosining ahamiyatiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, Markazda temuriylar davrining ilm-fan, madaniyat, san’at va davlatchilik rivojiga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi keng ekspozitsiya yaratilmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonga qaytarilgan qariyb 2000 ta madaniy meros obyektining salmoqli qismi temuriylar davriga tegishli ekani ma’lum qilindi.
Xurshid Fayziyev o‘z chiqishida Amir Temur shaxsining umuminsoniy tarixiy ahamiyati va temuriylar davrining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidladi.
Taqdim etilgan mulьtimedia materiallari zamonaviy badiiy talqinda madaniy va ilmiy meros boyligini, shuningdek, O‘zbekistonning uni asrash va targ‘ib qilishga qaratilgan izchil davlat siyosatini yaqqol namoyon etdi.
Madriddagi xalqaro konferensiya Amir Temur tavalludining 690 yilligi haqiqatan ham global ahamiyat kasb etganini va madaniy aloqalar hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini yana bir bor isbotladi.
Forumning xorijlik ishtirokchilari ham tadbirga yuqori baho berishdi.
“La Temurid” uyushmasi prezidenti Frederik Bressand shunday dedi:
— Bunday loyihalar yosh avlodga o‘z tarixini yanada chuqurroq anglash va uni mintaqa taraqqiyotining ko‘p asrlik tarixi bilan bog‘liq holda ko‘rish imkonini beradi. Bu nafaqat mamlakat fuqarolari, balki xalqaro jamoatchilik uchun ham muhim, chunki u O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning boy madaniy merosini kashf etish imkonini yaratadi.
Ispaniya Sharqshunoslar uyushmasi bosh kotibi Xesus Gil Fuensanta esa:
— O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslar mamlakatning boy madaniy merosini dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, — deya ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tadbirlar xalqaro jamoatchilikka temuriylar davrining betakror merosi — ulug‘ me’moriy yodgorliklar, “Zafarnoma” va “Boburnoma” kabi mashhur yozma manbalar, shuningdek, mintaqa she’riyati va boy madaniy an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Bugungi kunda Amir Temur nomi davlat qudrati, strategik zakovat va madaniy bunyodkorlik ramzi sifatida yanada yuksak jaranglamoqda. Forumning aynan Ispaniyada, Klavixo nomi bilan bog‘liq tarixiy zaminda o‘tkazilishi Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘p asrlik muloqotning uzviy davom etayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Temuriylar imperiyasining asoschisi
Yigirma yildan sal ko‘proq vaqt ichida turk-mo‘g‘ul kelib chiqishiga mansub ushbu musulmon sarkarda Yevroosiyoning sakkiz million kvadrat kilometr hududini zabt etdi. 1382–1405 yillar oralig‘ida Temurning ulkan qo‘shinlari Delidan Moskvagacha, Markaziy Osiyodagi Tyanь-Shanь tog‘laridan Anado‘lidagi Tavr tog‘larigacha yurish qilib, ko‘plab hududlarni egalladi.
Temurning Anado‘lidagi yurishlari Usmoniylar davlatining mavjudligiga jiddiy xavf solgan. Uning shon-shuhrati Yevropaga ham tarqalib, asrlar davomida afsonaviy va mifik qahramon sifatida tilga olingan. Ayrim xalqlar xotirasida u hanuzgacha ko‘chmanchi qudratning so‘nggi buyuk yetakchisi va turkiy dunyoning Markaziy Osiyodagi eng yirik kengaytiruvchilaridan biri sifatida saqlanib qolgan.
Temur Yevroosiyo dashtlarining so‘nggi buyuk ko‘chmanchi fathchisi bo‘lib, uning imperiyasi XVI–XVII asrlarda shakllangan Usmoniylar, Safaviylar va Boburiylar kabi “porox imperiyalari”ning vujudga kelishi uchun asos yaratdi.
Temur turk va mo‘g‘ul ajdodlariga mansub bo‘lgan. Garchi u to‘g‘ridan-to‘g‘ri Chingizxon avlodi bo‘lmasa-da, otasi tomonidan Chingizxon bilan umumiy ajdodga ega edi. Ayrim mualliflar uning onasi xon avlodidan bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qiladilar. Temur hayoti davomida Chingizxon merosini davom ettirishga intilgan va o‘zini uning vorisi deb bilgan.
Temurning to‘liq ismi — Temur ibn Tarag‘ay Barlos bo‘lib, bu “Barlos qabilasidan bo‘lgan Tarag‘ayning o‘g‘li Temur” degan ma’noni anglatadi. Keyingi fors manbalarida unga “Temur Lang” — “Oqsoq Temur” laqabi berilgan. Bu nom keyinchalik G‘arb tillariga “Tamerlan” yoki “Timur Lenk” shaklida kirib kelgan.
U vafot etgach, jasadi Samarqandga olib kelinib, Go‘ri Amir maqbarasiga dafn etilgan. Qabr ustidagi yirik nefrit toshida shunday yozuv bitilgan:
“Agar men qabrimdan tursam, butun dunyo titraydi”.
Qiziq jihati shundaki, 1941 yilda Mixail Gerasimov boshchiligidagi sovet arxeologlari uning qabrini ochib o‘rganishgan. Skelet tahlili Temur haqiqatan ham oqsoq bo‘lganini, o‘z davri uchun ancha baland bo‘yli (172 sm) va baquvvat inson bo‘lganini ko‘rsatgan. Shuningdek, uning sochlari qizg‘ish rangda bo‘lgani ham aniqlangan. Sovet olimlari olib borgan tadqiqotlar natijasida unda mo‘g‘ulsimon va yevropasimon irqiy belgilari aralash holda mavjud ekani ma’lum bo‘lgan.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.