

Yangiliklar
The Peninsula Qatar: "O‘zbekiston Katarada Islom sivilizatsiyasi markazini taqdim etdi, Qatar bilan mushtarak madaniy qarashlarni namoyon qildi"
Qatarning nufuzli The Peninsula Qatar nashri Dohadagi Katara Cultural Village majmuasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazilganini yoritdi. Maqolada ushbu markaz islomiy merosni asrash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiluvchi yirik ma’naviy-ma’rifiy loyiha sifatida e’tirof etilgani ta’kidlangan. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi mushtarak madaniy qadriyatlar hamda gumanitar hamkorlik masalalariga alohida urg‘u berilgan.
Qatar Milliy kutubxonasi prezidenti va Davlat vaziri doktor Hamad bin Abdulaziz Al-Kavariy (o‘ngdan uchinchi), «Katara» madaniy qishlog‘i bosh direktori professor doktor Xolid bin Ibrohim Al-Sulaytiy (chapdan ikkinchi), O‘zbekistonning Qatardagi elchisi doktor Ashraf Xo‘jayev (chapdan uchinchi) hamda boshqa mehmonlar kechagi tadbirda ishtirok etdi. Surat: Rajan Vadakkemuriyil / The Peninsula
Doxa, Qatar: Kecha O‘zbekiston Respublikasining Qatardagi elchixonasi tomonidan «Katara» madaniy qishlog‘ida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda mazkur nufuzli markaz islom merosini asrash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xalqlar o‘rtasida madaniy muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim maydon sifatida e’tirof etildi.
Tadbirda Qatar Milliy kutubxonasi prezidenti va Davlat vaziri doktor Hamad bin Abdulaziz Al-Kavariy, «Katara» bosh direktori professor doktor Xolid bin Ibrohim Al-Sulaytiy, diplomatlar, olimlar, madaniyat arboblari va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish nutqida Al-Kavariy Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam madaniy aloqalar va mushtarak merosni alohida ta’kidlab, har ikki davlat islom tarixi va sivilizatsiyasini asrashga qaratilgan muhim tashabbuslarni amalga oshirayotganini qayd etdi.
U O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini yuksak e’tirofga loyiq bo‘lgan muhim madaniy loyiha sifatida baholadi.
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy arxiv, balki islom sivilizatsiyasining ilm-fan, adabiyot, tarix va falsafa taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi, shuningdek, buyuk ma’naviy va islomiy sivilizatsiyaning abadiy g‘oyasini ifoda etuvchi yodgorlikdir», — dedi u.
Tadbir ishtirokchilariga murojaat qilgan O‘zbekistonning Qatardagi elchisi doktor Ashraf Xo‘jayev mazkur markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, u mamlakatning boy ilmiy va tarixiy merosini o‘zida aks ettirishini aytdi.
«O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining eng boy intellektual va ma’naviy meroslaridan biriga ega mamlakatdir», — dedi elchi. U Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarda yetishib chiqqan allomalarning ilmiy merosi matematika, tibbiyot, astronomiya va falsafa sohalari rivojiga ulkan hissa qo‘shganini ta’kidladi.
Taqdimot davomida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Al-Xorazmiy va Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk mutafakkirlar nomi tilga olinib, ularning ilmiy merosi jahon ilm-fani va tafakkur taraqqiyotiga chuqur ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi.
Xo‘jayev Islom sivilizatsiyasi markazini «oddiy muzeydan ancha keng tushuncha» deb atab, uni «ta’lim, ilmiy tadqiqot, muloqot va madaniy almashinuv uchun jonli maydon» sifatida tasavvur qilinganini aytdi. Ayniqsa, bu maskan yosh avlodning o‘zligi va intellektual merosi bilan bog‘lanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Elchi, shuningdek, O‘zbekiston va Qatarning madaniy merosni asrash va ta’lim sohasidagi yondashuvlari o‘rtasida katta o‘xshashliklar mavjudligini qayd etib, Qatarning madaniy va intellektual muassasalarga qaratgan sarmoyasini yuqori baholadi.
«Ko‘p jihatdan bu qarash Qatarda ham yaqqol namoyon bo‘ladi», — dedi u. «Yillar davomida Qatar nafaqat taraqqiyot va diplomatiya markazi sifatida, balki madaniyat, ta’lim, ilm-fan va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotga katta ahamiyat beradigan davlat sifatida ham o‘zini namoyon qildi».
Xo‘jayev Qatar Milliy kutubxonasi, «Katara» madaniy qishlog‘i, Islom san’ati muzeyi va Education City majmuasini Qatarning zamonaviylik bilan birga merosni asrashga qaratilgan sa’y-harakatlari namunasi sifatida keltirdi.
U har ikki davlat barqaror taraqqiyot faqat infratuzilma yoki iqtisodiy o‘sish bilan emas, balki ta’lim, madaniyat va tarixiy xotiraga investitsiya kiritish bilan ta’minlanishini yaxshi anglashini ta’kidladi.
«Uzoq muddatli taraqqiyot infratuzilma yoki iqtisodiy o‘sish orqali emas, avvalo inson kapitali, ta’lim, madaniyat va tarixiy xotiraga sarmoya kiritish orqali quriladi», — dedi u.
Elchining ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi kabi muassasalar tez o‘zgarayotgan dunyoda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular yosh avlodning o‘z qadriyatlari va milliy o‘zligi bilan bog‘lanib qolishiga xizmat qilish bilan birga, xalqlar va madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini ham bajaradi.
Qatar bilan madaniy hamkorlik tobora rivojlanib borayotganini ta’kidlagan Xo‘jayev «Al-Jazira» media tarmog‘i rahbariyatiga O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, mamlakatning tarixiy obidalari va buyuk shaxslari haqidagi hujjatli filьmlar turkumini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, u Islom san’ati muzeyi va Qatar Milliy kutubxonasi bilan Qatar muzeylarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq noyob artefaktlarga bag‘ishlangan kitob ustida hamkorlik ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
So‘nggi so‘zida elchi Qatar jamoatchiligini O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatning madaniy merosi bilan yaqindan tanishishga chaqirdi. Jumladan, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqandda yangi ochilgan Imom Buxoriy majmuasini tilga olib, O‘zbekiston va Qatarni umumiy tarixiy va madaniy rishtalar bilan bog‘langan «qardosh mamlakatlar» deb atadi.
Eng ko‘p o‘qilganlar


Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Markazga tashrif
Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.