Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Archilovers: "Zamonamizning go‘zallik tushunchasini qayta belgilayotgan yettita muzey. Prix Versailles 2026 dunyodagi eng go‘zal muzeylar ro‘yxatini e’lon qildi"

Me’morchilik va dizayn sohasidagi nufuzli Archilovers nashrida Prix Versailles 2026 tomonidan e’lon qilingan “Dunyodagi eng go‘zal muzeylar” ro‘yxati haqida maqola chop etildi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyo miqyosidagi eng ilg‘or muzey loyihalari qatorida e’tirof etilib, majmua nafaqat monumental me’moriy yechimi, balki ilm-fan, madaniyat va madaniy muloqotni uyg‘unlashtira olgan zamonaviy ma’naviy makon sifatida yuqori baholandi. Maqolada markazning Temuriylar me’morchiligidan ilhomlangan qiyofasi, Qur’on zalidagi mulьtimedia yechimlari hamda xalqaro tadqiqot va ta’lim platformasi sifatidagi ahamiyati alohida ta’kidlangan.

Prix Versailles mukofotining 12-mavsumi 2026-yil 4-may kuni “Dunyodagi eng go‘zal muzeylar — 2026” ro‘yxatiga kiritilgan yettita loyiha nomi e’lon qilinishi bilan rasman boshlandi.

Tanlov geografiyasi, ko‘lami va mavzusi jihatidan bir-biridan keskin farq qiluvchi me’moriy inshootlarni birlashtirdi. Biroq ularning barchasini muzeyni ta’sirchan me’moriy va mazmunli hikoya vositasiga aylantira olish qobiliyati birlashtirib turadi. Prix Versailles bosh kotibi Jerom Guaden ta’kidlaganidek, ushbu loyihalar me’moriy talqin va sahnalashtirish sifati bilan ajralib turadi. Ular tarix, xotira, ilm-fan va innovatsiyalarni me’moriy shakl orqali yuksak darajaga ko‘tara oladi. Yil yakunida mazkur yetti muzeydan uchtasi Prix Versailles, Interior va Exterior yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha “Jahon unvoni”ga ham sazovor bo‘ladi.

Abu-Dabidan Shenьchjengacha: muzey — shahar va iqlim ramzi sifatida

Tanlangan loyihalar orasida Foster + Partners tomonidan loyihalashtirilgan va 2025-yil 3-dekabr kuni Saadiyat madaniy hududida ochilgan Abu-Dabidagi Zayd Milliy muzeyi ham bor.

Zayed National Museum

Muzey Birlashgan Arab Amirliklari asoschisi Shayx Zayd bin Sulton Ol Nahayon merosiga bag‘ishlangan bo‘lib, oltita doimiy galereya orqali 300 ming yildan ziyod tarixni namoyon etadi. Inshoot parvoz qilayotgan lochin qanotlaridan ilhomlangan beshta po‘lat minorasi bilan ko‘zga tashlanadi. Bu minoralar nafaqat ramziy ahamiyatga ega, balki tabiiy shamollatish tizimini ham o‘zida mujassam etgan bo‘lib, muzeyning iqlim samaradorligini oshiradi. Qumrang tuslar va tabiiy yorug‘lik uyg‘unligi muzeyni yer va osmon o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prikka aylantiradi, u Al Masar bog‘i orqali sohil tomon davom etadi.

2025-yil 1-mayda ochilgan Shenchjen Fan va texnologiya muzeyi esa muzeyni “Katta ko‘rfaz hududi”ning yangi ramzi sifatida talqin qiladi. Zaha Hadid Architects tomonidan yaratilgan inshoot shaharni bag‘riga olgan ulkan kosmik kemani eslatadi.

Shenzhen Science & Technology Museum © Virgile Simon Bertrand

Loyiha hududning subtropik iqlimi — quyosh radiatsiyasi, harorat, namlik, shamol yo‘nalishi va havo sifati kabi omillarni hisobga olgan holda ishlangan. 95 mingta notekis zanglamas po‘lat paneldan iborat fasad yorug‘likka qarab to‘q ko‘kdan kulranggacha o‘zgarib turadi. Bu yerda me’moriy ixtirochilik ekologik samaradorlik bilan uyg‘unlashgan bo‘lib, tashqi terrasalar galereyalarni atrofdagi bog‘ bilan bog‘lab turadi.

Muzey — hissiy tajriba va hikoyaviy manzara sifatida

Ro‘yxatdan dunyodagi eng yirik atirshunoslik muzeyi sifatida taqdim etilgan Syueley Atir muzeyi ham o‘rin olgan. Shenzhen Huahui Design Co. tomonidan loyihalashtirilgan bino qizil g‘ishtdan qurilgan sakkizta silindrsimon hajmdan iborat bo‘lib, atir ishlab chiqarishdagi distillyasiya va tozalash jarayonlarini eslatadi.

Xuelei Fragrance Museum © Xuelei Fragrance Museum

Me’moriy yechim tashrif buyuruvchilarni xuddi xushbo‘ylik izidan yurgandek harakatlantirishga mo‘ljallangan. Tom qismidagi bog‘ga olib chiquvchi yo‘lak bo‘ylab qariyb 300 ta interaktiv hidlash nuqtasi joylashtirilgan. Shu tariqa muzey insoniyat tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan nomoddiy merosning zamonaviy manifestiga aylangan.

Tokioda 2026-yil 28-mart kuni ochilgan MoN Takanawa: The Museum of Narratives muzeyi Takanawa Gateway City majmuasida, Yaponiyaning birinchi temiryo‘l liniyasi joylashgan hududda qad rostlagan. Kengo Kuma tomonidan yaratilgan muzey san’at, an’ana, texnologiya va ta’lim chorrahasidagi interaktiv madaniy makon sifatida tasavvur qilingan.

MoN Takanawa © Yasuyuki Takaki

Yog‘och, qatlamli oyna, teshikli yuzalar va yumshoq yorug‘likdan iborat yengil va havodek me’morchilik ichki va tashqi muhit o‘rtasidagi chegarani deyarli yo‘q qiladi. 200 dan ortiq o‘simlik turi bilan boyitilgan loyiha atrofdagi osmono‘par binolardan keskin farq qilib, zamonaviy shahar tushunchasini ochiqlik, noziklik va mavsumiy o‘zgarishlar orqali qayta talqin etadi.

Xotira, yo‘qotish va me’morchilikning jamiyatdagi o‘rni

Litvaning Sheduva tarixi markazi yaqinida joylashgan The Lost Shtetl Jewish Museum esa yanada mulohazali ruhga ega. U Xolokostga qadar mamlakatda yashagan kichik yahudiy jamoalari — shtetllar yo‘qolgan dunyosi haqida hikoya qiladi.

Lost Shtetl Museum © Enea Landscape Architecture

Fin me’mori Rayner Mahlamaki va Enea Landscape Architecture tomonidan yaratilgan majmua kichik qishloq shaklida qurilgan. Turli “uylar” ko‘rinishidagi binolar ekspozitsiyaning turli boblarini ifodalaydi. Sodda kulrang tashqi ko‘rinish atrof qishloq manzarasi bilan uyg‘unlashib ketadi, yonidagi Xotira bog‘i esa uni tirik yodgorlik sifatida davom ettiradi.

AQShning Texas shtatida joylashgan National Medal of Honor Museum mamlakatning eng oliy harbiy mukofoti sohiblariga bag‘ishlangan. Rafael Viñoly Architects PC tomonidan ishlangan ushbu so‘nggi loyiha yerdan 12 metr balandlikda “Sharaf maydoni” uzra osilib turgan katta po‘lat qoplamali ko‘rgazma zali atrofida qurilgan.

National Medal of Honour Museum © Vinoly_NMOHM

Beshta ulkan ustun AQSh Qurolli kuchlarining turli tarmoqlarini ifodalaydi, markaziy doirasimon ochiqlik esa AQSh Kosmik kuchlariga ishora qiladi. Muzey jasorat, fidoyilik va halollik haqidagi ta’sirchan hikoya orqali faqat xotirani saqlash emas, balki jamiyatdagi fuqarolik qadriyatlarini mustahkamlash vazifasini ham bajaradi.

Monumentallik va madaniyatlararo muloqot

Ro‘yxatni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yakunlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan ushbu majmua an’anaviy me’morchilikka hurmat va poytaxtning yangi zamonaviy ramzi sifatida yaratilmoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi © O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Loyiha Temuriylar davri monumental me’morchiligidan ilhomlangan bo‘lib, ulkan peshtoqlar va balandligi 65 metrga yetadigan gumbaz bilan ajralib turadi. Markazning yuragi sanalgan Qur’on zali yorug‘lik, ovoz va mulьtimedia orqali tafakkurga chorlovchi muhit yaratadi. Shuningdek, majmua arxivlar, kutubxona, Islom akademiyasi va konferensiya zallari orqali tadqiqot, ta’lim va madaniy targ‘ibot vazifalarini ham qamrab oladi. Ilmiy dasturda 40 dan ortiq mamlakatdan 1500 ga yaqin tadqiqotchi ishtirok etgan bo‘lib, bu muzeyni madaniyatlararo muloqotning faol maydoniga aylantirgan.

Muzey — umumiy farovonlikning zamonaviy shakli sifatida

Prix Versailles 2026 tomonidan tanlangan ushbu yettita loyiha muzey tushunchasining keng va ko‘p qatlamli talqinini namoyon etadi. Endi muzey faqat tarixni saqlash joyigina emas, balki me’morchilik, xotira, texnologiya, tabiat va fuqarolikni bog‘lay oladigan makon sifatida ko‘rilmoqda.

Zayd Milliy muzeyining iqlimiy monumentalligi, MoN Takanawa’ning nozik hikoyaviy uslubi, National Medal of Honor Museum’ning fuqarolik ruhi yoki The Lost Shtetl Jewish Museum’ning xotiraga yo‘g‘rilgan ta’sirchanligi — bularning barchasi zamonaviy muzey bugun me’morchilik umumiy ezgulikka qanday shakl bera olishini namoyon etuvchi eng muhim makonlardan biriga aylanganini ko‘rsatadi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.