Gonkong saroy muzeyi direktori: “Bu tashabbus kelajakka qaratilgan nihoyatda muhim investitsiya”
Gonkong saroy muzeyi direktori Luis Ng O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, Markaz faoliyati, uning konsepsiyasi hamda ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida Markazning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlari, noyob eksponatlari, tarixiy qo‘lyozmalar, madaniy meros namunalari hamda O‘zbekiston hududida shakllangan boy islomiy-ma’rifiy an’analarni aks ettiruvchi loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Luis Ng Markaz ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirar ekan, uning me’moriy yechimlari, zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan namoyish uslublari hamda O‘zbekistonning boy sivilizatsiyaviy merosini yuqori baholadi.
“Bu, shubhasiz, ko‘rishga arziydigan maskan. Men bu tashabbus kelajakka qaratilgan nihoyatda muhim investitsiya deb bilaman. Men O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va madaniy merosini Osiyo mintaqasi va Xitoyda yanada kengroq targ‘ib etishni istardim”, — dedi Gonkong saroy muzeyi direktori Luis Ng.
Tashrif Markazning xalqaro madaniy-ma’rifiy aloqalarini rivojlantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy merosini jahon hamjamiyatiga keng tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi.










