Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

O‘zbekistonda tasavvufning uch nodir merosi hayotga qaytmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy merosni saqlash, balki uni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan ulkan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida dunyo fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni izlab topish, ularning ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, tarjima va sharhlar yaratish, akademik nashrlarni amalga oshirish, keng jamoatchilik uchun ommabop talqinlarni tayyorlash imkoniyatiga ega.

Ana shu imkoniyatlar doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli loyihalarning asosiy maqsadi ajdodlarimiz qoldirgan nodir ilmiy va ma’naviy merosni tadqiq etish, uning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini xalqaro hamjamiyatga yetkazish hamda yosh avlod qalbida milliy g‘urur va ma’rifat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat.

Bugun ajdodlarimizga tegishli ko‘plab asarlar hozirda dunyoning turli kutubxona va arxivlarida saqlanmoqda. Markaz Nashrlar bo‘limi tomonidan dunyoning turli fondlarida saqlanayotgan nodir manbalar tadqiq qilinib, nashrga tayyorlanmoqda.

Davlat siyosati darajasidagi vazifa

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-fevraldagi PQ–126-son qaroriga muvofiq, mamlakatimiz va jahon fondlarida saqlanayotgan nodir manbalarni tarjima qilish, tadqiq etish hamda keng kitobxonlar ommasiga yetkazish vazifasi belgilangan.

Mazkur qaror ijrosi doirasida tasavvuf ilmining uch buyuk namoyandasi merosi o‘zbek kitobxonlariga qayta taqdim etilmoqda:

◾️Shayx Najmiddin Kubroning «Mezon ul-aqoid» asari;

◾️Shayx Xovand Tohurning «Rayhoniya risolasi»;

◾️Mavlono Ya’qub Charxiyning «Risolai abdoliya» asari.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur risolalar nafaqat diniy-ilmiy ahamiyatga ega, balki bugungi globallashuv davrida inson ma’naviyati, ijtimoiy munosabatlar va tarbiya masalalari uchun ham muhim manba hisoblanadi.

«Mezon ul-aqoid»: inson ruhiyatini tarbiyalash dasturi

Kubraviya tariqatining asoschisi Shayx Najmiddin Kubro qalamiga mansub «Mezon ul-aqoid» asari insonning ichki kamoloti va axloqiy tarbiyasiga bag‘ishlangan.

Asarda komil insonni shakllantiruvchi o‘n muhim fazilat haqida so‘z yuritiladi:

1.tavba;
2.zuhd;
3.tavakkul;
4.qanoat;
5.uzlat;
6.zikr;
7.sabr;
8.tavajjuh;
9.muroqaba;
10.rizo.

Muallif mazkur tushunchalarning mazmun-mohiyatini oddiy va ta’sirchan uslubda bayon qilib, insonning nafs bilan kurashi hamda ma’naviy yuksalish bosqichlarini yoritadi.

«Rayhoniya risolasi»: Movarounnahr ma’naviy muhitining ko‘zgusi

Shayx Xovand Tohurning «Rayhoniya risolasi» XII–XIII asrlarda Movarounnahr hududida shakllangan tasavvufiy maktablarni o‘rganish uchun muhim manba hisoblanadi.

Asarda shariat va tariqat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik ilmiy va hayotiy misollar orqali asoslab beriladi.

Risolada ayniqsa quyidagi mavzularga keng o‘rin ajratilgan:

◾️zikr va xirqaning ramziy ma’nolari;

◾️samo’ va karomat tushunchalarining haqiqiy mazmuni;

◾️ilohiy muhabbat va ishq falsafasi.

Tadqiqotchilarning fikricha, ushbu asar orqali kitobxon o‘rta asrlar Movarounnahrining ma’naviy muhiti, dunyoqarashi va fikrlash madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«Risolai abdoliya»: komil inson haqidagi ta’limot

Mavlono Ya’qub Charxiy tomonidan yozilgan «Risolai abdoliya» Naqshbandiya ta’limotining muhim manbalaridan biri hisoblanadi.

Asarda Bahouddin Naqshband va uning shogirdlari faoliyati, ularning ma’naviy maqomlari hamda ruhiy kamolot yo‘li haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Shuningdek, tasavvuf an’anasida muhim o‘rin tutgan «abdollar» tushunchasi ilmiy jihatdan tahlil qilinib, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va ma’naviy vazifalari yoritilgan.

Nega bu asarlar bugun muhim?

Ekspertlar fikricha, mazkur manbalarda ilgari surilgan g‘oyalar zamonaviy jamiyat uchun ham dolzarbligini saqlab qolgan.

Markaz katta ilmiy xodimi Xusrav Hamidovning ta’kidlashicha:

“Ko‘p asrlar davomida mazkur asarlar qo‘lyozma shaklida saqlanib kelgan bo‘lib, ularning ayrim nusxalari dunyo kutubxonalari va arxivlarida tarqoq holda mavjud. Shu sababli ularni ilmiy jihatdan qiyosiy o‘rganish, matnlarini asl manbalar asosida tiklash, zamonaviy o‘zbek tiliga tarjima qilish va ilmiy izohlar bilan boyitish zarur vazifa hisoblanadi.

Bugungi kunda yoshlar ongi uchun turli mafkuraviy ta’sirlar kuchayib borayotgan sharoitda ushbu asarlardagi ma’rifatparvarlik, insonparvarlik va ma’naviy poklanish g‘oyalari jamiyat barqarorligi va ma’naviy xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng muhimi, mazkur ishlar Markazning muzey, kutubxona, arxiv, ilmiy tadqiqot va ta’lim yo‘nalishlarini birlashtirgan yagona konsepsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Jaholatga qarshi eng kuchli javob

Bugun dunyoda turli mafkuraviy tahdidlar, axborot xurujlari va ma’naviy bo‘shliqlar kuchayib borayotgan bir sharoitda ajdodlar merosini o‘rganish nafaqat tarixiy ehtiyoj, balki strategik zarurat sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Shu ma’noda, Najmiddin Kubro, Xovand Tohur va Mavlono Ya’qub Charxiy asarlarining tarjima qilinishi va nashr etilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan nufuzli xalqaro minbarlarda ilgari surilgan «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, bu nafaqat ilmiy loyiha, balki Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy vazifa hamdir.

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan ko‘chirib e’lon qilish mumkin

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.