
Yangiliklar
“O‘ZBEKISTON — SAUDIYA ARABISTONI” DO‘STLIK JAMIYATI TUZILDI
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni” do‘stlik jamiyatini tashkil etish bo‘yicha ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita vakillari, jamiyat ta’sischilari, Markaz rahbariyati, soha mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ochiqlik, o‘zaro ishonch va xalq diplomatiyasi tamoyillariga asoslangan tashqi siyosat izchil amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, dunyo davlatlari, xususan islom olami mamlakatlari bilan madaniy, ma’naviy va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Bu yo‘nalishda do‘stlik jamiyatlari faoliyati xalqlar o‘rtasida o‘zaro yaqinlikni kuchaytirish, madaniy-ma’rifiy muloqotni rivojlantirish hamda jamoat diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qayd etilganidek, bugungi globallashuv sharoitida do‘stlik jamiyatlari nafaqat madaniy almashinuv platformasi, balki ilm-fan, turizm, ta’lim, madaniy meros va gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantiruvchi samarali jamoatchilik instituti sifatida ham muhim o‘rin tutmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida keyingi yillarda shakllangan yaqin va ishonchli munosabatlar mazkur tashabbus uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy, ilmiy va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, xalq diplomatiyasi imkoniyatlarini kengaytirish, turizm, ta’lim, ilm-fan va madaniy meros sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, so‘nggi yillarda yurtdoshlarimiz uchun ziyorat turizmi yo‘nalishida yaratilayotgan keng imkoniyatlar, muqaddas qadamjolarga safarlarni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tirof etildi.
Yig‘ilishda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, jamoat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro gumanitar aloqalarni kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u “O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni” do‘stlik jamiyati ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi madaniy va ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish hamda xalq diplomatiyasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Ta’sis yig‘ilishining asosiy qismida “O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni” do‘stlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Shundan so‘ng jamiyatning nizomi muhokama qilinib tasdiqlandi, a’zolar tarkibi hamda tashkiliy tuzilmasi belgilab olindi. Shuningdek, jamiyatning kelgusidagi faoliyat yo‘nalishlari, ustuvor vazifalari va hamkorlik mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Ovoz berish jarayonida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov “O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni” do‘stlik jamiyati raisi etib saylandi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan dunyo davlatlari, ayniqsa islom olami mamlakatlari bilan o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Shuningdek, davlat rahbarining madaniy merosni asrab-avaylash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish hamda islom sivilizatsiyasining boy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslari bugungi kunda o‘zining amaliy samarasini berayotgani qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan musulmon davlatlari bilan ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish, qo‘lyozmalar va noyob manbalarni o‘rganish, qo‘shma ilmiy anjumanlar, ko‘rgazmalar va tadqiqot loyihalarini amalga oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Xususan, Saudiya Arabistonining ilmiy muassasalari, universitetlari, kutubxonalari va madaniy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishi aytildi.
Qayd etilganidek, yangi tashkil etilgan “O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni” do‘stlik jamiyati O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy, ilmiy va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonch rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eng ko‘p o‘qilganlar

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.