

Yangiliklar
“O‘zbekiston merosi — butun insoniyat uchun bebaho tuhfa” — Diyene Keyta
BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) Ijrochi direktori Diyene Keyta boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.
Tashrif doirasida mehmonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti rahbari Muzaffar Kamilov hamrohligida Markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi.
Delegatsiya dastlab Markazning asosiy foyesida joylashgan “Buyuk siymolar galereyasi” va muhtasham ravoqlarni ko‘zdan kechirdi. O‘zbekiston tarixi va sivilizatsiyasi taraqqiyotini badiiy hamda zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligida aks ettirgan mazkur ekspozitsiyalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar va mutafakkirlar merosining zamonaviy talqinda namoyon etilgani yuksak baholandi.
Shundan so‘ng delegatsiya Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Buyuk Ipak yo‘li tarixi va qadimiy madaniy merosga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni tomosha qildi. Qadimiy sivilizatsiyalarga oid asl artefaktlar, interaktiv yechimlar va raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan mulьtimedia ko‘rgazmalari mehmonda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, tarixni zamonaviy usullarda namoyon etishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar delegatsiya tomonidan alohida e’tirof etildi.
Mehmon O‘zbekistonning boy madaniy merosi nafaqat mamlakat, balki butun insoniyat uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi unda juda katta taassurot qoldirganini qayd etdi.
Diyene Keyta, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) Ijrochi direktori:
O‘zbekistonning boy merosi — butun insoniyat uchun bebaho tuhfadir. U asrlar davomida shakllangan donishmandlikni bugungi kunda inklyuziv jamiyat barpo etishga qaratilgan global intilishlar bilan uyg‘unlashtiradi. Bu qutlug‘ maskan ilm-fan, innovatsiya va insoniy qadriyatlar haqida so‘zlaydi. Shu bilan birga, inson kapitaliga sarmoya kiritish kelajakni barpo etishning eng samarali yo‘li ekanini yana bir bor eslatadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi diniy tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ayollar, qizlar va butun jamiyat uchun qadr-qimmat, salomatlik hamda tenglik g‘oyalarini ilgari surmoqda. Madaniy qadriyatlarni inobatga olgan holda olib borilayotgan yondashuv orqali ayollar va qizlarning huquqlari, imkoniyat va tanlovlari har bir jamiyat markazida bo‘lishini ta’minlashga intilamiz.
Islom sivilizatsiyasi markazida bilim, innovatsiya va inson salohiyatining beqiyos ahamiyati yaqqol namoyon bo‘ladi. Insonni eng katta boylik sifatida qadrlab, unga sarmoya kiritish orqali biz buyuk merosga munosib ehtirom ko‘rsatamiz hamda barcha uchun inklyuziv kelajakni barpo etamiz. Ana shunday hamkorlik insonlar hayotini o‘zgartirish, ularning huquqlari, tanlovi va qadr-qimmatini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tashrif davomida delegatsiya Birinchi va Ikkinchi Renessans davriga bag‘ishlangan zallarda ham bo‘ldi. Birinchi Renessans ekspozitsiyasida mehmonlarga 1988-yilda muqaddas Ka’baga yopilgan asl ka’bapo‘sh, Misr mamluklari davriga oid Ka’ba kalitlari hamda Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz tomonidan O‘zbekiston rahbariga taqdim etilgan Kisva parchasi haqida ma’lumot berildi.
Ikkinchi Renessans bo‘limida esa Umar Aqto Qur’oni, Amir Temur va temuriylar davriga oid ekspozitsiyalar, shuningdek sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan Amir Temur va Gavharshodbegimning interaktiv siymolari mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur raqamli yechimlarni shaxsan sinab ko‘rib, ularning tarixiy merosni zamonaviy usulda targ‘ib qilishdagi ahamiyati yuqori baholandi. Bibixonim libosi va davr muhitini aks ettiruvchi badiiy yechimlar ham mehmonda chuqur taassurot qoldirdi.
Shuningdek, delegatsiya “Yangi O‘zbekiston — “Yangi Renessans poydevori” ekspozitsiyasi bilan ham tanishdi. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ilm-fan, xalqaro hamkorlik va sport sohasida erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. Ayniqsa, O‘zbekiston sportchilari tomonidan xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritilayotgan so‘nggi natijalar aks etgan ekspozitsiyalar mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrifning eng ta’sirli nuqtalaridan biri Qur’oni karim zali bo‘ldi. Hazrati Usmon mus’hafi bilan tanishgan mehmon ushbu muqaddas meros oldida duo qildi hamda zaldagi ma’naviy muhit unda unutilmas taassurot qoldirganini ta’kidladi.
Tashrif yakunida mehmon Markazning faxriy mehmonlar kitobiga o‘z fikr-mulohazalarini yozib qoldirdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov tomonidan Markaz faoliyati, buyuk ajdodlar merosi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti haqidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan maxsus kitob sovg‘a qilindi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.