Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengash yig‘ilishida noyob artefaktlar taqdim etildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda madaniy merosni muhofaza qilish hamda uni xalqaro hamkorlik orqali vataniga qaytarish bo‘yicha amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida mamlakatga qaytarilgan noyob tarixiy osori atiqalar ilk bor keng ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.

Yig‘ilish davomida Ilmiy kengash a’zolariga Operation Inherent Vice xalqaro amaliyoti doirasida aniqlangan bebaho madaniy meros namunalari namoyish etildi. Ushbu amaliyot Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti huzuridagi Heritage Crime Task Force, London politsiyasining san’at va antikvar jinoyatlar bo‘limi, Art Loss Register, shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamkorligida amalga oshirilgan.

Taqdim etilgan artefaktlar Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixiy rivojlanishini aks ettirib, buddaviy, sug‘diy va islomiy madaniy qatlamlarni o‘z ichiga oladi. Ular orasida Kushon davriga oid haykal boshlari va byustlar, shtuko bezaklari bo‘laklari, II–VIII asrlarga mansub noyob devoriy suratlar hamda Fayoztepa va Qoratepa arxeologik majmualariga tegishli osori atiqalar mavjud. Shuningdek, XV asrga oid temuriylar davriga mansub kenotaf alohida ilmiy va madaniy ahamiyatga ega.

Ishtirokchilar e’tiborini buddaviy mazmundagi devoriy suratlar, shuningdek, Gandhara va ilk buddaviy san’at an’analarini aks ettiruvchi terrakota va shtuko haykallar tortdi. Ular qadimiy san’at maktablarining yuksak badiiy salohiyati va madaniy uyg‘unligini namoyon etadi.

Yig‘ilish doirasida temuriylar davriga oid tosh kenotaf ham taqdim etildi. U murakkab bitiklar, bezaklar va she’riy matnlar bilan ishlangan bo‘lib, Markaziy Osiyo memorial san’atining noyob namunasi sifatida baholandi.

Ilmiy kengashda ushbu yodgorliklarni kelgusida ilmiy o‘rganish, qayta tiklash, ro‘yxatga olish va muzey ekspozitsiyasiga tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov ushbu jarayon haqida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidladi:

«Ushbu noyob artefaktlarning vataniga qaytarilishi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan madaniy merosni muhofaza qilish, asrash va xalqaro miqyosda qaytarishga qaratilgan izchil davlat siyosati natijasidir. Aynan shu siyosat xalqaro hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish va ushbu yo‘nalishda amaliy natijalarga erishish imkonini berdi».

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ushbu noyob madaniy meros namunalarining taqdimoti mamlakatning boy tarixiy va madaniy merosini saqlash, o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan davlat siyosatining izchil va tizimli ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.