Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Indoneziya elchisi: “Markaz buyuk ilmiy-ma’rifiy merosni kelajak avlodlar bilan bog‘laydi”

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan xorijiy nufuzli mehmonlar o‘tmishdagi buyuklik kelajak taraqqiyotiga ko‘prik bo‘lishiga guvoh bo‘lishmoqda. 3000 yillik tarixni o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muallifligidagi Markazga tashrif buyurgan Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Siti Ruhaini Juhayatin boshchiligidagi delegatsiya ham buni his qilishdi.

Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Siti Ruhaini Juhayatin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Rektorlar va professorlardan iborat delegatsiya tashrif davomida Markaz ekspozitsiyalari, tarixiy qo‘lyozmalar, noyob artefaktlar, milliy mato va ikat namunalari, shuningdek, O‘zbekistonning qadimgi davrlardan bugungi kungacha bo‘lgan taraqqiyotni aks ettiruvchi ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlarga Markazda O‘rta Osiyo zaminining 3000 yillik tarixiy taraqqiyoti, Movarounnahrda shakllangan ilm-fan an’analari, buyuk allomalar merosi, islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shilgan ulkan hissa, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari hamda Yangi O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot yo‘li haqida ma’lumot berildi.

Indoneziya elchisi Siti Ruhaini Juhayatin ekspozitsiyaning “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar” bo‘limida Choch tarixiga oid ekspozitsiyalar, metallurgiya jarayonlarini aks ettiruvchi interaktiv qurilmalar bilan tanishdi. Shuningdek, “Ikkinchi Renessans” bo‘limida interaktiv avatarlar orqali Bibixonim siymosi bilan muloqot qilish imkoniyatini sinab ko‘rdi.

Milliy matolar va ikat namunalari aks ettirilgan ekspozitsiyalar ham mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Delegatsiya a’zolari ushbu bo‘limlar orqali o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, amaliy san’at an’analari va milliy estetik qarashlari o‘ziga xos tarzda namoyon etilganini ta’kidladi.

Ularning fikricha, “Yangi O‘zbekiston” bo‘limi O‘zbekistonning bugungi ochiq, faol va konstruktiv tashqi siyosatini keng yoritib beradi.

Tashrif davomida mehmonlar Markazning qalbi sanalgan Qur’oni Karim zalida ham bo‘ldilar. Bu yerdagi noyob qo‘lyozma meros, zalning ma’naviy muhiti va ekspozitsiyaning badiiy-me’moriy yechimi Indoneziya delegatsiyasida chuqur taassurot qoldirdi.

Siti Ruhaini Juhayatinning ta’kidlashicha, Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tmishdagi buyuk ilmiy-ma’rifiy merosni kelajak avlodlar bilan bog‘lashga qaratilgan g‘oyasi bilan hamohangdir.

Siti Ruhaini Juhayatin, Indoneziyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

— Bu markaz o‘zining miqyosi, mazmuni va g‘oyasi bilan kishida katta hayrat uyg‘otadi. Shu bilan birga, u insonni ilhomlantiradi. Chunki ushbu muhtasham sivilizatsiya markazi O‘zbekistonning tarixiy yo‘lini — qadimgi davrlardan to zamonaviy taraqqiyotgacha bo‘lgan jarayonni izchil va ta’sirchan tarzda ochib beradi. Biz bu yerda ko‘plab buyuk allomalar, muhim ilmiy yangiliklar va innovatsiyalar haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bu Markaz Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston buyuk ilmiy-ma’rifiy merosni kelajak avlodlar bilan bog‘lash borasidagi qarashlarini ifoda etadi. O‘tmishdagi buyuklik kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam ko‘prik bo‘lishi kerak. Bu O‘zbekiston uchun ham, umuman musulmon olami uchun ham chuqur mazmunga ega missiyadir.

Elchi, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr ilmiy merosini yanada kengroq anglashga xizmat qilishini qayd etdi. Uning fikricha, Indoneziya fuqarolari, ayniqsa, islom tarixi, Markaziy Osiyo merosi va uning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni bilan qiziquvchilar uchun ushbu Markaz muhim ma’rifiy manba bo‘la oladi.

Indoneziya delegatsiyasi a’zosi, Sunan Kaliyaga davlat islom universiteti rektori, professor Nur Hidoyat Hasanning fikricha, Markazning muhim jihati har bir tarixiy bosqichning batafsil, tushunarli va zamonaviy vositalar yordamida ochib berilgan.

— Men O‘zbekiston tarixiy taraqqiyotining uzoq davri — islomdan avvalgi sivilizatsiyalardan o‘rta asrlarga, Birinchi Renessansdan Ikkinchi Renessansgacha, undan keyin esa zamonaviy O‘zbekiston va uning kelajak taraqqiyotigacha bo‘lgan jarayon izchil taqdim etilganidan juda mamnun bo‘ldim. Bu yerda O‘zbekiston tarixi, ayniqsa, uning islom bilan bog‘liq jihatlari davomiylik va o‘zgarishlar orqali juda aniq ko‘rsatilgan. Interaktiv yechimlar orqali o‘tmishda kechgan jarayonlarni aniq tasavvur qilish mumkin. Shu bois bu Markazga nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun musulmon olami vakillari, jumladan, indoneziyaliklar ham tashrif buyurishi kerak. Islomning tarixiy o‘tmishi, ayniqsa, Markaziy Osiyo merosi, uning Yaqin Sharq hamda Janubi-Sharqiy Osiyo bilan bog‘liq jihatlarini o‘rganishni istaganlar bu yerda juda ko‘p ma’lumot olishi mumkin,dedi professor.

carousel image 1
carousel image 2
carousel image 3

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.