Saytning test versiyasi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
banner

Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida fikrlash madaniyatini shakllantirish yo‘lidagi ilmiy uchrashuv tashkil etildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida buyuk mutafakkir Nuriddin Abdurahmon Jomiyning xalq orasida “Sharhi Mulla” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Favoiduz-ziyoiya” asari xatmi munosabati bilan ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Toshkent islom institutining ikkinchi bosqich talabalari ishtirok etgan mazkur uchrashuv kitob mutolaasining nafaqat bilim manbai, balki fikrlash madaniyatini shakllantiruvchi muhim vosita ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Tadbir davomida talabalar asarni o‘qish jarayonida olgan bilim va xulosalari bilan o‘rtoqlashib, unda ilgari surilgan ilmiy, ma’rifiy va axloqiy g‘oyalar yuzasidan fikr almashdilar. Ustozlar rahbarligida kechgan muhokamalar asar mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash, uning bugungi kun uchun ahamiyatini tahlil qilish hamda undan olingan saboqlarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlandi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov ushbu jarayon haqida to‘xtalib shunday dedi:

“Bugun Toshkent islom instituti ikkinchi bosqich talabalari Abdurahmon Jomiyning arab tili grammatikasi bo‘yicha mashhur asarini muvaffaqiyatli yakunladilar. E’tiborlisi, ushbu asar arab olamida nahv ilmining muhim manbalaridan biri sifatida o‘qitiladi. Talabalar kitobni shunchaki o‘qib chiqish bilan cheklanmay, ustoz-shogird an’analariga muvofiq har bir satrini chuqur o‘zlashtiradilar. Bu kabi tadbirlarning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi alohida ramziy ma’noga ega. Zero, Markaz ilm-ma’rifatni targ‘ib qilish va yoshlarni boy ilmiy meros bilan yaqindan tanishtirish maqsadida barpo etilgan”.

Mazkur tadbirning aynan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida o‘tkazilgani unga alohida ma’no va mazmun bag‘ishladi. Bugungi kunda kutubxona nafaqat nodir qo‘lyozmalar va manbalar jamlangan bilim maskani, balki yosh tadqiqotchilar, tolibi ilmlar va ilm ahlini birlashtiruvchi ma’rifiy muloqot maydoniga aylanib bormoqda.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti Tillar kafedrasi mudiri Ulug‘bek Hasanov esa bu tanlovning ahamiyatini ta’kidlab shunday dedi:

“O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi ajdodlarimizning bebaho ilmiy merosi jamlangan maskan hisoblanadi. Bu yerda Abdurahmon Jomiy va uning ustoz-shogirdlik an’analari bilan bog‘liq buyuk siymo Alisher Navoiy merosiga oid manbalar ham mavjud. Ana shunday ilmiy muhitda o‘tkazilgan tadbir yoshlarda kitob va ilmga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi. Eng muhimi, talabalar kutubxona fondi va nodir qo‘lyozmalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar”.

Tadbir yakunida ishtirokchilar asar yuzasidan fikr va xulosalarini baham ko‘rishdi, uning ilmiy va ma’rifiy ahamiyati haqida mulohaza yuritdilar. Bunday uchrashuvlar talabalarning mustaqil fikrlash, tahlil qilish va ilmiy merosga to‘g‘ri yondashish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi ma’rifatga intilish, kitobga muhabbat va ilm atrofida birlashish an’anasini qaytarish, mazmunli ilmiy uchrashuvlar va ma’rifiy muloqotlar uchun muhim maskan.

Eng ko‘p o‘qilganlar

Barcha yangiliklarni ko‘rish

Markazga tashrif

Markazga tashrifingizni rejalashtiring va ro‘yxatdan o‘ting.