Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Yurtimizdagi noan’anaviy kutubxonada “Jaholatga qarshi ma’rifat” ko‘rgazmasi tashkil etildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi noan’anaviy kutubxonasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” ko‘rgazmasi tashkil etildi. Markazning zamonaviy kutubxonasida tashkil etilgan mazkur tadbir yosh avlodni ilm-fan, kitobxonlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, ma’rifat orqali jaholatga qarshi kurashish g‘oyalarini keng targ‘ib etishga qaratildi.

Ko‘rgazmada o‘quvchi yoshlar, xususan, Al-Xorazmiy xalqaro matematika va informatika olimpiadasida ishtirok etayotgan 15 dan ortiq davlatdan kelgan 250 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar qatnashdi. Ular dastlab O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, uning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlari, noyob ekspozitsiyalari hamda xalqimizning boy tarixiy va madaniy merosini aks ettiruvchi materiallar bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan so‘ng ishtirokchilar Markaz kutubxonasida namoyish etilgan ma’naviy-ma’rifiy, islom sivilizatsiyasi tarixi, diniy bag‘rikenglik, ma’rifat, madaniy meros va ilm-fanga oid yuzlab kitoblar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ko‘rgazma doirasida yoshlarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, ularning ilmga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ma’naviy immunitetini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirning e’tiborli jihatlaridan biri shundaki, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Belarus, Mongoliya, Turkiya va Malayziyadan tashrif buyurgan ishtirokchilar Markazning zamonaviy kutubxonasi, boy kitob fondi, elektron resurslari, raqamli ma’lumotlar bazalari va ilmiy tadqiqotlar uchun yaratilgan sharoitlar ilmiy muhiti, shuninggdek, yoshlar bilan ishlashga qaratilgan ma’rifiy tashabbuslar bilan ham tanishdilar.

Markaz kutubxonasi rahbari Ravshan Qodirovning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar yoshlarni kitobga, ilmga va ma’rifatga yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

— Bugungi ko‘rgazma davomida ishtirokchilar kutubxonamizdagi boy kitob fondi, zamonaviy texnik imkoniyatlar va elektron resurslar bilan tanishdilar. Yoshlarimiz uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratilgan shart-sharoitlar haqida ham ma’lumot berildi. Ko‘pchilik kutubxonamizga a’zo bo‘lish va yana tashrif buyurish istagini bildirdi. Bu kabi ma’rifiy tadbirlarni muntazam davom ettiramiz, dedi u.

Xorijlik mehmonlar ham Markaz va uning kutubxonasi haqida iliq fikrlar bildirdilar.

Malayziyalik ishtirokchi Esen bin Dafis Madining ta’kidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif unda katta taassurot qoldirgan.

— Musulmon sifatida dinimiz tarixi va boy merosini o‘rganish juda qiziqarli. Bu maskan haqiqatan ham hayratlanarli. Ekspozitsiyalar orqali tarix, madaniyat va sivilizatsiya haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Kutubxona esa men ko‘rgan kutubxonalar ichida eng zamonaviylaridan biri. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va elektron resurslar meni lol qoldirdi, — dedi u.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur ko‘rgazma yoshlarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, tarixiy xotira va ma’naviy immunitetni mustahkamlash, shuningdek, “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasini amaliy mazmun bilan boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.