Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi rasman ish boshladi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan zamonaviy kutubxona kitobxonlar, tadqiqotchilar, talabalar va ilmga qiziquvchi barcha foydalanuvchilar uchun xizmat ko‘rsatishni boshladi.

Markaz kutubxonasi kitob mutolaasi, ilmiy izlanishlar olib borish, xalqaro manbalar bilan ishlash, mustaqil ta’lim olish va jamoaviy loyihalarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan zamonaviy ma’rifiy maskandir.

Kutubxonadan foydalanish 14 yoshdan boshlab rasmiylashtiriladi. Buning uchun foydalanuvchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat — pasport, ID-karta, istiqomat qilish guvohnomasi yoki haydovchilik guvohnomasini taqdim etishi lozim. 14–16 yoshdagi foydalanuvchilar esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma hamda ota-onasi yoki vasiylarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida a’zo bo‘lishi mumkin.

Kutubxona tomonidan beriladigan va amal qilish muddati ikki yil bo‘lgan kitobxon ID-kartasi foydalanuvchilarga axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish huquqini beradi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Arxiv hujjatlari va kutubxona bo‘limi boshlig‘i Ravshan Qodirovning ta’kidlashicha, kutubxona fondi va texnik imkoniyatlari zamonaviy axborot-kutubxona xizmati talablariga mos holda shakllantirilgan.

“Bugungi kunda kutubxona fondida 40 mingdan ortiq bosma nashrlar, 3 mingdan ziyod nodir qo‘lyozma va toshbosma manbalar saqlanmoqda. Foydalanuvchilar mahalliy va xalqaro elektron ma’lumotlar bazalari orqali 10 milliondan ortiq raqamli resurslardan foydalanish imkoniyatiga ham ega. Kutubxona bir vaqtning o‘zida 310 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish salohiyatiga ega bo‘lib, Germaniya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Koreya va Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan 20 dan ortiq turdagi zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan. Bu esa kitobxonlar uchun qulay, innovatsion va samarali bilim muhitini yaratishga xizmat qiladi”, dedi Ravshan Qodirov.

Markaz kutubxonasida foydalanuvchilar uchun ilmiy va xorijiy adabiyotlar zallari, olimlar xonasi, individual ishlash joylari, kovorking hududi, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mo‘ljallangan maxsus xona hamda ochiq havoda mutolaa qilish imkonini beruvchi yashil maydon tashkil etilgan.

Ushbu hududlarda kitobxonlar bosma va elektron resurslardan foydalanish, xalqaro ilmiy bazalar bilan ishlash, bibliografik ma’lumotlar olish hamda mustaqil yoki jamoaviy ilmiy faoliyat olib borish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, kutubxonada zamonaviy xizmat ko‘rsatish texnikalari, sensor panellar, infokiosklar, ovozdan xoli kabinalar, kitoblarni sterilizatsiya qilish uskunalari va boshqa qulayliklar foydalanuvchilar xizmatiga tayyor holatga keltirilgan.

Kutubxona foydalanuvchilarga quyidagi tartibda xizmat ko‘rsatadi:

Dushanba–juma: 09:00 dan 22:00 gacha
Shanba: 09:00 dan 18:00 gacha
Yakshanba: dam olish kuni

Markaz kutubxonasida ilk a’zolik amalga oshirildi. Dastlabki kitobxonlar kutubxona imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish huquqini beruvchi kitobxon ID-kartalarini rasmiylashtirdilar.

Ilmga intilgan har bir inson uchun Markaz kutubxonasi eshiklari ochiq. Bu yerda kitob mutolaasi, ilmiy izlanish, yangi bilimlar sari qadam tashlash va ma’naviy merosimiz bilan yanada yaqinroq tanishish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Markaz kutubxonasiga tashrif buyuring, a’zo bo‘ling va ilm-ma’rifat nurining bir qismiga aylaning.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.