

Yangiliklar
Otralectura: “Xalqaro kitob kunida O‘zbekiston va Ispaniya nashriyotchilik sohasida hamkorlikning yangi sahifasini ochmoqda”
Ispaniyaning Otralectura nashrida Xalqaro kitob kuni munosabati bilan O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi nashriyotchilik hamkorligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasining Mueller & Schindler nashriyotiga tashrifi doirasida noyob qo‘lyozmalarning faksimile nashrlari, “114 Qur’on” xalqaro loyihasi hamda “Temur tuzuklari”ni ispan tilida nashr etish tashabbusi muhokama qilingani qayd etilib, mazkur muloqot O‘zbekistonning boy madaniy merosini Yevropa ilmiy va madaniy muhitida keng targ‘ib etishga xizmat qilayotgan muhim qadam sifatida baholandi.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining tashrif dasturi davomida — O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi va O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) kengashi raisi Firdavs Abduxoliqov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev hamda WOSCU koordinatori Yekaterina Sobolevadan iborat delegatsiya Mueller & Schindler nashriyotiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida nashriyot prezidenti Sharlotta Kramer, vitse-prezident Aleksandr Vilьgelьm va kompaniya mutaxassislari bilan mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, mazkur uchrashuv Xalqaro kitob kuniga to‘g‘ri kelgani muloqotga alohida kasbiy va madaniy ruh bag‘ishladi.
Uchrashuv davomida 2017 yildan buyon Mueller & Schindler nashriyoti WOSCU bilan yaqin hamkorlikda xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan qator yirik faksimile loyihalarni amalga oshirib kelayotgani alohida ta’kidlandi.
Ular qatorida “Husayn Boyqaro devoni”, Kamoliddin Behzod miniatyuralari bilan bezatilgan “Zafarnoma“, islom yozma an’analarining eng qadimiy yodgorliklaridan biri bo‘lgan “Katta Langar Qur’oni”, shuningdek, “Temur tuzuklari” va “Me’rojnoma”ning faksimile nashrlari bor. Mazkur loyihalar dunyodagi yirik kolleksiyalarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalarni asl holicha qayta tiklash va ularni keng ilmiy hamda madaniy muomalaga kiritishga qaratilgan.
Mueller & Schindler nashriyoti prezidenti Sharlotta Kramer, jumladan, shunday dedi:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ushbu sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli, tizimli va haqiqatan ham tarixiy ishlar uchun samimiy minnatdorchiligimni bildirishga ijozat bergaysiz. Davlat rahbariyati darajasida madaniyatga qaratilayotgan bu e’tibor noyob hodisa bo‘lib, xalqaro hamjamiyat uchun namuna vazifasini o‘taydi. O‘n yildan ortiq hamkorlik davomida biz amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar chuqurligini va mamlakat rahbariyatining madaniy-gumanitar sohani rivojlantirishdagi haqiqiy ishtirokini shaxsan kuzatish imkoniga ega bo‘ldik”.
O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov hamkorlarga doimiy va yuksak professional faoliyati uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ularning o‘zbek madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qo‘shayotgan muhim hissasini alohida ta’kidladi hamda nashriyot vakillarini O‘zbekistonning ishonchli do‘stlari deb atadi.
Uchrashuv davomida tomonlar yangi faksimile nashrlar bilan tanishdilar, kelgusidagi qo‘shma loyihalar istiqbolini muhokama qildilar va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish yuzasidan ekspert fikrlar almashdilar.
E’tibor markazida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va WOSCU bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli “114 Qur’on” tashabbusi bo‘ldi. Bu — Qur’on xattotligi va bezakli qo‘lyozma san’atining eng sara namunalarini yagona nashrda jamlashni nazarda tutuvchi mislsiz xalqaro loyihadir.
Loyiha Qur’onshunoslar, san’atshunoslar va restavratorlardan iborat xalqaro mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilmoqda. Uning doirasida O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan va dunyodagi yirik to‘plamlarda saqlanayotgan 114 ta eng nodir Qur’on qo‘lyozmasini o‘z ichiga olgan, ilmiy sharhlar bilan boyitilgan yuqori sifatli faksimile nashrini tayyorlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, “O‘zbekiston: Samarqandga olib boruvchi oltin yo‘l” nomli turistik nashriyot loyihasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Loyiha mamlakat hududlari, noyob me’moriy merosi, tarixiy shaharlari, tabiiy xilma-xilligi va zamonaviy madaniy muhitini keng qamrovli taqdim etish orqali O‘zbekiston haqidagi global tasavvurni kengaytirishga qaratilgan. U xalqaro auditoriya uchun O‘zbekistonning yaxlit vizual va konseptual obrazini shakllantirishni maqsad qiladi.
Kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokamasi doirasida Xayriddin Sultonov “Temur tuzuklari”ni ispan tilida tayyorlash va nashr etish taklifini ilgari surdi. Bu asar Temuriylar davlati tuzilishi, boshqaruv tamoyillari va strategik tafakkurini aks ettiruvchi muhim tarixiy manbalardan biri hisoblanadi.
Ta’kidlanganidek, mazkur loyihaning amalga oshirilishi va keng tarqatilishi ispan tilida so‘zlashuvchi jamoatchilikning Temuriylar davri merosiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi, mintaqa tarixi bo‘yicha akademik tadqiqotlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi hamda O‘zbekiston bilan ispan tilida so‘zlashuvchi davlatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shadi.
Mueller & Schindler nashriyoti mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, uning yuqori ilmiy va madaniy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Nashriyot vakillariga ko‘ra, “Temur tuzuklari”ning ispan tilida nashr etilishi xalqaro muloqot rivojiga muhim hissa qo‘shadi hamda yevropalik kitobxonlarga Temuriylar davri davlatchilik tizimi va huquqiy tafakkuri asoslarini yaqindan tanishtirish imkonini beradi.
Mazkur tashrif xalqaro nashriyotchilik va madaniy hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqichga aylanib, xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosiga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.