Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

“Prezident hojilari” O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi

Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk bor “Prezident hojilari” sifatida saralangan 100 nafar nuroniylar muqaddas haj safariga kuzatilish arafasida. Safar oldidan hoji ota va hoji onalar uchun Toshkent shahrida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, ular O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, xalqimizning boy tarixi, islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi va ajdodlar merosi bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarni markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi.

Tashrifda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, diniy soha mutasaddilari, nuroniylar hamda “Prezident hojilari” ishtirok etdi.

Prezident administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Kamilov ushbu tashabbusni mamlakat hayotidagi tarixiy voqea sifatida baholadi.

— “Bugun biz yurtimiz hayotida ilk bor amalga oshirilayotgan ezgu tashabbus qarshisida turibmiz. Bejizga buni tarixiy voqea deyayotganimiz yo‘q. Ehtimol, so‘nggi bir necha asr davomida davlat rahbari tashabbusi bilan fuqarolarning muayyan qatlamini haj safariga yuborishdek yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikka guvoh bo‘linmagan”, — dedi Muzaffar Kamilov.

Uning ta’kidlashicha, muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi va qo‘llab-quvvatlovi asosida 100 nafar yurtdoshning haj safariga yuborilayotgani xalqqa bo‘lgan yuksak ehtirom va e’tiborning amaliy ifodasidir.

— “Bu insonlar Makka va Madinada yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz ravnaqi uchun duo qilib qaytish niyati bilan kuzatilmoqda. E’tiborlisi, ular orasida mahallalarda yillar davomida xalq xizmatida bo‘lgan fidoyi insonlar, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimida mehnat qilgan yurtdoshlarimiz, diniy-ma’rifiy sohada sidqidildan xizmat qilib kelayotgan kamtar insonlar bor. Masjidlarda hech qanday manfaat ko‘zlamasdan, savob ilinjida xizmat qilgan insonlarning ham ushbu safarga munosib ko‘rilgani tashabbusning naqadar xalqchil va adolatli ekanini ko‘rsatadi”, — dedi u.

Muzaffar Kamilov ko‘pchilik nuroniylar yillar davomida haj safariga borishni orzu qilib kelgani, ammo imkoniyat topolmaganini qayd etib, bugun ularning orzusi ushalayotgani barchani to‘lqinlantirayotganini ta’kidladi.

Mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy artefaktlar va xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishdilar.

Markaz ekspozitsiyalarida yurtimizning islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi Renessans davri allomalari — Imom Buxoriy va Imom Termiziy merosi, shuningdek, Ikkinchi Renessans davri vakillari — Amir Temur hamda Alisher Navoiyning davlatchilik, ilm-fan va ma’rifat sohasidagi ulkan xizmatlari keng yoritilgani ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

Shu bilan birga, Uchinchi Renessans g‘oyalari, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatdagi bunyodkorlik ishlariga bag‘ishlangan pavilonlar ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tashrifning eng ta’sirli qismi Qur’oni Karim zali bo‘ldi. Bu yerda saqlanayotgan noyob Usmon mus’hafi, zalning o‘ziga xos muhiti hojilarda unutilmas taassurot uyg‘otdi. Shu yerda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va mamlakat taraqqiyoti uchun duolar qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov ham hojilar uchun yaratilgan sharoitlarga alohida to‘xtaldi.

— “Kechadan boshlab barcha hududlardan Prezident hojilari sifatida saralangan hoji ota va hoji onalarimiz Toshkent shahriga kelishdi. Bugun esa ular muqaddas haj safari oldidan muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. Ayniqsa, Qur’on zali va u yerda saqlanayotgan noyob Usmon mus’hafi hojilarimizda katta hayrat va hayajon uyg‘otdi. Bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va muqaddas merosimizni asrab-avaylash yo‘lidagi sa’y-harakatlar uchun hojilar muhtaram Prezidentimizga yuksak minnatdorlik bildirib, samimiy duolar qilishdi”, — dedi u.

“Nuroniy” jamg‘armasi Buxoro shahar bo‘limi huzuridagi “Buvijonlar” maktabi rahbari Ozoda Murodova ham tashrifdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

— “Biz muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “Prezident hojisi” sifatida Buxoroi sharifdan Toshkentga keldik. Bugun esa orzu qilib kelgan Islom sivilizatsiyasi markazini ziyorat qilish nasib etdi. Bu yerdagi muhtasham muhit, tarix va ma’naviyat uyg‘unligi bizda beqiyos taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Uchinchi Renessans g‘oyalari va Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari biz, nuroniylarda katta faxr uyg‘otdi. Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bu kabi ulkan ma’rifiy va bunyodkorlik loyihalarini amalga oshirayotgani xalqimiz va kelajak avlod uchun xizmat qiladigan tarixiy ishlardir”, — dedi u.

O‘qituvchi Xolov Dilmurod esa bu tashabbus xalq qadrini ulug‘lashning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi.

— “Ko‘p yillik mehnatimiz e’tirof etilib, bizlarga haj safari imkoniyati yaratilgani qalbimizda katta shukronalik tuyg‘usini uyg‘otmoqda. Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini ko‘rib, yana bir bor hayratga tushdik. Bu yerda xalqimiz va buyuk ajdodlarimiz yaratgan bebaho tarix, ilm-fan va ma’naviy meros jamlangan. Bunday muhtasham va mazmunli markazni barpo etish oson emas. Dunyoda ham bunday keng qamrovli, tarixiy va ma’rifiy majmualar kam uchraydi.

Markazda namoyish etilgan qo‘lyozmalar, tarixiy obidalar, ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy meroslar bugungi yoshlar uchun katta ibrat va ma’naviy maktab vazifasini o‘taydi. Bu yerda har bir ekspozitsiya xalqimiz qanday buyuk sivilizatsiya yaratganini yaqqol namoyon etadi”, — dedi u.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Matluba Qahhorova esa bu tashabbusning katta tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

— “Bugun haj safariga kuzatilayotgan nuroniylarimiz hayot yo‘li, fidoyiligi va ibratli faoliyati orqali yosh avlodga yuksak ma’naviy namuna ko‘rsatmoqda. Bu esa jamiyatimizda vatanparvarlik, shukronalik va milliy g‘urur tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi Matluba Qahhorova.

Tadbir so‘ngida hojilar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va mamlakat taraqqiyoti uchun duolar qilib, muqaddas safarga kuzatildi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.