Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Braziliya Federativ Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra O‘zbekistonga amalga oshirayotgan rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.

Tashrif davomida mehmon Markazning boy ekspozitsiyalari, nodir tarixiy artefaktlari hamda zamonaviy interaktiv yechimlari bilan yaqindan tanishdi.

Mauro Viyeyra ushbu tashrif uning Braziliya tashqi ishlar vaziri sifatida O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk tashrifi ekanini, shuningdek, Braziliya tashqi ishlar vazirining mamlakatimizga tarixdagi birinchi rasmiy tashrifi sifatida alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

 — Bugun bu yerda bo‘lish men uchun katta mamnuniyat va yuksak sharafdir. Toshkent shahrida joylashgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi menda juda katta taassurot qoldirdi. Bu haqiqatan ham noyob va hayratlanarli maskan. Bunday muhtasham bino va yuksak ahamiyatga ega muassasani ko‘rish men uchun katta baxt bo‘ldi. Markaz nafaqat islom sivilizatsiyasining boy merosini namoyon etadi, balki O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasidagi muhim o‘rnini ham yorqin aks ettiradi, — dedi Braziliya tashqi ishlar vaziri.

Mehmon dastlab Markazning asosiy kirish qismi hisoblangan Samarqand portali bilan tanishdi. Ushbu portal Samarqanddagi Registon ansambli tarkibiga kiruvchi Ulug‘bek madrasasi bezaklari uslubida yaratilgani aytib o‘tildi.   

Foye qismi bo‘ylab joylashgan 14 ta yarim oval ravoqda O‘zbekistonning boy tarixi, buyuk allomalar va davlat arboblari hayoti mikromozaika san’ati orqali tasvirlangan. 110 xil rangdagi toshlardan xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda yaratilgan ushbu freskalarda Birinchi va Ikkinchi Renessans namoyandalari — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hamda jadid ma’rifatparvarlar siymolari aks etgan.

Tashrif davomida mehmon Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limi, Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan interaktiv xarita, qadimgi Farg‘ona va mashhur “uchar otlar” haqidagi ekspozitsiyalar bilan ham tanishdi.

Birinchi Renessans zalida muqaddas Ka’ba eshigining nusxasi, 1988-yilda ishlatilgan ka’bapo‘shning asl namunasi, shuningdek, Misr mamluklari davriga oid Ka’ba kalitlari va Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz tomonidan O‘zbekiston rahbariga taqdim etilgan Kisva parchasi haqida mehmonga ma’lumot berildi.  

Ikkinchi Renessans bo‘limida Mauro Viyeyra sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan Mirzo Ulug‘bekning interaktiv siymosi bilan tanishdi. Shuningdek, u Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi maketi, astronomik asboblar, qo‘lyozmalar va kulolchilik namunalarini ham ko‘zdan kechirdi.

Mehmonga “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi ham namoyish etildi. Unda mamlakatimizda keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, tashqi siyosatdagi yutuqlar hamda xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Ayniqsa, “Tashqi siyosat” bo‘limida O‘zbekiston Prezidentining xorijiy tashriflari va jahon yetakchilari bilan uchrashuvlariga bag‘ishlangan interaktiv materiallar mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif doirasida Braziliya tashqi ishlar vaziri Qur’oni karim zali bilan ham tanishdi.

Tashrif yakunida Mauro Viyeyra Markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z qaydini yozib qoldirdi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.